AsosiySport

Rishod Sobirov yangi lavozimga tayinlandi

'Rishod Sobirov yangi lavozimga tayinlandi'ning rasmi

Joriy yilning 4 sentyabrida o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida davlatimiz rahbari mahoratli sportchilarni tayyorlash, iqtidorli yoshlarni topish uchun kuchli seleksiya tizimini yaratish borasida aniq ko`rsatmalar bergan edi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, o`tgan davr mobaynida mamlakatimizdagi jismoniy tarbiya va sport tizimidagi tashkilotlarda, sport federasiyalarda bu borada zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O`zbekiston kurash federasiyasi  ijroqo`m a`zolari ishtirokida o`tkazilgan yig`ilishda ham bu boradagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Haqiqatan, O`zbekiston kurash federasiyasi yurtimizda milliy sportimizning rivoji bilangina shug`ullanmay, chet ellarda O`zbek kurashining ommaviylashishida muhim vazifalarni bajarib kelmoqda. Shu ma`noda,  iqtidorli sportchilarni saralash, trener va mutaxassislarning ishga ilmiy va innovasion yondoshuvini to`la shakllantirish, trener, hakam, sportchi va mutaxassislar faoliyati monitoringini to`laqonli olib borilishiga erishish, joylarda seleksiya ishlarini zamon talabi asosida tashkil etish federasiyaning eng asosiy vazifasi bo`lib qolmoqda. 

Bugungi kunda shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan xalqaro globallashuv sharoitida milliy  qadriyatlarimizni nafaqat yurtimizda, balki jahon maydonida yanada ommalashtirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyatiga mos holda O`zbekiston kurash federasiyasi xodimlarining bilim va ko`nikmalarini rivojlantirib borish davr talabi hisoblanadi.

Shu ma`noda, zamonaviy sportda sohaga yosh, tajribali sportchi-mutaxassislarni jalb etmay turib, tizimga ilmiy yondashuvsiz ma`lum yutuqlarga erishish dargumon. Ijroqo`m yig`ilishida bildirilgan fikrlar, takliflar natijasida federasiya tizimida bir qator o`zgarishlar amalga oshirildi.

Unga ko`ra, kurash bo`yicha O`zbekiston chempioni, dzyudo bo`yicha uch karra Olimpiya o`yinlari sovrindori, jahon chempioni Rishod Sobirov federasiya raisining sport ishlari bo`yicha o`rinbosari etib tayinlandi. Xuddi shuningdek, tajribali mutaxassis, qator xorijiy mamlakatlarda O`zbek sporti kurash targ`iboti bilan shug`ullangan, Tailand, Qatar, Vetnam, Indoneziya va Turkmaniston davlatlarida o`tgan Osiyo o`yinlarida kurash musobaqalarining tashkiliy ishlarida bevosita ishtirok etgan, o`nlab jahon chempionlarining ustozi, xalqaro toifadagi hakam Olim Hayitov federasiyaning Ilmiy kengashiga rais etib saylandi.

Shu o`rinda aytish joizki, so`nggi paytlarda nafaqat kurashda, balki boshqa sport turlarida ham sport amaliyoti va ilmiy yondashuv bir biridan ancha ayro bo`lib kelgandi. O`zbekiston kurash federasiyasida Ilmiy kengashning joriy etilishi, Rishod Sobirovdek dunyo sportida o`z o`rniga ega bo`lgan dongdor sportchining milliy sportimizda munosib o`rin egallashi ishonamizki, kurashning yanada yuksalishiga, soha mutaxassislarining har tomonlama salohiyatli bo`lishida va eng muhimi, kurashning xalqaro maydonda yanada ommalashishiga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar