AsosiyJamiyat

O`zbek tili davlat tili (emas)

'O`zbek tili davlat tili (emas)'ning rasmi

Hasanxon Yahyo Abdulmajid feysbukdagi sahifasida o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to`lganligi bilan o`z munosabat bildirgan. Unda muallif o`ttiz yildirki, birgina til borasidagi qonunni eplab joyiga keltira olmayotganimiz qattiq tanqidga olingan. Qog`ozda davlat tili maqomi berilgan, lekin voqelikda uni davlat uchun til deb yuz foiz qabul qilmaganligidan kuyinadi. Shaharchalarga qo`yilayotgan ajnabiycha so`zlarni tanqid qiladi. Quyida uning maqolasini  e`tiboringizga havola etamiz. 

"- Afsuski, o`zbek tilini o`zidan eng uzoq tutayotgan qatlam o`qituvchilar, olimlar yoki boshqalar emas, aynan davlat muassasalari bo`lmoqda. Buni bilish uchun juda katta tadqiqot kerak emas, ko`plab idoralarda oddiy hujjatlardan tortib, qonun-qoidalargacha hanuz rus tilida tuzilayotgani so`zimizga yorqin dalil bo`la oladi. Hozirgacha davlat qonunlari rus tilida yoziladi, o`qiladi, muhokama qilinadi va keyin kimdir hafsala qilsa, o`zbek tiliga o`giriladi. Bekorchi tarjimon topilmasa, qonunlar tarjima qilinmay qolib ham ketaveradi. Eng achinarlisi, aslida boshqa tilda yozilgani uchunmi yoki tarjima no`noqmi, ko`pincha qonunlarning o`zbek tilidagi nusxasini o`qib yaxshi tushunmaydi odam. Mazmun-mohiyatdan tashqari, gap va jumla tuzishlar ham tabiiy o`zbekcha emas. Kamiga tarjima qilinmay qolgan so`zlar haddan tashqari ko`p", deydi muallif.

Tilmiz bir joyga nom bera olmaydigan darajada yaroqsizmi?

"-O`zbek tili davlat tili bo`la olmayotganini hukumat tarafidan qurilayotgan inshootlar, muassasalarning nomlarida ham ko`rish mumkin. Kamiga ular haqida uzatilayotgan xabarlarda o`sha nomlar bira to`la ajnabiycha yozuvda berilmoqda. Masalan, “Xalq so`zi” gazetasida berilgan ushbu sarlavhaga e`tibor bering: “Tashkent City”: “Hilton”dagi davlat rahbarlari uchun mo`ljallangan nomerlar qanday ko`rinishda?
Sarlavhadagi har bir ajnabiycha so`zni tahlil qilsak, gap cho`zilib ketadi. Birgina “Tashkent City” jumlasini olaylik. Nega kirill alifbosida yozilgan maqolada “Tashkent City” lotin alifbosi harflari bilan, ajnabiycha bitilgan? Matbuotni kuzating, bu nom hamisha ajnabiycha shaklda qayd qilinmoqda: “Prezident “Tashkent City” loyihalari bilan tanishdi”, “Davlatimiz rahbari “Tashkent City” xalqaro biznes markaziga tashrif buyurdi” va hokazo. Nega endi kirill yozuvidagi gazetada aynan shu ibora faqat ajnabiycha yozilishi kerak? Bu inshoot o`zi qaerda qurilyapti, O`zbekistondami yo boshqa joydami? Bu shaharcha o`zbeklarga tegishlimi yoki inglizlargami? Nega uni o`zbekcha nomlashdan qochiladi? Tilmiz shu bitta joyga nom bera olmaydigan darajada yaroqsizmasdir?
Aslida bu majmuani “Toshkent shaharchasi”, “Shosh kent”, “Yangi Shosh” yoki shu kabi o`zbekcha ibora bilan nomlasa ham bo`lar edi. Juda birovlar tushunmay qoladi-da, deyilsa, yoniga ajnabiycha nomni ham ilova qilish mumkin. Boring ana, davr talabi, xalqaro iste`moldagi so`z bo`lsin degan o`yda nom tanlanganda ham uni “Toshkent siti” deb yozsa, nimasi chatoq? Masalan, ruslar shunday qilishadi: rasmiy matbuotlarda ham “Moskva siti” deb yozishadi. Xo`sh, shu bilan o`sha sitining bozori yurmay qoladimi? Yoki bu bilan ruslar boshqalar oldida obro`sizlanib qoldimi? Yo`q, aksincha, o`z tilini hurmat qilgan xalqni boshqalar ham hurmat qiladi. Juda ajnabiyparastligimiz qo`ymayotgan bo`lsa, keling, ruslardan o`rnak olaylik, “Toshkent siti” deb yozaylik.
Qaysi o`zbek “City” so`zini inglizchasiga o`qiydi? Ingliz tili talaffuz qoidasini bilmagan odam uchun bu so`z nihoyatda tushunarsiz yozilgan. Agar uni bizda qabul qilingan lotin harflari bilan ifodalansa ham bu tarzda yozilmaydi.
Mazkur shaharchani O`zbekiston bag`ridagi Evropa qilishmoqchimi, bilmadim, u erdagi asosiy binolar ham ajnabiycha nomlangan. Masalan, shaharchada mamlakatdagi eng baland bino qurilmoqda, 50 qavatli. Haqiqatan, bu inshoot o`lka tarixidagi eng baland uy bo`lmoqda.

 O`zbek o`zbek bo`lib o`z yurtidagi eng baland binoni qurmoqda, ammo nomi inglizcha: NEST ONE

"- Kamiga, bu ham haligiday “daxlsiz”, “muqaddas” jumla, tarjima ham qilinmaydi, uni lotinchadan boshqa alifboda yozib ham bo`lmaydi. Tilni oyoq osti qilish bunchalik emasa‑da, jo`ra!
Yaxshi izlansa, shu binoga ham o`zbekcha nom qo`yish mumkin edi. Masalan, «Tanho», «Tanho bino», «Cho`qqi» va hokazo. Aslida xorijliklar uchun mana shunisi jozibali bo`ladi. Lekin biz o`ta “mehmondo`st”ligimizdan har bir og`aga: «Biz sizlardanmiz, tilinglarni yaxshi bilamiz, bu er o`z yurtingiz», deb yaltoqlanishga o`rganib qolganmizmi, ularni ko`rganda tilimizni ham yutib yuboramiz.
Xullas, bunyodkori o`zbekmi, uning dastxati qurgan binosida yaqqol ko`rinishi kerak va bu o`sha quruvchining o`zligini yo`qotmaganidan darak beradi. Dastxat avvalo nomlarda namoyon bo`ladi.
Ochig`ini aytganda, rasmiy matbuotda o`zbek tiliga bo`lgan e`tiborsizlik anchagina yuqori. Yana ham aniqrog`i, bu borada davlat muassasalari etakchilik qilib kelmoqda. Aslida ular tilshunoslarni jalb qilib bo`lsa ham, o`zbek tilining boyligini xalqqa namoyon etish, yangi so`z va iboralarni o`zbekcha talqinini joriy qilishda bosh‑qosh bo`lishlari kerak. Chunki o`zbek tili davlat tili deb qo`yilibdi."

O`zbek tili chin ma`noda davlat tili maqomiga erishishi uchun davlatning qarovi kerak

"Bir yilda bir jo`sh uradigan maqolalar, qanaqadir faollarning harakati bilan maqsad hosil bo`lmaydi. Davlat o`z faoliyatining har bir qadamida o`zbek tilining davlat maqomiga ega ekanini namoyon qilib turishi lozim. Yana ham aniqroq qilib aytganda, o`zbek tilini avvalo davlat o`zi seva olishi, qadrlashi kerak. Ana shunda u boshqalarni ham o`z tilini ‒ davlat tilini hurmat qilishga, unga rioya qilishga unday oladi, buni nazorat qila biladi va ana shunda til haqida so`zlash unga yarashadigan bo`ladi.
Bu muammoga sabab sifatida kimdir: «O`zbek tilida hozirgi qator atamalarning tarjimasi yo`q-da», deyishi ham mumkin. To`g`ri, ayrim xalqaro istilohlarni bor holicha qabul qilish mumkindir. Lekin bunday so`zlar sanoqli bo`ladi, qolganini baribir tarjima qilish kerak. Shu bilan birga, ana shunday atamalarni qabul qilganda ham uni o`zbek tili talaffuziga moslashtirish darkor. Talaffuzini moslash u yoqda qolib, ajnabiycha yozib yurish kerak emas.
Ko`hna zaminimizda davlatchilik qadimdan yaxshi rivojlanib kelgan. Binobarin, ko`plab siyosiy istilohlar uchun ham o`zbek tilida muqobil so`z topish mumkin. Faqat buning uchun izlanish kerak, qadimgi hujjatlarni titkilash kerak, mutaxassislarni ishga solish kerak. Eng muhimi ‒ shuni zarur deb anglash lozim.
Shu o`rinda yana bir fikr. Agar ma`lum bir so`zning o`zbek tilida tarjimasi topilmasa, uning uchun yangi so`z tuzish, yangi nom topish ham mumkin. Axir shu paytgacha ajdodlarimiz shu zaylda yangi so`zlar, ismlar kafsh etishgan. Axir so`zlar ularga vahiy bo`lib tushmagandir? Biz ham tilning imkoniyatidan kelib chiqib, qo`rqmasdan yangi so`zlar yasashga, mavjud so`zlarga yangi ma`nolarga yuklashga harakat qilsak bo`ladi.
Misol uchun, «Oltin silsila» loyihasida burunga tomiziladigan dorilar uchun umumiy nomni anglatuvchi arabcha «sa`uutun» so`zini «buruntomizg`i» deb tarjima qildik. To`g`ri, o`zbek tilida bunday so`z yo`q, ammo uni kiritishga monelik ham yo`q, o`zbek o`quvchining zavqi buni qabul qiladi.
Yana bir misol. Hozirda uyali aloqadan foydalanish usullaridan birortasini ishga tushirishni “faolllashtirish” deb yuritish iste`molda keng qo`llanmoqda. Aslida faollashtirish deganda mavjud ish‑harakatning qizg`inroq tus olishi tushunilar edi. Ammo yangi iste`molga ko`ra u ma`lum amalni boshdan ishga turishni bildirmoqda. Yana biri – “ilova” so`zi. Uni jihozlardagi dasturchalarga nisbatan ham ishlatilmoqda va asta-sekin odamlar uni qabul qilmoqda. Xuddi shu kabi ayrim mavjud so`zlarni ma`lum bir harakat yoki narsaga ishlatish orqali unga yangi ma`no yuklash mumkin. Tildagi ushbu xususiyatdan unumli foydalanish ayni muddao bo`ladi.

O`zbek tili davlat maqomiga erisholmayotganiga oliftalar ham sababchi

"Odatda har yili oktyabr oyida matbuotda til haqida gaplar aylanib, televizorda tilshunoslar ko`rinish berib qolishadi, keyin shu bo`yi tomoshabinlar bilan bir yilga xayrlashishadi. Aslida til bo`yicha har hafta, iloji bo`lsa, kun ora mana shunday ko`rsatuvlar berib borilishi kerak. Unda tilning xususiyatlari o`rgatilishi, mavjud muammolar o`rtaga tashlanishi, muhokama qilinishi lozim. Biror ish-harakat yoki buyumga nom berish uchun e`lon berib, xalqdan fikr olish ham mumkin. Odamlardan kutilmagan javoblar bo`lishi tayin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar ‒ konlardir» (Buxoriy rivoyati), deb bejizga aytmaganlar. Bu borada turklarda, forslarda anchagina faollik bor. Ular yangi yaratilayotgan zamonaviy uskunalarga ham nom berish uchun bosh qotirishadi, muhokama qilishadi va ko`pincha yaxshi natijaga erishishadi. Bu kabi ishlar ham davlat tarafidan uyushtirilishi, yurgizilishi darkor. Buning uchun davlat o`zbek tilini chindan ham o`z tili deb e`tirof etishi va buni amalda ko`rsata bilishi lozim.
Til haqida harchand gapirilsa ham, maqolalar yozilib, televizorda muhokamalar qilinsa ham, ko`zlangan maqsad hosil bo`lmayotganining sabablaridan biri ‒ xalqimiz ruhiyatida o`zlikni anglash, ona tilini sevish etishmayotgani bo`lsa, ajab emas. Yashirib nima qilamiz, o`z ona tilida gaplashishni o`ziga ep ko`rmaydigan o`zbeksimon oliftalar qancha. Bularning barchasi odamlarda milliy g`urur, o`zlik tuyg`usi emirilganidan darak beradi.
Biz tilni asrash uchun, uni rivojlantirish uchun avvalo yoshlarimizda, rahbaru fuqaroda o`zlikni anglash ruhini shakllantirishimiz, ularga o`zbek tilini tanitishimiz, sevdira olishimiz darkor. Tanimasa, sevmaydi. Demak, biz odamlarimizga tilimizning boyligini, go`zalligini uqtira bilishimiz kerak. Buning uchun o`zbek tili tom ma`noda davlat tili maqomiga ega bo`lishi lozim."

    Boshqa yangiliklar