Samaraqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga Mudofaa vazirligining ko`krak nishoni topshirildi. Bu haqda viloyat hokimligi Axborot xizmati rahbari ma`lum qilgan.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo`mondoni Sh.Mirziyoevning 2017 yil 12 dekabrdagi «Mudofaa vazirligi va joylarda davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda mamlakatning mudofaa salohiyatini mustahkamlashdagi ularning ma`suliyatini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida»gi farmoniga binoan amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida so`z bordi.
Tadbirda Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilarining jangovar shayligini oshirish, ularning oila a`zolarini ijtimoiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlash hamda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar harbiy-ma`muriy sektor rahbariyati bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinayotgani va bu bugungi kunda ijobiy samara berayotgani ta`kidlandi.
Shundan so`ng O`zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrug`i o`qib eshittirilib, generel-mayor Pavel Ergashev tomonidan Kattaqo`rg`on okrug poligonini barpo etishda munosib hissa qo`shgan Samarqand viloyati hokimi, Samarqand harbiy-ma`muriy sektori rahbari Erkinjon Turdimovga Mudofaa vazirligining III darajali «Namunali xizmatlari uchun» ko`krak nishoni va Markaziy harbiy okurg qo`mondonligining esdalik sovg`alari topshirildi.
Shuningdek, tadbir davomida Markaziy harbiy okrug qo`shinlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar orasida xizmat burchini sidqidildan bajarayotgan, harbiy jamoa hayotida faol qatnashayotgan va harbiy xizmatga va tanlagan mutaxassisliklariga sidqidildan yondashib, mamlakat mudofaa qudratini yuksaltirishda munosib hissa qo`shib kelayotgan harbiy xizmatchilarga harbiy unvon va esdalik sovg`alari topshirildi.