AsosiyJamiyat

Toshkentda ikki qavatli ekskursiya avtobuslari qatnay boshladi (foto)

2015 yil 17 yanvardan Toshkentda ilk ikki qavatli ekskursiya avtobuslari qatnay boshladi, deya xabar bermoqda UzDaily. Aznur Travel sayyohlik kompaniyasi turlar tashkilotchisi hisoblanadi.

Foto: UzDaily

Nashrning eslatishicha, Aznur Travel kompaniyasi dunyoda eng yirik avtobus ishlab chiqaruvchilardan biri — Xitoyning Higer kompaniyasidan ikkita dabldeker sotib olgan edi.

Foto: UzDaily

Tashkent city tour yozuvi va O`zbekistonning sayyohlik logotipi tushirilgan ikkita avtobus shahar bo`ylab har kuni qatnaydi. Avtobuslar «O`zbekiston» mehmonxonasidan 9:00, 10:00, 12:00, 13:00, 15:00 va 16:00 da yo`lga chiqadi.

Foto: UzDaily

Sayyohlik kompaniyasi ma`lumotlariga ko`ra, ekskursiya 2,5 soat davom etadi. Sayohat chog`ida turistlar Toshkentdagi diqqatga sazovor joylar va tarixiy yodgorliklarga tashrif buyuradi.

Foto: UzDaily

Chiptalar narxi 7—16 yoshdagi bolalar uchun 15 ming so`m, kattalar uchun 25 ming so`m va xorij fuqarolari uchun Markaziy bank kursi bo`yicha 20 dollarni tashkil etadi.

Foto: UzDaily

Chiptalarni Aznur Travel kompaniyasining «O`zbekiston» mehmonxonasi binosida joylashgan ofisida, shuningdek yo`nalish bo`ylab joylashgan maxsus bekatlarda xarid qilish mumkin.

Foto: UzDaily

Chiptalar 24 soat davomida amal qiladi, yo`lovchilar qaysidir bekatda uzoqroq ushlanib qolishi va kun oxirigacha yo`lni keyingi reyslarda davom ettirishi mumkin.

Foto: UzDaily

Avtobuslar maxsus audiotizim bilan jihozlangan. Sayyohlar audioturni sakkizta — ingliz, nemis, rus, o`zbek, fransuz, ispan, yapon va xitoy tillarida tinglashi mumkin. Avtobuslar shuningdek imkoniyati cheklangan kishilar uchun maxsus panduslarga ega.

Foto: UzDaily

Nashrning ta`kidlashicha, Aznur Travel kompaniyasi bunday dabldekerlar umumiy sonini 15 tagacha etkazib, Samarqand va Buxoroda ham qo`shimcha ekskursiya yo`nalishlarini ochmoqchi. Navbatdagi ikkita avtobus mart—aprel oylarida etkaziladi.

 

    Boshqa yangiliklar