1

Tanzila Narbaeva Qozog`iston Prezidenti bilan uchrashdi

Siyosat 05.11.2019, 21:32
Tanzila Narbaeva Qozog`iston Prezidenti bilan uchrashdi

Avval xabar berilganidek, O`zbekiston parlamenti delegasiyasi rasmiy tashrif bilan Qozog`istonda bo`lib turibdi. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Tokaev bilan uchrashdi. Bu haqda Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Qozog`iston rahbari Tanzila Narbaevaning tashrifi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishi va davlatlararo munosabatlarga qo`shimcha turtki berishi tufayli katta ahamiyatga ega ekanligini ta`kidladi.

“Qozog`iston va O`zbekiston o`zaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor bo`libgina qolmay, balki qator masalalarda bir-birini to`ldirib turadi. Shuning uchun muvaffaqiyat qozonishimiz muqarrar. Boz ustiga, biz hamkasbim O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan har jabhada hamkorlikni rivojlantirish uchun faol harakat qilishga kelishib olganmiz”, – dedi Qasim-Jomart Tokaev. 

Qozog`iston Prezidenti 2018 yilda savdo hajmi 2,5 mlrd. dollarga etganligiga va shu yilning 9 oyi davomida o`tgan yilgi ko`rsatkichdan oshib ketganligiga urg`u berdi.

O`z navbatida, Tanzila Narbaeva iliq kutib olganliklari uchun minnatdorlik bildirdi va O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tabrik so`zini etkazdi. Senat rahbari Qasim-Jomart Tokaevning Davlat rahbari lavozimiga saylanishi uning avvalgi lavozimda tajribali diplomat, obro`-e`tiborli rahbar va, eng asosiysi, Qozog`istonda davlatchilikni mustahkamlash, xavfsizlikni ta`minlash va iqtisodiyotni rivojlantirish yo`lida kuchli siyosat olib borgan Birinchi Prezident Nursulton Nazarboev g`oyalarini davom ettiruvchisi shaxs sifatidagi faoliyatining e`tirofi ekanligini ta`kidladi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi O`zbekistonda bu yili Qozog`iston yili o`tkazilishi munosabati bilan amalga oshirilayotgan keng ko`lamli tadbirlarni xalqlarimiz yaqinlashishiga yorqin misol qilib keltirdi. Tanzila Narbaeva Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Tokaevning O`zbekiston Respublikasiga birinchi davlat tashrifi ham mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro hamkorlikni yanada faollashtirishga turtki berganligini ta`kidladi.

Uchrashuv davomida tomonlar yuksak darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini va keng ko`lamli ikki tomonlama hamkorlikning boshqa masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb mavzular yuzasidan ham fikr almashildi.

Shuning bilan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva boshchiligidagi Oliy Majlis Senati delegasiyasining Qozog`iston Respublikasiga rasmiy tashrifi yakunlandi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1