1

O`zbekiston kinoijodkorlari Bollivudda malaka oshiradi

Madaniyat 02.11.2019, 13:32
O`zbekiston  kinoijodkorlari Bollivudda malaka oshiradi

Hindistonning 2019—2020 yillarga mo`ljallangan texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida o`zbekistonlik 15 nafar yosh kinoijodkor Hindistonda kino sohasida malaka oshiradi. Bu haqda «O`zbekkino» Milliy agentligi matbuot xizmati  xabar berdi.

Agentlik bosh direktori Firdavs Abduxoliqov bilan Hindistonning O`zbekistondagi elchisi Santosh Ja o`rtasidagi muloqot chog`ida ana shunday kelishuvga erishildi.

«Ushbu dastur o`zbekistonlik nomzodlarning barcha o`qitish xarajatlarini qoplaydi. Bundan tashqari, individual dasturlarni tashkil qilish, 2—3 oylik kinematografiya kurslarini o`tashga imkon beradi», — dedi Santosh Ja uchrashuv chog`ida.

Muloqot chog`ida Hindiston va O`zbekiston o`rtasida kino sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan bir qator fikr va takliflar bildirildi. Jumladan, 60 yillik tarixi davomida hind kinosining eng taniqli yulduzlarini etishtirib chiqargan Puna shahridagi kinematografiya instituti bilan hamkorlik o`rnatish masalasi ham muhokama qilindi.

«O`zbekkino» Milliy agentligi rahbari Firdavs Abduholiqov Buxoro va Xivada amalga oshirilayotgan ikkita hind kinoloyihasi va agentlikning yaqin kelajakda rejalashtirilayotgan Hindiston bilan bog`liq loyihalari haqida gapirdi. Jumladan, rejissyor Jahongir Qosimov suratga olayotgan «Ibrat» filmining ayrim epizodlari Hindistonda suratga olinishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvda O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qayta tiklanayotgan Toshkent kinofestivali haqida ham so`z bordi.

1968—1992 yillar davomida, har ikki yilda bir marotaba o`tkazib kelingan Toshkent kinofestivalida hind kinosining Raj Kapur, Shiyam Benegal, Shabana Azmi singari so`nmas yulduzlari ham ishtirok etgan.

Hindistonlik elchi Santosh Ja ushbu g`oyani qo`llab-quvvatlashga va Hindistonning mashhur kino yulduzlarini ushbu festivalga jalb qilishga tayyorligini bildirdi.

Firdavs Abduxoliqov shuningdek, O`zbekistonda milliy kino sanoatining xalqaro media bozorida jozibadorligini oshirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etdi. Xususan, Hindiston elchisiga kino turizmida olib borilayotgan islohotlar, shu jumladan, O`zbekistonda kino loyihalarini amalga oshirishda 2020 yil 1 yanvardan boshlab xorijiy kinoijodkorlarning loyihalarini O`zbekistonda amalga oshirish uchun xarajatlarni qoplashga qaratilgan «Rebate» tizimining ishga tushirilishi haqida ham ma`lumot berildi.

Uchrashuv davomida tomonlar 2020 yilda Hindistonda «O`zbekiston kinosi kunlari» hamda O`zbekistonda «Hind kinosi kunlari»ni o`tkazish zarurligini ta`kidladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1