1

“O`zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Badiiy kengash va O`zbekiston kinoarboblari uyushmasining barcha telekanallar va internet saytlari rahbarlariga murojaati

Madaniyat 11.11.2019, 13:13
Teglar: O`zbekkino, murojaat
“O`zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Badiiy kengash va O`zbekiston kinoarboblari uyushmasining barcha telekanallar va internet saytlari rahbarlariga murojaati

“O`zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Badiiy kengash va O`zbekiston kinoarboblari uyushmasi barcha davlat va nodavlat telekanallari, internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi mualliflik bloglari va boshqa tegishli tashkilot rahbarlariga murojaat qilib, kinoasarlarni efirga uzatishda muallifning huquq va manfaatlarini hurmat qilishi, namoyish qilinadigan filmlarning ayrim epizodlarini kesib, saviyasi va mazmun-mohiyati buzilishiga yo`l qo`ymasliklarini iltimos qildi. Mazkur murojaatning to`liq matnini e`lon qilamiz:

Muhtaram hamkasblar!  

Bugungi kunda kino sohasidagi kinoqaroqchilikning avj olishi va mualliflik huquqlarining noqonuniy tarzda buzilishi, davlat buyurtmasi va xususiy studiyalar tomonidan suratga olingan filmlarning amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda davlat va nodavlat telekanallari orqali namoyish etish, Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarga joylanishi oddiy bir holga aylanib qolganining guvohi bo`lib turibmiz. Davlat buyurtmasiga binoan hamda xususiy studiyalar tomonidan suratga olingan filmlar bilan bir qatorda Gollivud va boshqa nufuzli xorijiy kinokompaniyalar filmlari ham  ayrim epizodlari kesilgan holda davlat va nodavlat telekanallari orqali namoyish qilinmoqda. Bu esa o`z navbatida faqat filmlarning umumiy mazmuniga ta`sir etibgina qolmasdan, balki ularning badiiy saviyasiga ham putur etkazmoqda. Eng achinarlisi, jahon hamjamiyatida o`z nufuzini ko`tarayotgan davlatimiz O`zbekistonning dunyo miqyosidagi imijiga ham salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.  

Kinoasarning to`liq holatidan bexabar bo`lgan tomoshabin filmlarni mantiqsizlikda ayblayotganining ham guvohi bo`lyapmiz. Kinoteatrlarda kinoqaroqchilik orqali yurtimizga olib kirilayotgan  xorijiy filmlarning ham noqonuniy tarzda namoyish etilishi avj olgan. Shuningdek, internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi bloglar, telegramm kanallarida shaxsiy manfaat ortidan quvib, davlat buyurtmasiga binoan hamda xususiy studiyalar tomonidan suratga olingan bir qator filmlardan parchalar kesib olib, ularni shaxsiy platformaga joylash, kartinalardagi kadrlardan kulgili memlar yasab, uni tarqatish holatlari ham uchramoqda.  

Aziz hamkasblar!  

Shuni alohida ta`kidlash lozimki, bugun O`zbekiston muhim siyosiy jarayon oldida turibdi. Joriy yilning 22 dekabr sanasida Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlariga saylovlar bo`lib o`tadi. Ushbu katta siyosiy voqelik bois saylovning shaffofligini kuzatish maqsadida mamlakatimizga ko`plab xorijlik taniqli siyosatchilar, jurnalistlar, blogerlar va mehmonlar tashrif buyurishmoqda. Yurtimizdagi mavjud davlat va nodavlat telekanallari, ko`ngilochar komplekslardagi turli kinoteatrlar, internet saytlaridagi qaroqchilik bilan to`ldirilayotgan va qaychilanib namoyish  etilayotgan filmlarni  tomosha qilgan xorijlik mehmonlarning taajjublanishiga, o`z yurtiga O`zbekiston haqida negativ fikrlar bilan qaytishiga yo`l qo`ymaylik.    

Hurmatli hamkasblar!  

Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev  kino san`atining har tomonlama rivojlanishi uchun butun imkoniyatlarni yaratib berayotirlar. Ertangi kunimizda  jahon kinobozorida filmlarimiz xaridorgir bo`lishi uchun barchamiz barobar mas`ulmiz! “Bugun “O`zbekkino” Milliy agentligi tomonidan AQSh, Fransiya, Daniya, Xitoy, Hindiston kabi yirik mamlakatlarining nufuzli xorijiy kinokompaniyalari bilan hamkorlik memorandumlari, kelishuvlar, shartnomalar imzolanmoqda. Zero, yuqoridagi mualliflik huquqlarining buzilishi, qaroqchilik va qaychilash holatlariga hozirdan barham berilmas ekan, xorij davlatlari nafaqat kino sohasida, balki boshqa sohalarda ham hamkorliklardan bosh tortishi shubhasiz! Xorij davlatlarining mamlakatimiz nufuzi oldidagi ishonchiga rahna solishga hech kimning haqqi yo`q!  

Qonunchilik asoslari g`oyat mustahkam bo`lgan ayrim rivojlangan mamlakatlar intellektual mulkka daxl qilish, mualliflik huquqlarini mensimasdan buzilishiga qarshi qat`iiy jazo choralarini ko`rishi, jumladan bir necha yillar ozodlikdan mahrum qilish, mol-mulkni musodara etish, yirik hajmda jarimalar solish kabi choralar belgilashini yodga olsak, masalaning naqadar dolzarb va ahamiyatli ekanligi ayon bo`ladi.  Shu ma`noda O`zbekistonimizni jahon maydonidagi munosib o`rniga putur etkazmaslik uchun joriy yilning 1 dekabrigacha barcha davlat va nodavlat telekanallari, kinoteatrlar va boshqa ijtimoiy tarmoqlari o`z efirlarini tozalashlari ayni muddao bo`ladi.  

Hurmatli hamkasblar!

Yuqoridagilardan xulosa qilib, “O`zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Badiiy kengash va O`zbekiston kinoarboblari uyushmasi ayrim davlat va nodavlat telekanallari, Internet ijtimoiy tarmog`idagi saytlar hamda boshqa tegishli tashkilotlar rahbarlaridan bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida O`zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida”gi Qonuni hamda boshqa amaldagi qonun hujjatlari talablariga qat`iy rioya etgan holda o`z faoliyatlarini tashkil etishlarini so`raydi. “O`zbekkino” Milliy agentligi o`z intellektual mulki bo`lgan kinomahsulotlarning bu tarzda namoyish etilishi va qaychilanishiga ko`z yumib qarab turmasligini, har bir platformada yuqoridagi kabi holatlar ko`zga tashlansa, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida”gi Qonun asosida ish ko`rishini ma`lum qiladi.

O`zbekkino Milliy agentligi Badiiy kengashi va O`zbekiston kinoarboblari uyushmasi amaldagi hamkorlikni qadrlagan holda uni davom ettirish umidida ekanligini bildiradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1