1

Evropa kinosi festivali Xorazmda davom etdi

Madaniyat 04.11.2019, 12:49
Teglar: Xiva, kinofilm
Evropa kinosi festivali Xorazmda davom etdi

Xorazm viloyatining Xiva va Urganch shaharlarida VII Evropa kinosi festivali doirasida Evropa kinolari namoyishi bo`lib o`tdi. 1 noyabr kuni Xorazm yoshlar markazida festivalning ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Ochilish marosimida “O`zbekkino” Milliy agentligi mutasaddilari, Evropa Ittifoqining O`zbekistondagi delegasiyasi, Respublika kinoprokati markazi vakillari ishtirok etishdi, deb xabar berdi "O`zbekkino" matbuot xizmati.

“Buyuk Ipak yo`lining chorrahasida joylashgan Xiva va Urganch tarixan Sharq va G`arb o`rtasidagi madaniyatlar chorrahasi, sayohatchilar va savdogarlar qadami uzilmaydigan, turli madaniyat va urf-odatlar doimo hurmat-e`tiborda bo`lib kelgan bir maskandir. VII Evropa kinosi festivalining Xorazmda davom etayotgani biz uchun quvonarli hol, o`sha tarixiy ruhni  his qilib turibmiz. Festivalda taqdim etilayotgan filmlar orqali sizga Evropa xalqlarining madaniy xususiyatlarini tanishtirishdan mamnunmiz, ular baribir umumiy qadriyatlarga ega. O`zbekiston hozirgi islohotlar jarayonida ushbu qadriyatlarga amal qilishga intilayotganidan bag`oyat xursandmiz", deydi Evropa Ittifoqining O`zbekistondagi delegasiyasi rahbari o`rinbosari Yussi Narvi.

Festival doirasida Xorazmda evropalik taniqli rejissyorlar tomonidan yaratilgan 7 ta film: “Belgiyaliklar Qiroli” komediya janrida suratga olingan drama, “Qishdagi Luiza” animasion filmi, “Stefan Sveyg: Evropa bilan xayrlashuv” hujjatli filmi, “Kichik fermer” dramasi, biror bir inson kadrga tushmagan “Homo sapiens” filmi, “Uzoqdagi kuchuklar hayqirig`i” hujjatli filmi,“Hayotdagi eng baxtli kun” nomli quvnoq hujjatli film va “Jannat 89” badiiy filmlari namoyish qilindi.

Barcha filmlar rus va o`zbek tilidagi subtitrlar bilan asliyat tilida namoyish etildi. Kinoseanslarga kirish bepul bo`ldi.

VII  Evropa kinosi festivali doirasida Xiva va Urganch shaharlaridagi namoyishlar 3 noyabrgacha davom etdi. Shundan keyin filmlar namoyishi Jizzax viloyatining Jizzax shahri kinoteatrlarida – 8-10 noyabr kunlari bo`lib o`tadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1