AsosiyJinoyat
2161

Navoiydagi koloniyada mahbuslar qiynoqqa solingani rad etildi

'Navoiydagi koloniyada mahbuslar qiynoqqa solingani rad etildi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda «O`zbekistondagi jazoni o`tash koloniyasida 5 nafar mahkum ochlik e`lon qildi» mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Bu haqda IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi ma`lum qildi.

Unda Navoiy viloyatida joylashgan 5-koloniyada mahkumlar ma`muriyatga kuydirish pechidan issiq g`isht olish va yuklash uchun yangi qo`lqop hamda poyabzal berish to`g`risidagi murojaatlari uchun jazolangani bildirilgan.

Shuningdek, xabarda «koloniya boshlig`i va tartib bo`limi boshlig`i ularning iltimosiga shafqatsizlarcha munosabatda bo`lgani va qiynoqqa solgani, keyin esa izolyatorga joylashtirgani» bayon qilingan. Shundan so`ng mazkur vaziyatga e`tiborni tortish uchun 10 nafar mahkumdan 5 nafari ochlik e`lon qilgan.

Ma`lum bo`lishicha, joriy yil 3 oktyabr kuni Navoiy viloyat IIBga qarashli koloniyada og`ir va o`ta og`ir jinoyatlar sodir etgani uchun jazoni o`tayotgan bir necha mahkum ishga chiqishdan bo`yin tovlagan. Koloniya ma`muriyati tomonidan ularni intizomiy bo`linmaga yuborish tarzidagi qonuniy choralar ko`rilgan.

Mazkur bo`linmada kechki ovqat berilishi chog`ida mahkumlar o`zlariga qo`llangan choraga norozilik tarzida ovqatlanishdan bosh tortgan. Ular bilan tushuntirish ishlari olib borilganidan so`ng ushbu holatga barham berilgan.

«Ushbu vaziyatda koloniya ma`muriyati qonunchilik talablariga rioya etgan holda harakat qilgan, mahkumlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy bosim o`tkazilmagan. Mazkur koloniyada jazo o`tayotganlar tomonidan suisid holatlari kuzatilmagan», — deyiladi xabarda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar