Bugun Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaev viloyat tadbirkorlari, ishbilarmonlari va biznes vakillariga murojaat qildi.
Viloyat rahbari eng avvalo tadbirkorlik sohasida hududdagi yutuqlar, viloyatning Respublikadagi o`rni, bu borada berilayotgan imkoniyatlaru, yangi ishlarni tashkil etishdagi kamchiliklar haqida batafsil to`xtaldi. Shuningdek, Zoyir Mirzaev endilikda tadbirkorlar va ishbilarmonlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida ularning murojaatlari bilan ishlashning yangi tartiblarini ma`lum qildi.
Qashqadaryoda 58300 dan ortiq tadbirkorlik sub`ektlari faoliyat yuritadi. Ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi keyingi 3 yilda 51,1 foizdan 61,4 foizga ko`tarildi.
Ayni paytda esa Shavkat Mirziyoevning sa`yi-harakatlari va shaxsiy tashabbuslari bilan mamlakatimizda tadbirkorlikning qonuniy asoslari mustahkamlandi. Xitoy, Germaniya, Rossiya kabi rivojlangan davlatlar tajribasini o`rganish, halqaro darajadagi konsultantlar va ekspertlarni jalb qilish orqali soha rivoji uchun qulay muhit shakllandi.
Jumladan:
Tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat berish va ularni ro`yxatga olishda qog`ozbozlik va byurokratik jarayonlar sezilarli darajada qisqardi.
Tadbirkorlik sub`ektlarini tekshirmaslik bo`yicha 2 yillik moratoriy e`lon qilinib, barcha darajadagi davlat boshqaruvi idoralari, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari tomonidan tekshirishlarga qat`iy barham berildi.
Tijorat banklari bilan o`zaro munosabatlarda tadbirkorlar huquqlari va manfaatlarining ustuvorligi prinsipi joriy etilib, kreditlarni rasmiylashtirish bilan bog`liq bo`lgan jarayonlar bir muncha soddalashdi.
Bir so`z bilan aytganda keyingi uch yilda qabul qilingan 50 dan ortiq farmon va qarorlar asosida mamlakatimizda tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko`tarildi.
Biz viloyatdagi barcha mahalliy boshqaruv va ijro organlarining tadbirkorlik sohasiga oid faoliyatini tanqidiy tahlil qilgan holda, olib borayotgan ishlarimiz talabga javob bermasligiga ishonch hosil qildik va Siz aziz tadbirkorlarning yanada samaraliroq faoliyat yuritishlaringiz uchun to`siq bo`layotgan quyidagi muammolar mavjudligini:
1. Tadbirkorlar uchun er ajratish va infratuzilma tarmoqlariga ulanishda belgilab berilgan muddatlarga rioya qilmaslik yoki asossiz rad etish;
2. Tadbirkorlik sub`ektlarini ro`yxatga olish, ruxsat berish, lisenziyalash va mulkga egalik huquqini belgilashda vakolatli organlar tomonidan sansolarlik va ortiqcha qog`oz talab qilish holatlari;
3. Kredit ajratishda “resurs yo`q”, “garov ta`minoti etarli emas” kabi asossiz vajlarning ishlatilishi, kredit foizlarining yuqoriligi hamda garovga qo`yilayotgan mulklarni narxlashda tadbirkor bilan bank o`rtasida kelishmovchiliklarning ko`plab mavjudligi;
4. Banklar tomonidan kredit foizini belgilashda tadbirkorlik yo`nalishidan kelib chiqib, differinsial yondoshuvning yo`qligi sabab, sanoat va qishloq xo`jaligi sohalaridagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish samaradorligining pastligi;
5. Tadbirkorlarga tegishli bo`lgan xususiy mulklarning asossiz olib qo`yish, obodonlashtirish bahonasida tadbirkorlar mulkini noqonuniy buzish yoki ko`chirish holatlarining ko`plab uchrayotganligi;
6. Soliq imtiyozlarini qo`llash, faoliyatingizga asossiz aralashish va homiylik qilishga majburlash holatlariga barham berilmayotganligi;
7. Mahalliy xokimliklarda malakali mutaxasislarni etishmasligi, soliq, savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari, davlat aktivlarini boshqarish hamda davlat xizmatlari agentliklari, arxitektura, kadastr va shu kabi tadbirkorlik faoliyatiga aloqador bo`lgan boshqa ko`plab idoralar o`rtasida uzaro bog`liqlikning muvofiqlashmaganligi sababli, hududlardagi mineral resurslar, tabiiy boyliklar va iqlim sharoitidan kelib chiqib, tashabbuskorlar va investorlarni yo`naltirish, bu borada zarur axborotlarni taqdim qilish tizimi to`laqonli shakllanmaganligini tan olamiz.
Buning isboti sifatida, Qashqadaryo viloyatidagi O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko`rib chiqish qabulxonasi o`z faoliyatini boshlagan qisqa 5 oy ichida, qabulxonaga qilingan 1598 ta murojaatlarda, 2116 ta muammolar qayd etilganligini ta`kidlashning o`zi etarli.
Davlatimiz rahbari “Ikkita ish joyi yaratgan odamni elkamda ko`taraman” deya tadbirkorlarni ruhlantirib turgan bir paytda, hududiy davlat va xo`jalik boshqaruv organlari faoliyatida yuqoridagi kabi kamchiliklarga yo`l qo`yilayotganligiga qanday murosa qilish mumkin.
Lekin, ana shunday qiyinchilik va byurokratik holatlar bo`lishiga qaramasdan o`zlarining vatanparvarligi, tinimsiz harakati tufayli samarali faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarimiz bor va quvonarlisi ular ko`payib bormoqda.
Masalan: Qarshi tumanidagi “Sharofiddin Nurullo” mas`uliyati cheklangan jamiyati (rahbari N.Nomozov) aholiga yuk va yo`lovchi tashish xizmatini yo`lga qo`yib, 120 nafar fuqaroni ish bilan ta`minladi va davlatga yiliga 400,0 mln.so`m soliq to`lamoqda.
Nishon tumanidagi “Nishon ko`zgu” ko`p tarmoqli fermer xo`jaligi esa (rahbari Sh.Uzoqov), 100 nafarga yaqin fuqaroni ish bilan ta`minlab, yiliga 1 million 200 ming dollar qishloq xo`jalik mahsulotlari eksportini amalga oshirgan holda, davlatga 120 mln.so`m soliq to`lamoqda.
Xuddi shunday, paxta to`qimachilik klasteri tashkil qilib 250 nafar ish o`rni yaratgan Qarshi shahridagi “Sulton teks group” xususiy korxonasi (rahbari N.Ergashev) hamda meva-sabzovot klasteri tashkil qilayotgan Yakkabog` tumanidagi “Sharofat ona Qahramon qizi” mas`uliyati cheklangan jamiyati (rahbari A.Normurodov)ni ham alohida ta`kidlab o`tish mumkin.
Biz yuqorida nomlari keltirilgan va shular qatorida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning fidokorona mehnatlarini yuksak qadrlaymiz va minnatdorchilik bildiramiz.
Shuningdek, 2020 yilda kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushini 67 foizga etkazish maqsadida barcha zaruriy choralar ko`riladi.
Xususan, 9 mingdan ziyod yuridik maqomdagi yangi tadbirkorlik sub`ektlarini tashkil qilish hamda faoliyatini vaqtincha to`xtatgan 3 mingdan ortiq sub`ektlarni qo`llab-quvvatlash orqali faoliyatini tiklash ta`minlanadi.
Bundan tashqari, kelgusi yilda tadbirkorlarimiz tomonidan amalga oshirilayotgan, 1 trln. 695 mlrd so`mlik 312 ta sanoat, 1 trln. 491 mlrd. so`mlik 478 ta xizmat ko`rsatish va 1 trln. 350 mlrd.so`mlik 407 ta qishloq xo`jaligi sohasidagi yangi loyihalarini to`liq ishga tushirilishida ularga elkadosh bo`lamiz.
Loyihalarni amalga oshirishda hududlarning ixtisoslashuviga alohida e`tibor qaratiladi. Masalan, Kitob tumanida anorchilik va uzumchilik, Shahrisabz va Yakkabog` tumanlarida bog`dorchilik, Chiroqchi tumanida polizchilik (tarvuz), Qamashi tumanida kurkachilik va quyonchilik, Dehqonobod tumanida dorivor o`simliklarni (kovrak) etishtirish va qayta ishlash klasterlarini tashkil qilish bo`yicha ish olib borilmoqda.
Qadrli tadbirkorlar, aziz ishbilarmonlar!
Bugundan boshlab barcha mahalliy davlat idoralari faoliyatining
50 foizi tadbirkorlik sohasi muammolarini hal qilishga qaratiladi.
Bunda:
Viloyatning 4 ta sektoridan boshlab, boshqaruvning barcha bo`g`inidagi rahbarlar tomonidan, har bir loyihangizni amalga oshirishda hududning ertangi kuni, aholi farovonligi, yangi ish joylarining kafolati nuqtai nazaridan yondoshuv ta`minlanadi.
Tadbirkorlar jamiyatda eng asosiy etakchi kuch, iqtisodiyotimizni tayanch ustuni ekanligini inobatga olib hamda mahalliy davlat idoralari faoliyatiga baho berish maqsadida “Viloyatda hamda shahar va tumanlarda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar jamoatchilik kengashlari”ning tarkibi qaytadan ko`rib chiqiladi.
Yuqoridagi, salbiy holatlardan xulosa qilgan holda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, har bir tadbirkorning muammolarini tezkorlik bilan hal qilish va byurokratik holatlarga chek qo`yish maqsadida quyidagi tizimni joriy qilishni rejalashtirdik:
Birinchidan, chet el investisiyasi ishtirokidagi va xorijiy korxonalar tashkil qilish loyihalari viloyat hokimining shaxsiy nazoratida bo`ladi.
Shuningdek, yangi tashkil etilayotgan va faoliyatida muammolari mavjud bo`lgan tadbirkorlik sub`ektlarining har bir loyihasini amalga oshirish uchun tuman, shahar hokimlari shaxsan mas`ul bo`ladilar
Bunda, Siz hurmatli tadbirkorlarning muammolaringiz o`z echimini topmagan taqdirda viloyat hokimligining “qashqadaryo.uz” rasmiy saytiga, va 75–221-01-28, 75-221-20-16 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Murojaatingiz yuzasidan, uzog`i bilan 3 kun muddatda viloyat hokimi tomonidan qabul qilinishingiz ta`minlanadi.
Ikkinchidan, faoliyat yo`nalishidan qat`iy nazar har bir viloyat tashkiloti va idora rahbari “Tadbirkorga ko`makdosh va elkadosh” tamoyili asosida ish olib boradi va murojaatingiz bo`yicha ko`pi bilan 3 kun ichida Sizni qabul qiladi.
Uchinchidan, har bir tadbirkorning mulkiy daxlsizligi kafolatlanadi, uning mulkini asossiz buzish, ko`chirish yoki olib qo`yish hollariga yo`l qo`yilmaydi. Bu borada viloyat prokuraturasi tomonidan qonun ustuvorligi ta`minlanadi.
To`rtinchidan, tadbirkorlik faoliyatiga ortiqcha aralashish, homiylik qilishga majburlash, tadbirkorlikka taalluqli bo`lmagan har xil majlislarga chaqirish holatlariga barham beriladi.
Beshinchidan muammolaringizni qisqa fursatda bartaraf etish maqsadida, uch kun muddatda har bir shahar va tumanning aholi gavjum bo`lgan kamida 4 ta joyida hokim va sektor rahbarlarining 24 soat ishlaydigan telefon raqamlari yozib qo`yiladi.
Bundan keyin sektor rahbarlarining faoliyatiga nechta tadbirkor bilan uchrashgani, uning masalasini hal qilgani bo`yicha monitoring yuritish orqali baho beriladi.
Oltinchidan, har bir tuman, shahar hokimligi tomonidan hududdagi mineral resurslar, suv, tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqib, hududni tadbirkorlikning muayyan yo`nalishiga ixtisoslashtirishtirish yagona konsepsiyasi ishlab chiqilib, bir hafta muddatda keng jamoatchilik oldida taqdimoti o`tkaziladi.
Hurmatli, viloyat va tuman rahbarlari!
Faoliyatingiz asosini tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratish vaqti kelganligini aslo unutmang.
Tadbirkorning murojaatini tezkorlik bilan, joyiga chiqqan holda shu kunning o`zida hal qiling.
Tadbirkorlar va biznes vakillarining Sizga bergan bahosi faoliyatingiz ko`zgusidir.
Qadrli tadbirkorlar, ishbilarmon aka-ukalar, opa-singillar.
Siz o`z harakatingiz, tadbirkorligingiz va vatanparvarligingiz tufayli, hozirgacha juda ko`p qiyinchiliklarni boshdan kechirdingiz va tajriba orttirdingiz.
Sizdan yosh tadbirkorlarga ko`maklashishingiz va mavjud muammolarni hal qilish hamda sohani rivojlantirish borasida takliflar berishingizni, joylarda duch kelayotgan muammolaringiz va sansalorlik holatlarining har qanday ko`rinishi to`g`risida yuqorida keltirilgan rasmiy WEB sayt va telefon raqamlari orqali ma`lum qilishingizni so`raymiz.