1

Pishiriq ichidan dori chiqqani haqidagi videolavha uydirma ekan

Salomatlik 15.11.2019, 18:34
Teglar: SSV, tabletka
Pishiriq ichidan dori chiqqani haqidagi videolavha uydirma ekan

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda qaerda chiqarilgani noma`lum pishiriqlar ichidan falajga olib keluvchi tabletka chiqayotgani to`g`risidagi video tarqalgan edi. Biroq Sog`liqni saqlash vazirligi bular quruq mish-mishligini ta`kidladi. 

“Avvalo, aholidan bu kabi asoslanmagan xabarlarga ishonmasliklarini, bu borada umuman xavotirga o`rin yo`q ekanini alohida ta`kidlamoqchimiz”, deyiladi SSV bayonotida. 

Bu borada Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov quyidagicha fikr bildirgan: 
“Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yoki xorijdan respublika hududiga olib kiriladigan har qanday turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, keks va shunga o`xshash shirin pishiriqlar xavfsizligini kafolatlash uchun mahsulot sifati, uni saqlash sharoiti, olib kelingan avtotransport holati to`liq o`rganiladi. Mahsulotdan sanitariya-kimyoviy, mikrobiologik, radiologik tekshiruvlar uchun namunalar olinib, tegishli laboratoriyalarga topshiriladi. Tahlil natijalari amaldagi sanitariya me`yor va qoidalarga to`liq javob bergan taqdirda sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirilib, mahsulotning havfsizligi kafolatlanadi”.

SSVdan ma`lum qilishlaricha, joriy yilning 15 noyabr holatiga qadar Sog`liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi shifoxonalarga yuqoridagi kabi mahsulotlar bilan zaharlanish yoki kasallik alomatlari bilan aholi tomonidan hech qanday murojaatlar bo`lmagan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy markazlariga ham ma`lumotlar kelib tushmagan.

“Bunday asoslanmagan xabarlarga ishonib sarosimaga tushmasligingizni, shuday holatlarni eshitsangiz yoki guvohi bo`lsangiz zudlik bilan hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga hamda 71 276-59-28 raqamli ishonch telefoni orqali Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga murojaat qilishingizni so`raymiz”, deydi SSV o`z bayonotida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1