Turkiyada mehnat muhojiri bo`lgan pedagog Feruza Izzat Feysbuk sahifasida Samarqandda yuz bergan janjalda jabrlangan turk quruvchisining so`zlarini keltirib, munosabat bildirdi:
"Yozda Samarqanddaligimda olgan rasmlarimni instagramga joylagandim. Bir turk quruvchi yigit Samarqandda ishlayotgani haqida yozuvdi. Shaharga yangi kelganini, 4 yillik kontrakt tuzilganini, hali shahar aylanmaganini, lekin odamlarini yoqtirganini aytuvdi. Orada opa yaxshimisan, deb salom alik qilib turdi. Keyin ish, kuch bilan bo`lib, gaplashmay ketdik.
Bugun yozibdi: “Uyga qaytdim. Juda yomon janjal chiqdi,” dedi. “Qurilishdagi turklarga o`zbeklar tashlanishdi. Qo`lida bori bilan ayamay urishdi. Tosh, tayoq, belkurak, hammasi ishga tushdi. Har bir turkni 50 nafar o`zbek bir bo`lib do`pposladi. “Tishlarim sindi. Tirik qolganimga shukr qilyapman,” deydi. Yaqinda internetda videosi tarqalgan o`sha janjalda u ham bor ekan. To`g`risi, videoda janjalning bunchalik shiddatli bo`lgani bilinmagandi. Juda xafa bo`ldim. “Biz Turkiyada qanchadan qancha chet ellikka sohib chiqamiz, siz yurtingizga ishlashga kelgan 70 ta turkni qabul etolmadingiz”, dedi.
“Nimadan chiqdi janjal?” desam, ”O`zbeklar o`z vatanida ikkinchi sort inson muomalasini ko`risharkan. Oyliklari biznikidan oz, yashash sharoitlari bizdan ancha yomon, ovqatlari ham yomonroq edi. Faqat bunda bizning aybimiz yo`q edi-ku, biz nega kaltak eganimizni tushunmadik,” deydi.
Uyaldim. Juda uyaldim. Bu erda mehnat muhojiriman. Birinchidan, turklar o`lib qolsa menga ko`proq haq berib, o`zining turkiga kamroq oylik bermaydi. Mehnat sharoiti ham xuddi shunday. Ikkinchidan, faraz qilaylik, menga turklardan ko`ra boshqacharoq, yaxshiroq muomala qila boshlashdi. Turklar galalashib mening ustimga yopirilmaydi. Borib ish beruvchi bilan hal qiladi. O`zbekistonning obro`si misqollab yig`ilayotgan, Turkiya bilan aloqalarga iliqlik ufura boshlagan paytda shuncha turk, ularning yaqinlari, oilasi, do`stlari, qo`ni-qo`shnilari O`zbekistondan nafratlanadigan bo`ldi. Shu bizga kerakmidi?"