Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi davlatlari o`zlarining sport musobaqasini yo`lga qo`ymoqchi. Birinchi MDH davlatlari o`yinlari kelasi yil Rossiya Federasiyasida o`tkaziladi. Bu xabarni MDH portali ma`lumotlariga asoslanib Qalampir.uz tarqatdi.
MDH davlatlari o`yinlari musobaqasini o`tkazish to`g`risidagi qaror Moskvada o`tgan Hamdo`stlik davlatlari Hukumat rahbarlari kengashi yig`ilishida qabul qilindi.
MDH o`yinlarining vazifalaridan biri Hamdo`stlikka a`zo davlatlarning milliy sport turlarini tarixiy meros sifatida saqlab qolish, xalqaro maydonlarga olib chiqish va ularni rivojlantirishdan iborat. Musobaqa ikki yilda bir marta o`tkaziladi. Birinchi musobaqa RFda, keyin alifbe ketma-ketligida boshqa davlatlarda o`tkaziladi.
MDH o`yinlarini o`tkazish bo`yicha hujjat loyihasi 10 oktyabr kuni Ashxobodda MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig`ilishida ma`qullangandi. Mazkur musobaqadan MDH davlatlarida keng tarqalgan olimpiya o`yinlariga kiritilgan va kiritilmagan sport turlari joy oladi.
Musobaqa 10 kun davom etadi. Musobaqani qachon, qaerda o`tkazilishi MDH davlatlarining Jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik qilishi to`g`risidagi bitim ishtirokchilarining Jismoniy tarbiya va sport kengashi tomonidan qabul qilinadi.
Biror davlat o`yinlarni o`tkazish uchun mezbonlik qilish taklifi bilan chiqsa, Kengash bu to`g`rida qaror chiqarish huquqiga ega bo`ladi.