AsosiyJamiyat

Toshkentda Al-Xorazmiy informatika va axborot texnologiyalari olimpiadasi o`tkaziladi

'Toshkentda Al-Xorazmiy informatika va axborot texnologiyalari olimpiadasi o`tkaziladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi hamkorligida joriy yilning 16 noyabr kuni poytaxtimizda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi informatika va axborot texnologiyalari olimpiadasi bo`lib o`tadi.

Toshkent shahrida tashkil etilayotgan mazkur olimpiada ham informatika va axborot texnologiyalari fani bo`yicha xalqaro  olimpiadalarga O`zbekiston terma jamoasini shakllantirishning saralash bosqichlaridan biridir.

Ushbu olimpiadada 2018-2019 o`quv yilida hududiy xalq ta`limi va kasb-hunar ta`limi boshqarmalari tomonidan o`tkazilgan asosiy fan olimpiadasining III bosqichida g`olib bo`lib (1-2-3-o`rin), hozirgi kunda umumiy o`rta ta`lim maktablarining 10-11-sinf, akademik liseylarning 1- va 2-bosqich hamda kasb-hunar kollejlarining 3-bosqichida tahsil olayotgan 100 nafarga yaqin iqtidorli o`quvchilar ishtirok etadi. Ishtirokchilar olimpiadada 5 ta dasturlashga doir masalalarni 3 soat mobaynida C++, Pascal va Delphi dasturlash tillaridan foydalanib echishlari kerak bo`ladi.

Informatika va axborot texnologiyalari olimpiadasiga Muhammad al-Xorazmiy nomining berilishi bejiz emas. Shu fanning asosi hisoblangan “algoritm” tushunchasi buyuk bobokalonimiz Muhammad al-Xorazmiy nomidan kelib chiqqan. Bugungi kunda biz foydalanadigan o`nlik pozision hisoblash sistemasi va shu sistemadagi amallarning dunyoga tarqalishiga Al-Xorazmiyning  “Arifmetika” risolasi sabab bo`lgan. O`z davridagi ilm-fanning deyarli barcha sohalarida tadqiqotlar olib borib, 20 ga yaqin asarlar yaratgan. “Al-jabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob”, “Hind hisobi haqida kitob”, “Qo`shish va ayirish haqida kitob” asarlari ilm-fan taraqqiyotida muhim o`rin tutadi. 

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi informatika va axborot texnologiyalari olimpiadasi g`oliblari Xalq ta`limi vaziriligi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan diplom hamda mukofotlar bilan taqdirlanadi. Eng yuqori ball to`plagan dastlabki 20 nafar ishtirokchi iqtidorli o`quvchilar zaxirasiga qabul qilinadi  hamda 2020 yilda Singapur davlatida o`tkaziladigan 32-xalqaro informatika olimpiadasida (IOI-2020) ishtirok etuvchi milliy terma jamoasini shakllantirish bo`yicha saralash bosqichida qatnashish huquqini qo`lga kiritadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar