AsosiySiyosat

Toshkent ShHTga a`zo davlatlarning Hukumat rahbarlarini qabul qilmoqda

'Toshkent ShHTga a`zo davlatlarning Hukumat rahbarlarini qabul qilmoqda'ning rasmi

Toshkent shahrida 1-2 noyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a`zo davlatlar Hukumat rahbarlari (Bosh vazirlari) kengashining navbatdagi majlisi bo`lib o`tadi. Tadbirning asosiy vazifalaridan biri ShHTga a`zo davlatlar o`rtasidagi ko`p tomonlama savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni yanada faollashtirishga oid qo`shma qarorlar qabul qilishga qaratilgan. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Majlisda tashkilotga a`zo 8 davlat, 4 kuzatuvchi mamlakat (Afg`oniston, Belarus, Eron, Mo`g`uliston) va 10 ga yaqin xalqaro tashkilotning yuqori martabali delegasiyalari ishtirok etadi.

ShHTga 2001 yil asos solingan. Tashkilot bugungi kunga kelib Evrosiyo mintaqasida muhim rol o`ynayotgan to`laqonli tuzilmaga aylandi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan eng muvaffaqiyatli “yosh” tashkilotlardan biri sifatida qabul qilinmoqda.

Evrosiyoning uchdan ikki qismini egallagan ShHT ulkan salohiyatga ega. Tashkilot mamlakatlarida 2 milliarddan ziyod iqtisodiy faol aholi istiqomat qiladi. Bu erda barcha texnologik klasterlar, tabiiy boyliklar mavjud. “ShHT oilasi”ga mansub davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi dunyo ko`rsatkichining 20 foizidan ko`pini tashkil qiladi.

Tashkilot 18 yil mobaynida taraqqiyotning ulkan yo`lini bosib o`tdi. 2017 yil tashkilotga Osiyoning ikki etakchi mamlakati – Hindiston va Pokistonning a`zo bo`lishi bilan ShHT global kun tartibiga ega eng yirik mintaqaviy tashkilotga aylandi. Bugun ShHT faoliyati siyosat, xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikdan tortib ekologik mavzugacha bo`lgan keng ko`lamli masalalarni qamrab olgan.

O`zbekiston ShHTning ta`sischi davlatlaridan biri sifatida muntazam tarzda tashkilot doirasidagi ko`p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash, uning xalqaro obro`-e`tiborini oshirish yo`lida sa`y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda.

Rasmiy Toshkent ShHT mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash masalalari bilan bir qatorda, unga a`zo davlatlarning, jumladan, tashkilot hududining ulkan transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanish orqali iqtisodiy taraqqiy etishida muhim rol o`ynashi mumkin, deb hisoblaydi.

Shu munosabat bilan O`zbekiston so`nggi yillarda tashkilot faoliyatidagi ishtirokini sezilarli darajada faollashtirdi, uning ishini ko`plab yo`nalishlarda yanada mukammallashtirish bo`yicha salmoqli tashabbuslarni taklif qildi. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev davlat rahbarlarining Ostona, Sindao va Bishkek sammitlarida siyosat, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, ilm-fan, ta`lim va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy takliflarni ilgari surdi.

Toshkent tashabbusi bilan temir yo`l ma`muriyatlari rahbarlari uchrashuvining mexanizmi, mamlakatimiz poytaxtida ShHT xalq diplomatiyasi markazi, Samarqandda “Ipak yo`li” xalqaro turizm universiteti kabi yangi platformalar tashkil etildi, ShHTga a`zo davlatlar rahbarlarining yoshlarga qo`shma murojaati va uni hayotga tatbiq etish bo`yicha harakatlar dasturi, ShHTga a`zo davlatlar ilmiy-tadqiqot muassasalarining 2019-2020 yillardagi hamkorligi “Yo`l xaritasi”, Mintaqalararo hamkorlik dasturi, Raqamlashtirish va axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi va boshqa muhim hujjatlar qabul qilindi.

O`zbekiston diplomatiyasining ShHT doirasida yaqin istiqboldagi vazifalaridan biri ShHTning samarali va o`zaro bog`langan iqtisodiy va transport koridorlarini rivojlantirish bo`yicha strategiyasi, “aqlli” qishloq xo`jaligi va agroinnovasiyalarni joriy qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi, “Yashil kamar” dasturi va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish bilan bog`liqdir.

ShHTga a`zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi tashkilot kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun qulay platforma vazifasini o`taydi.

ShHT mamlakatlari Bosh vazirlarining Toshkent uchrashuvida ko`p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport, bojxona va atrof-muhitni muhofaza qilish yo`nalishlaridagi sheriklikni yangi bosqichga ko`tarishga turtki beradigan salmoqli hujjatlar to`plamining qabul qilinishi kutilmoqda.

Majlis doirasida ShHTning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari bilan memorandumlar imzolashi rejalashtirilgan. Bu esa ShHTning o`sib borayotgan xalqaro salohiyatidan darak beradi.

Tabiiyki, ShHT mamlakatlari hukumat rahbarlari uchrashuvining ko`p tomonlama maydonchasi ularga ikki tomonlama muzokaralar o`tkazish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish, hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilash uchun imkoniyat yaratadi. Xalqaro ekspertlarning fikricha, ShHT hukumat rahbarlari majlisi xalqaro ko`lamdagi muhim voqea bo`ladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar