Saylov-2019 davom etadi. O`zbekiston milliy axborot agentligi saytida tadqiqotchi Farzona HAMIDULLAEVAning ayni paytdagi siyosiy partiyalar harakati borasida sharhi e`lon qilindi.
2019 yilning 22 dekabr kuni bo`lib o`tadigan saylovlarga start berilgach, siyosiy partiyalar o`rtasida kechayotgan o`zaro tortishuv va bahs-munozaralar tahlili siyosiy partiyalarning issiq o`rinlaridan cho`chib uyg`onganlarini, hali ham ularning ko`pchiligi uyg`onish pallasida ekanini ko`rsatib qo`ydi.
Buni anglash uchun bir sidra ijtimoiy tarmoqqa nazar tashlashning o`zi kifoya.
O`tgan yili Rossiya media makonida zamonaviy tendensiyalar muhokama qilinganida taniqli teleboshlovchi Andrey Malaxovning “Pust govoryat” ko`rsatuvi kir yuvish mashinasiga qiyoslangan edi.
Agar bizda ham ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilinayotgan bir haftalik “siyosiy kurash” chuqurroq tahlil etilsa, partiyalarning chindan ham uyqusirash holatida ekanini, ayrim partiyalar esa “kir yuvish” bilan ovora bo`layotganlarini ko`rish mumkin bo`ladi.
Ijtimoiy tarmoqda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Alisher Qodirov birinchi marta jiddiy chiqish qilib, partiya va uning tarafdorlari tomonidan ilgari surilayotgan g`oyaning asl mohiyatini ochib berdi va partiya uchun milliy manfaatlar eng ustuvor masala ekanini ta`kidladi. Bunday qarash ayniqsa, Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga O`zbekistonning kirishi bilan bog`liq masalada yaqqol ko`zga tashlandi.
Tan olib aytish kerakki, Alisher Qodirovning Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a`zo bo`lishdan oldin etmish marta o`ylash kerak qabilidagi keskin fikrlariga ko`pchilik tahlilchilar, yirik OAV vakillari va hatto partiyaga o`gay munosabatda bo`lib kelayotgan blogerlar ham o`ziga xos munosabat bildirdilar.
Aholi, ayniqsa, siyosiy partiyalar bunday fundamental chiqishga qanday munosabat bildirish haqida bosh qotirayotgan bir paytda O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo`mitasining Xalqaro munosabatlar bo`limi boshlig`i Azamat Seitovning anchayin puxta javob maqolasi ham e`lon qilindi.
To`g`ri, ayni paytda ushbu mavzuning saylov yakuniga qadar davom etishi, ayni shunday mavzular mamlakat siyosiy maydonidagi ikki asosiy kurashchi partiya o`rtasida qizg`in munozaralarga sabab bo`lishi bejiz ta`kidlanmayapti.
Ammo ko`p hollarda “siyosiy bahs”larning dahanaki jangga aylanib borayotgani garchi ijtimoiy tarmoqlarda ko`proq muhokama qilinayotgan bo`lsa-da, asl saylovchilar e`tirozini keltirib chiqarayotganidan ko`z yummaslik kerak.
Mana bir misol. Ayrim blogerlarning “Milliy tiklanish” bayrog`ini ko`tarib, suratga tushgan qizlarni chuqur o`ylamasdan muhokama qilayotganlarini tushunish qiyin.
Ma`lumotlarga qaraganda, ushbu suratlar “Adolat” buyurtmasi asosida ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan. Bilamizki, “Adolat” juda katta tajriba va “mehnat staji”ga ega partiya. Nahotki, ushbu partiya bugunga kelib g`oyaviy jihatdan shu darajada qashshoqlashib qoldi.
“Adolat”chilar ayollar, opa-singillarimizga qanday yubka kiyishni o`rgatgandan ko`ra, ming-minglab yurtdoshlarimizni, ayniqsa, qishloqlardagi aholining haqli e`tirozlariga sabab bo`layotgan soha – sog`liqni saqlash tizimini yaxshilash yo`llarini izlasa, tizim mutasaddilariga jo`yali takliflar bersa, maqsadga muvofiq bo`lmaydimi? Chunki, aynan “Adolat” uzoq yillardan beri ushbu tizim uchun islohotlarni o`z zimmasiga olgan partiya sifatida faoliyat olib borayapti.
Ochig`i, ushbu partiya vakillarining ayrim chiqishlari ota-ona mehriga zor bo`lib o`sgan, injiq va o`ta e`tibortalab farzandning xatti-harakatlarini eslatib yuboryapti.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda partiya yoshlar qanoti faollaridan biri “Milliy tiklanish” etakchisi Alisher Qodirovning o`ziga ishonchi bo`lmagani holda mitinglarda so`zga chiqayotganini tanqid qilibdi. Eng qizig`i, yosh “adolatchi” o`z fikrlarini tovuqlar yoki xo`rozlar haqidagi mujmal mulohazalar bilan yakunlabdi.
Moliyaviy jihatdan anchayin qiynalib qolgan ushbu partiya etakchilari bundan olti oycha muqaddam Toshkent shahri tarkibidagi tuman partiya kengashlari rahbarlarini yig`ib, har oyda 1 mln. so`mdan a`zolik badallari tushirgan kengashlargagina oylik berilishini ma`lum qilganlarini eshitgandim.
"Cho`kayotgan odam xasga ham, xashakka ham yopishadi", deyishadi.
Agar partiya o`zining siyosiy maydondagi mavqei, obro`-e`tibori mustahkam ekanini his etganida, shubhasiz, boshqa bir partiya rahbarining o`ziga ishonchi bor, yo`qligi haqida emas, siyosiy raqibining saylovoldi dasturlari, parlamentdagi, hech bo`lmaganda hududlardagi faoliyatini tahlil etib, so`ngra yuqoridagidek chiqishlar qilgan va saylovchilarga qiyoslash imkonini yaratgan bo`lardi.
To`g`ri, ayrim ekspertlar boshqa partiyalar qatori “Adolat” ham o`tgan besh yilda o`z “tomorqasiga” nima ekkan bo`lsa, shuni o`ryapti, ustiga-ustak, “Adolat”ning “karam” ekilgan aksariyat egatlarida qizil shalg`om unib chiqqani partiyaning “og`ir mehnati” natijasi, deya xulosa chiqarishyapti.
Albatta, bunday xulosalar hali yakuniy emas. Asosiy kurash hali oldinda. Lekin nima bo`lganda ham siyosiy partiyalar saylovning eng qizg`in pallasi yaqinlashayotganini, O`zLiDeP uchun “Go`sht” masalasi, “Milliy tiklanish” uchun esa “Quloqsiz deputat masalasi” avval yo`l qo`yilgan xatolarning bir qirrasi ekanini tushunib olishlari kerak. Chunki haqiqiy kurash hali teledebatlarda, partiya faollari, xususan, etakchilarning yuzma-yuz bahs va munozaralarida ko`rinadi.
Tan olish kerak, “Milliy tiklanish” o`zining anchayin og`ir va mulohazali chiqishlari , vazmin maqolalari bilan saylov taqdirini hal etishi mumkin bo`lgan haqiqiy saylovchilar e`tiborini qozonishga harakat qilyapti. Partiya bannerlaridagi “KUTING!” so`zi ham 300 mingdan ziyod a`zosi bo`lgan partiyaga nisbatan aholi e`tiborini kuchaytirdi. Ayniqsa, “Milliy tiklanish”ning parlamentni xalq uyiga aylantiramiz, degan da`vatlari ertasini o`ylagan har bir saylovchi uchun o`ziga xos chaqiriq sifatida yangradi.
Kuni kecha matbuotda O`zLiDeP tomonidan “Milliy tiklanish”ga yana bir g`alati ayb qo`yilgani ma`lum bo`ldi. Unda yozilishicha, go`yoki “Artel” “Milliy tiklanish”ni go`yoki siyosiy “krsha”ga aylantirgan emish.
O`tgan o`n besh yil davomida O`zLiDeP hukumat partiyasi sifatida yuzlab korxona va tashkilotlarni “optom” a`zolikka qabul qilganida hech kim hech narsa demagan edi, deb yozadi “Milliy tiklanish”chilar. Chunki bu jarayon “qonuniy” asoslarda tashkil etilgani ma`lum qilingandi. Bugunga kelib, “Artel”chilarning “Milliy tiklanish”ni tanlaganlari tadbirkorlar partiyasini chindan ham sarosimaga solgan ko`rinadi.
Eng qizig`i, ushbu da`vo oddiy odamlar ko`nglidan joy olgan mashhur deputat Rasul Kusherbaev nomidan ilgari surildi.
“Milliy tiklanish”chilar esa bunday “salb yurishini” O`zLiDePcha siyosiy jazava, deb atadilar. Bu ham mamlakat siyosiy maydonida qaysi partiya qanday g`oya va maqsadlarni ilgari surayotganini, bu jarayonda kim aslida kim ekanini, qaysi partiya qanday usul va uslublar, piar texnologiyalardan foydalanib, ovoz olishga urinayotganini ko`rsatyapti. Yuqoridagidek holatlar chiroyli shiorlar, balandparvoz chiqishlar, partiya bayroqlari bilan bezantirilgan mitinglar partiyalarning asl qiyofalarini ochib berishini anglamaydi, degani hamdir.
Bundan tashqari, kutilmaganda “Milliy tiklanish”ning Rossiyaga borib, eng chekka hududlarda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ochiq muloqotlar tashkil etgani, partiya etakchilari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan Moskva shahridan 400 km. uzoqlikda joylashgan Safonova shaharchasidagi qamoqxonaga kirib, nohaq qamalgan 23 yoshli o`zbek yigiti bilan uchrashganlari bundan bir oycha oldin O`zLiDePning Rossiyaning eng katta “og`a” partiyasi taklifini qabul qilib, Moskvaga borgani va “Edinaya Rossiya” partiyasi kotibi bilan imzolagan shartnomasini chilparchin qildi, deyish mumkin.
Ha, chindan ham saylovlarda asosiy kurash ikki partiya o`rtasida kechadi, degan fikrlar bejiz emasga o`xshayapti.
Xulosa qilib shuni aytish joizki, saylovchilar saylanuvchilarning har bir xatti-harakatlarini zimdan kuzatib, ular faoliyatiga baho bermoqdalar.
Demak, “Milliy tiklanish”ning reklama bannerlarida aytilganidek, biz ham yakuniy xulosalar e`lon qilingunicha “kuting” deb qolamiz.