Transfermarkt sayti o`zbekistonlik futbolchilarning ham narxlarini e`lon qilgan. «Uff.uz» sayti «Furkat.uz»ga asoslanib eng qimmat o`zbekistonlik futbolchilarning TOP-12 taligini taqdim etdi. Boisi ayna 12 nafar futbolchimiz 400 ming evrodan yuqoriroq baholangan.
10-12. Abbos Mahstaliev
- Jamoasi: «Paxtakor»
- Narxi: 400 ming evro
- Yoshi: 20
Umidli yosh yarim himoyachi sayt ijdokorlari tomonidan 400 ming evroga baholangan. So`nggi paytlarda Mahstalievning o`yinlarida pasayish yuzaga kelgandek. Abbos o`z ustida tinimsiz tarzda ishlab, terma jamoaning etakchilari safidan o`rin egallasa, uning narxi ancha balandalashiga hech qanday shubha yo`q.
10-12. Vadim Ofonin
- Jamoasi: «Gazovik» (Rossiya)
- Narxi: 400 ming evro
- Yoshi: 27
Ofonin ham 400 ming evroga baholangan. Vadim bugungi kunda Rossiya quyi divizioni vakili «Gazovik» safida to`p surmoqda. Uni yaqin orada Rossiya Premer Ligasida harakat qiluvchi biror jamoada o`ynashiga umid qilish qiyin. Biroq unda «Gazovik» safida o`zini ko`rsatib, terma jamoaga nomzod bo`lish imkoni bor.
10-12. Artyom Filiposyan
- Jamoasi: «Lokomotiv»
- Narxi: 400 ming evro
- Yoshi: 27
Sayt ekspertlari Filiposyanni ham 400 ming evroga baholashgan. Artyomning himoyachi ekanligini inobatga oladigan bo`lsak, unga berilgan narx chakki emas. Biroq shaxsiy fikrimcha Islom To`xtaxo`jaev yoki Anzur Ismoilov unga qaraganda qimmatroq bo`lsa kerak.
8-9. Jamshid Iskandarov
- Jamoasi: «Paxtakor»
- Narxi: 500 ming evro
- Yoshi: 21
«Paxtakor»ning yosh va umdili yarim himoyachisi Iskandarov 500 ming evroga baholangan. Umuman olganda bu Jamshid uchun chegara emas va u yaqin kelajakda 5-6 million evroga baholanishi mumkin. Buning uchun futbolchi albatta o`z ustida tinimsiz ishlashi va katta mehnat qilishi lozim bo`ladi.
8-9. Aziz Haydarov
- Jamoasi: «Al Shabab» (BAA)
- Narxi: 500 ming evro
- Yoshi: 29
Haydarov mana bir necha yildirki BAA milliy chempionatida ishonchli tarzda to`p surmoqda. Azizda o`z vaqtida Evropa jamoalarida to`p surish imkoniyati mavjud edi. Shunday bo`lsa ham u Osiyo futbolida o`z o`rnini topib keta oldi. Uning 29 yoshda ekanligini inobatga olsak, bu narx Haydarov uchun yomon emas.
6-7. Nikolay Markov
- Jamoasi: «Krasnodar» (Rossiya)
- Narxi: 800 ming evro
- Yoshi: 29
Markov 800 ming evroga baholangan. Uning buncha baland narxlanishiga «Krasnodar»dagi ajoyib o`yinlari o`yinlari sababdir. Kim biladi deysiz agar Nikolay terma jamoa safida ham to`p surganida balki, bundan ham baland narxlangan bo`larmidi.
6-7. Aleksandr Geynrix
- Jamoasi: «Lokomotiv»
- Narxi: 800 ming evro
- Yoshi: 30
30 yoshli Geynrix uchun 800 ming evro to`laydigan jamoa topilmasa kerak. Biroq sayt xodimlari unga shuncha narx belgilashgan. Afsuski Sasha terma jamoadagi o`rnini yo`qotdi va endigidan buyon uning narxi keskin tarzda pasayishi ehtimolligi ancha baland.
5. Sanjar Tursunov
- Jamoasi: «Vorskla» (Ukraina)
- Narxi: 900 ming evro
- Yoshi: 28
Tursunov mana bir necha yildirki Rossiya va Ukraina chempionatlarida nisbatan olganda yaxshi to`p surmoqda. Shu bois ham Sanjar 900 ming evroga baholangan. Tursunov Osiyo kubogida o`zini ko`rsata olsa, millionlik marrani ham zabt etishi mumkin.
4. Ignatiy Nesterov
- Jamoasi: «Lokomotiv»
- Narxi: 1 mln.evro
- Yoshi: 31
Nesterov bugungi kunda Osiyoning eng kuchli darvozabonlar beshligiga kiradi. Ignatiy 10 yildan oshiq vaqt mobaynida terma jamoaning asosiy darvozaboni bo`lib kelmoqda. Shu bois ham unga 1 mln.evrolik narx belgilangan. Umuman olganda 31 yoshli darvozabon uchun bu yaxshi narx.
3. Server Jeparov
- Jamoasi: «Seongnam» (Janubiy Koreya)
- Narxi: 1,3 mln evro
- Yoshi: 31
Osiyoning 2 karra eng yaxshi futbolchisi 1,3 mln evroga baholangan. Tan olish lozimki so`nggi 2−3 yilda Serverning ho`yinlarida pasayish kuzatildi. Jeparovning narxi hattoki 4−5 mln evroga ham ko`tarilgandi. Agar u ham Osiyo kubogida ikkinchi yoshligini o`tkaza olsa, narxi nisbatan ko`tarilishi mumkin.
2. Vitaliy Denisov
- Jamoasi: «Lokomotiv» (Rossiya)
- Narxi: 5 mln.evro
- Yoshi: 27
«Lokomotiv»ning etakchilaridan biriga aylangan Denisov 5 mln evroga baholangan va bu real narx. Boisi Ispaniyaning «Vilyarreal» jamoasi Vitya uchun 5 mln evro taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Denisov OK−2015 da ajoyib o`yinlarini namoyish eta olsa, ajab emaski uni kuchli beshlik jamoalari safida ko`rib qolsak.
1. Odil Ahmedov
- Jamoasi: «Krasnodar» (Rossiya)
- Narxi: 6 mln evro
- Yoshi: 27
O`zbekistonning eng qimmat futbolchisi deb Ahmedov e`tirof etilmoqda. Odil oxirgi 4 yil ichida Rossiya chempionatining eng kuchli futbolchilari qatorida tilga olinib keldi. Unga hattoki «Arsenal» qiziqayotganligi haqida xabarlar tarqaldi. Osiyo kubogi Ahmedov uchun kuchli beshlik chempionatlariga o`tish uchun so`nggi imkoniyat bo`lishi mumkin. Umid qilamizki, yarim himoyachi Avstraliyada yorqin o`yinlari bilan yanada kuchli jamoalarning e`tiborini o`ziga qaratadi.
Yuqoridagi narxlar o`yinchilarning so`nggi 2−3 yildagi harakatlariga asoslanib belgilangan bo`lsa ajab emas. Ochig`i men ushbu ro`yhatda Sardor Rashidov ham joy olishini kutgan edim. Sardor ham OK-2015 da o`zini ko`rsata olsa, eng qimmat futbolchilar o`nligidan joy olishiga shubha yo`q. Darvoqe, kuchli yigirmatalikdan joy olgan qolgan futbolchilar quyidagilar: Islom Inomov, Ilhom Suyunov, Islom To`xtaxo`jaev, Bahodir Nasimov, Lutfulla To`raev, Egor Krimes, Akmal Shorahmedov va Diyor Turopov. Ular sayt ijodkorlari tomonidan 350 ming evrodan baholanishgan.





