Buyuk Britaniyaning eng keksa fuqarosi Etel Lang 114 yoshida vafot etdi, deya xabar bermoqda TASS.
1900 yilda shaxtyor oilasida tug`ilgan Etel Lang o`z umri davomida olti nafar Britaniya monarxlari va 22 nafar bosh vazirni ko`rdi. U 2013 yilda londonlik 113 yoshli Greys Jons vafotidan so`ng mamlakatdagi eng keksa fuqaroga aylangan edi, deb yozadi daryo.uz.
Etel 13 yoshida maktabni tark etib, Barnsli shahridagi ko`ylak ishlab chiqarish zavodiga ishga kirgan. 1922 yilda turmushga chiqqan va bir qizli bo`lgan. 1988 yilda eridan beva qolgach, Lang xonim 103 yoshigacha yolg`iz yashagan. Hayotining so`nggi yillarini u qariyalar uyida o`tkazgan. Uning qizi hozirda 89 yoshda.
Uzoq umr ko`rgan ushbu ayol hech qachon chekmagan, spirtli ichimliklarni kamdan-kam iste`mol qilgan. U doimo sog`lom ovqatlanish tarafdori bo`lgan. Bundan tashqari, uning ajdodlari ham uzoq umr ko`rib kelgan.





