Davlatimiz rahbarining 2013 yil 18 iyunda qabul qilingan tegishli Qaroriga binoan “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo`l qurilishi boshlangan edi. Ekspertlarning fikricha, “Angren – Pop ” temir yo`li O`zbekistonda yagona temir yo`l tizimini shakllantirish, “Xitoy — Markaziy Osiyo — Evropa” xalqaro temir yo`l tranzit yo`lagini yaratish hamda Farg`ona vodiysini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, deb yozmoqda uzreport.uz.
Loyihani amalga oshirishning muhim jihatlaridan yana biri Farg`ona vodiysi viloyatlariga qulay sharoit yaratilib, kelgusida majmuaviy iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishni ko`zda tutadi. Uzunligi 123,1 kilometr bo`lgan yangi asosiy qatnov temir yo`l Qamchik dovoni orqali dengiz sathidan 2,2 ming metr balandlikdan o`tadi. Po`latdan qilingan trassaning noyob qismi 19 kilometrli tunel bo`ladi.
Uning qurilishida "China Railway Tunnel Group" Xitoy kompaniyasining mingdan ziyod xodimi ishtirok etyapti. Ularga mamlakatimizning 500 nafar temiryo`lchisi yordam bermoqda. Ular birgalikda tunnelning 7,3 km.ga beton yotqizib bo`lishdi. Tuneldan tashqari bu erda 285 ta sun`iy ob`ekt, 22 ta ko`prik, 6 ta yo`l o`tkazmalari ham barpo etiladi. Shuningdek, 6 ta temiryo`l stansiyalari va ikkita vokzal qurilishi ham ko`zda tutilgan. Bunyodkorlik ishlariga xitoylik mutaxassislar bilan birga 3 mingdan ziyod yurtimiz temiryo`lchilari, shuningdek 300 dan ortiq elektrmontajchilarimiz ham jalb qilingan. Ular 50 dan ziyod texnik vositalardan foydalanishmoqda. Bugungi kungacha 2 mingdan ortiq temirbeton kolonnalari va 600 dan ko`p metall konsullar o`rnatildi. Yangi yil arafasida “Angren” va “Kul” stansiyalari oralig`ida elektro`tkazgichni montaj qilish ishlari yakunlandi.
Yanvar oyi boshida tunelning Angren tomonidan qurilayotgan 40 km.lik bo`lagida temiryo`lchilar to`sin va relslarni yotqizib bo`ldilar. Yangi temiryo`lning 17 km masofasi esa elektrlashtirildi. Qurilish ishlari joriy yilning oxiriga qadar davom etadi. Keyingi yilda esa barcha infratizim qurilishi nihoyasiga etadi. Xorijiy va mahalliy ekspertlarning fikricha, yangi po`lat magistral mamlakatimizning tranzit imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirib, Markaziy Osiyo davlatlarini bir tomondan Xitoy bilan, ikkinchi tomondan Evropa mamlakatlari bilan bog`laydi.





