O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 oktyabr kuni Boku shahrida Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozodani qabul qildi.
Uchrashuvda millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni yanada mustahkamlash, konfessiyalararo muloqotni kengaytirish, ta`lim va yoshlarning ma`naviy tarbiyasi masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari bu boradagi xalqaro hamkorlik darajasi tobora yuksalib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Birgalikdagi sa`y-harakatlar zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi samarali kurashish, muqaddas islom dinining sof qadriyatlari va chinakam insonparvarlik maqsadlarini xalqaro hamjamiyatga etkazishga xizmat qilishi ta`kidlandi.
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, o`z navbatida, O`zbekiston Prezidentining islom olamining boy merosini o`rganish va asrab-avaylash bo`yicha tashabbuslarini va bu borada qabul qilinayotgan choralar samarali ekanini qayd etdi.
Ollohshukur Poshshozoda mamlakatlarimiz va butun mintaqada tinchlik, totuvlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta`minlash yo`lida faol muloqot va hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.






