Joriy yilning 26-29 oktyabr kunlari poytaxtimizdagi "Panorama" kinoteatrida milliy multfilmlar namoyish etiladi. Xohlovchilar uchun kirish bepul.
28 oktyabr kuni bevosita Toshkentda bo`lib o`tadigan Xalqaro Animasiya kunida "O`zbekistonda animasiyani rivojlantirishga to`sqinlik qiladigan omillar va muammolarni hal qilish yo`llari" mavzusida konferensiya bo`lib o`tadi. Tadbir "O`zbekkino" va "Animasiya filmlari" Davlat Unitar Korxonalari tomonidan tashkil etildi. O`zbekiston animasion harakatining rahbari Dmitriy Vlasov bo`lajak konferensiya haqida batafsil gapirib berdi:
“Anjuman doirasida biz o`quv yurtlarida kadrlarni tayyorlash, o`qitishdagi muammolar va xorijiy studiyalar bilan tajriba almashish, o`zbek animasiyasida milliy qahramonni tanlash muammolari va sohaning boshqa muhim jihatlari bilan bog`liq bo`lgan masalalarni muhokama qilamiz. Konferensiyaning faxriy mehmoni Qozog`iston Animatorlar uyushmasi raisi, rejissyor va rassom Gali Mirzashev bo`ladi.
Tadbir bayramona konsert dasturi bilan yakunlanadi. Kechqurun EOAVMA media-xollida bayram tadbiri o`tkaziladi. Unga pantomima ustalarining chiqishlari, yangi multfilmlar namoyishi va mahalliy multfilmlar yaratuvchilarini taqdirlash marosimi kiritilgan.
"O`zbekkino" Milliy agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov ichki animasiyani rivojlantirishning asosiy vazifalari haqida gapirdi:
"Mahalliy animasiya o`z tarixiga ega va biz uni ommabop, talabgor va sifatli qilishimiz kerak. Ammo bizda moddiy-texnik baza va professionallik etishmayapti. Tadbirlarning maqsadi nafaqat jamoatchilik e`tiborini mahalliy multfilmlar yaratuvchilarining yutuqlari va muammolariga jalb qilish, balki eng muhimi, mahalliy rejissyorlarga tomoshabinlar, birinchi navbatda bolalar, tomonidan talab qilinadigan mahsulotlar yaratish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratadigan samarali takliflarni ishlab chiqishdir. "