27 oktyabr kuni Xitoyning Uxan shahrida VII Butunjahon harbiy sport o`yinlari yopilish marosimi o`tkazildi, deb xabar berdi mazkur musobaqalarni o`tkazuvchi tashkilot (CISM) sayti.
109 mamlakatdan 9,3 ming nafar harbiy sportchi qatnashgan musobaqada O`zbekiston delegasiyasi umumjamoa hisobida 9-o`rinni band etdi. Jamoamiz o`z hisobiga 8 oltin, 7 kumush va 5 bronza medalni yozib qo`ydi.
O`zbekiston Mudofaa vazirligi sport klublaridan tashkil topgan terma jamoamiz 27 ta sport turining 6 tasi — boks, dzyudo, taekvondo, engil atletika, ot sporti va tennis bo`yicha bellashuvlarda qatnashdi.
Ettinchi butunjahon harbiy sport o`yinlari g`olibligi mezbonlar — xitoyliklarga nasib etdi: 133 oltin, 64 kumush va 42 bronza medal. Ikkinchi — Rossiya, uchinchi — Braziliya.
Keyingi o`rinlarda: Fransiya, Polsha, Germaniya, Shimoliy Koreya, Bahrayn, O`zbekiston, Ukraina, Italiya, Qozog`iston, Belarus, Eron.