AsosiyShou-biznes

Qoraqalpoq eliga sayohat: dunyoni lol qoldirayotgan muzey

“Darakchi” gazetasining o`tgan sonida Nukus shahrining dunyodagi eng diqqatga sazovor 10 go`shasi nomi bo`lishiga sababchi bo`lgan mashhur I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq Davlat san`at muzeyi haqida qisqacha to`xtalib o`tgan edik. Xalqimizda ming marta eshitgandan bir marta ko`rgan afzal degan naql mavjud. Biz eshitganlarimizga yana bir karra ishonch qilish maqsadida ushbu maskanga sayohatga bordik.

Dunyo e`tirofidagi maskan

Jahonga mashhur mutaxassislar va yirik ommaviy axborot vositalarining ma`lumotlariga qaraganda, mazkur muzey Markaziy Osiyo mintaqadasigi eng nodir san`at asarlarni o`zida jamlagan eng mashhur muzeylardan biri sanaladi. 2001 yilda Buyuk Britaniyaning mashhur “Gardian” gazetasi uni dunyoning eng go`zal muzeylaridan biri sifatida e`tirof etgandi.

Bugungi kunda muzey xazinasi 90 mingdan ortiq nodir eksponatlarni o`z ichiga oladi. Bu erda eramizdan avvalgi uchinchi asrdan to hozirgi vaqtgacha bo`lgan davr ichida yaratilgan asarlarni uchratish mumkin.

Muzey eksponatlari asosan Qadimgi Xorazm davri, moddiy va madaniy o`ziga xos tarixi, urf-odatlari va qadriyatlariga ega bo`lgan  qoroqalpoqlarning xalq amaliy san`ati namunalari, shuningdek, o`zbek, rus, qoraqalpoq rassomlarining sara tasviriy san`at asarlarini o`z ichiga oladi.

                                               Saviskiy kim bo`lgan?

Tabiiyki, bu savol ko`pchilikni qiziqtirsa kerak. Rostdan ham ham Saviskiy kim o`zi? Igor Vitalevich Saviskiy o`z hayotini ilm-fanga, san`atga, xususan qoraqalpoq xalqining tarixi, madaniyatini tatdiq etishga bag`ishlagan fidoyi inson.

U 1915 yilda Kievga  tug`ilgan. Bolalikdan rassomchilikka qiziqqan. Tasviriy san`at yo`nalishida bir qator ta`lim maskanlarida o`qigan. Ikkinchi jahon urushi yillarida kasalik sababli uni frontga olishmagan. U o`zi o`qiyotgan Surikov nomidagi Rassomchilik instituti bilan birgalikda Samarqandga ko`chirilgan.

Shu tariqa u O`zbekistonga, uning boy tarixiga qiziqib qoladi. Garchi urushdan keyin u o`z yurtiga qaytgan bo`lsa-da, ko`p o`tmay yana shu yurtga aniqrog`i Qoraqalpog`istonga keladi. Avval Xorazm arxeologik-etnografik ekspedisiyasida, keyinchalik O`zbekiston fanlar akademiyasining Qoraqalprg`istondagi filialida ishlay boshladi. O`tgan asrning 50-yillarida yurtimizga kelgan Igor Saviskiy keyinchalik bir umr shu zaminda qolib ketgan. Garchi u og`ir xastalikdan 1984 yilda Moskvada vafot etgan bo`lsa-da, o`z vasiyatiga ko`ra uni shu erga, Nukusga keltirib dafn etishdi.

                                      Beqiyos maskanning tamal toshi

Saviskiy qoraqalpoqlarning yo`qolib ketish arafasida turgan xalq amaliy san`atiga qiziqib qoladi va uni o`rganishga, saqlab qolishga kirishadi. Xalq orasida yurib, juda ko`p tarixiy ahamiyatga ega bo`lgan zargarlik, uy-ro`zg`or buyumlari, milliy liboslarni to`playdi.

U shu davr ichida tasviriy san`atni ham unutmadi. Qoraqalpoq elining tarixiy obidalari, tabiat manzaralari, xalqning turmush tarzini rangtasvir asarlarida muhrlashga urindi. Keyinchalik, 1966 yil fevralda u o`zi to`plagan osori atiqalar uchun alohida muzey tashkil qildi. So`ng butun e`tiborini ushbu muzey xazinasini boyitishga qaratdi.

Ma`lumki, sobiq tuzum davrida adabiyot va san`at asosan sosialistik realizm yo`nalishida rivojlangan Boshqa yo`nalishlar qattiq ta`qib ostiga olingan. Tasviriy san`atdagi avangard yo`nalishi ham sho`ro mafkurachilarining ta`qibiga uchragandi. Bu yo`nalishdagi asarlar yo`qolib ketish arafasida edi. Saviskiy butun ittifoq bo`ylab qilgan safarlari chog`ida  ana shunday yo`nalishdagi asarlarni to`pladi va Nukusga, o`z muzeyiga jamladi.

U 1984 yilda o`limidan sal avvalroq ikki vagon ana shunday san`at asarlarini Nukusga, o`z muzeyiga yuboradi. Bugun rus avangard rassomlari asalari soni bo`yicha Saviskiy muzeyi mashhur Sankt-Peterburg muzeyidan keyingi o`rinda turadi.

Saviskiyning vafotidan so`ng ushbu muzeyga uning nomi berildi. Sobiq tuzum yillarida bu muzey minglab tasviriy san`at asarlarining saqlab qolinishi uchun musthkam boshpana vazifasini o`tadi. Chunki u paytda Moskva, Toshkent singari markaziy shaharlarda bunday yirik muzey ochishga yo`l qo`yilmasdi. Nisbatan chetda, sahro bag`ridan o`rin olgan bu maskan  chindan-da, bebaho asarlarga ikkinchi hyot bag`shladi

Istiqlol yillarida ushbu san`at maskaniga ham, uning asoschisi faoliyatiga ham munosabat tubdan o`zgardi. 2002 yilda Igor Saviskiy vafotidan so`ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

2003 yilda esa Yurtbshimizning tashabbusi bilan Nukus shahri markazida muzeyning yangi, zamoniviy binosi qad rostladi. Yangi binoning tantanali ochilish marosimida Yurtboshimiz shaxsan ishtirok etib, muzeyning esdaliklar kitobida o`zining samimiy tilaklarini bitib qoldirdi: “Qoraqalpoq xalqi bu betakror muzey bilan haqli ravishda faxrlanadi!”.

                                      Ming bor eshitgandan...

Muzeyning tashqi ko`rinishi chindan-da, har qanday mehmonning diqqatini o`ziga tortadi. Bu bino Nukus shahrining tashrif qog`oziga aylangan desak mubolag`a bo`lmaydi. Ayni paytda muzey yaqinida yana ikkita qo`shimcha bino – ko`rgazmalar zali va eksponatlar fondi qurilmoqda. Muzey xodimlarining aytishicha, bu binolar joriy yilda foydalanishga topshiriladi.

Uch qavatdan iborat muzey binosiga kirishingiz bilan o`zingizni o`zga bir olamga tushib qolgandek his etasiz.

Birinchi qavatdan muzey ma`muriyati, majlislar zali, hunarmandchilik ustaxonasi o`rin olgan. Ustaxonada qo`li gul hunarmandlar tomonidan milliy qoraqalpoq gilamlari va liboslari tayyorlanadi.

Ikkinchi qavatdan Orolbo`yi xalqlari tarixiga oid ko`plab eksponatlar o`rin olgan. Bizga hamrohlik qilgan muzey bo`lim boshlig`i Merigul Erekeevaning aytishicha, bu erda hozircha muzey fondidagi eksponatlarning 2-3 foizigina o`rin olgan.

Muzey zallaridan o`rin olgan tarixiy buyumlar, milliy liboslar, taqinchoqlar, ot abzallari va boshqa nodir yodgorliklar chindan ham qoraqalpoq xalqining beqiyos madaniyatga ega ekanidan darak beradi.

Merigul bizni muzey zalida o`rnatilgan milliy uslubda ishlangan qoraqalpoq o`toviga olib kirdi.

Doira shaklida o`tov anchagina keng. Uning ichida bir oilaning hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar muhayyo.

— Qoraqalpoqlarda o`tovni asosan ayollar tikishgan. Faqat uning “qovurg`alarini” tiklash, tomini yopishda erkaklar yordam berishgan, — deydi Merigul. – O`tovning yarmi erkaklar, qolgan yarmi esa, ayollar va bolalar uchun ajratilgan. Ovqat pishirish uchun o`tovning ayollar qismida o`choq qurilgan. Mehmonlar yoki oilaning yoshi ulug` kishilari o`tovning to`rida – ya`ni eshikning to`g`risida o`tqazilgan.

O`tovdan o`rin olgan uy-ro`zg`or buyumlari, devorga qantarilgan cholg`u asboblari, kiyim-kechaklar kishida antiqa taassurot uyg`otadi. O`tov devoridagi qoraqalpoq milliy naqshlari, tepa qismida tom vazifasini o`tovning tepa qismidagi chambarak – shanaraqning konussimon shaklga egaligi bilan boshqa xalqlarning o`tovlaridan ajralib turadi.

                                                        Bo`yoqlarga ko`chgan tuyg`ular

I.Saviskiy tomonidan to`plangan va keyinchalik muzeyga olib kelingan tasvriy san`at asarlarining bir qismi muzeyning uchinchi qavatidan o`rin olgan. Bu erda I.Saviskiyning o`zi uchun ajratilgan maxsus ekspozisiya ham mavjud. Bu erda mashhur olim va musavvirning ijodiga mansub asarlar bilan birga uning shaxsiy buyumlari, pasport va harbiy guvohnomasi joy olgan.

Shuningdek, muzey zallaridan qoraqalpoq, o`zbek va rus rassomlarining bebaho asarlari joy olgan. Bu erdagi har bir san`t asarini bebaho deyish mumkin. Ularning aksariyati dunyoning turli burchaklarida namoyish etilgan, ko`plab muxlisu mutaxassislarning e`tirofiga sazovor bo`lgan.

O`.Tansiqboev, A.Nikolaev, D.Ro`zimetov, B.Serikeev, J.Izintaev, Q.Qaipov singari rassomlar ijodiga mansub suvratlar, haykallar tomoshabinni befarqo qoldirmaydi.

— Ushbu san`at asarini muzeydagi eng nodir eksponatlardan biri deytishimiz mumkin – deydi Merigul alohida ihotaga olingan, Vasiliy Lisenko mo`yqalamiga mansub “Ho`kiz” surati oldida to`xtarkan. – Bu surat muzeyimizning timsoli desak ham bo`ladi. 1929 yilda yaratilgan bu asar yillar davomida turli bahs-munozaralarga sabab bo`lib kelgan. San`atshunoslar bu suratdagi ramzlarni turlicha talqin etishgan, hatto o`sha davr mafkurasiga zid deb hisoblashgan.

Biz bu go`zal san`at koshonasini sayr qilarkanmiz, beixtiyor qalbimiz faxr-iftixorga to`ldi. Muzeyni tark etarkanmiz, bu erga yana qachondir albatta qaytishni dilimizga tugdik..

                                               Rustam Jabborov,

                                               Toshkent—Nukus-Toshkent

 

    Boshqa yangiliklar