AsosiyJamiyat

Askarlarga eng yuqori ballning 27 foizi miqdorida imtiyoz beriladi

O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalarida muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan yoshlar davlat test sinovlarini topshirmoqda. Mazkur test sinovlari harbiy qismlar qo`mondonligining mamlakatimiz oliy ta`lim muassasalariga imtiyozli asosda o`qishga kirish imkonini beradigan tavsiyanomasini olish uchun nomzodlarni saralashning yakuniy bosqichidir, deb xabar qilmoqda O`zA.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2012 yil 31 maydagi “O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o`tab bo`lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori muddatli harbiy xizmatni o`tab bo`lgan harbiy xizmatchilarga mamlakatimiz oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirish uchun tavsiyanomalar berishda tegishli tartib o`rnatish hamda ularga berilayotgan imtiyozlarning rag`batlantiruvchi omillarini kuchaytirishdek ezgu maqsadlarga yo`naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Qarorda tegishli tavsiyanomaga ega bo`lgan fuqarolar barcha yo`nalish va mutaxassisliklar bo`yicha mamlakatimizdagi oliy o`quv yurtlariga o`qishga kirishda to`plash mumkin bo`lgan eng yuqori ballning 27 foizi miqdorida qo`shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo`ladi. Nomzodlar bunday tavsiyanomani olish uchun jangovar va ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarlik, harbiy intizom va test sinovlari natijalari bo`yicha eng ko`p ball to`plashi zarur.
Muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan harbiy xizmatchilarga O`zbekiston Respublikasi oliy o`quv yurtlariga kirish uchun tavsiyanoma berish tartibi Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari hamda Milliy xavfsizlik xizmatining qo`shma qaroriga binoan tasdiqlangan maxsus nizom bilan belgilangan. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi harbiy xizmatchilarning jangovar va ma`naviy tayyorgarlikka oid dasturlarni o`zlashtirish darajasi va bilimini yakuniy baholash uchun mas`ul etib tayinlangan.
Toshkent oliy umumqo`shin qo`mondonlik bilim yurtida Toshkent harbiy okrugining harbiy qism va muassasalarida muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan yurt posbonlari birinchilardan bo`lib o`z bilimini sinab ko`rdi.
Test sinovlari mavzuga oid uch yo`nalish – umumharbiy, ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarlik va mantiqiy savollardan iborat. Namunaviy test savollarida harbiy xizmatchilarni tayyorlash dasturlari, ularning jangovar-xizmat faoliyatining o`ziga xos xususiyatlari e`tiborga olingan. Test sinovlari natijalari tegishli tekshiruvdan o`tkazilgach, harbiy qism qo`mondonligiga yuboriladi va aynan shu ma`lumotlar joriy yil mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatchilarni rezervga bo`shatish jarayonida tavsiyanomalar berishda muhim o`rin tutadi.
– Bolaligimdan harbiy xizmatchi bo`lishni orzu qilardim, – deydi navoiylik oddiy askar D.Ubaydullaev. – Muddatli harbiy xizmatni o`tash chog`ida harbiy ishni rivojlantirishning asosiy yo`nalishlarini o`zida mujassam etgan fanlar hamda ixtisosliklar, turli ijtimoiy fanlar bo`yicha zarur bilimga ega bo`lmoqdamiz. Muddatli harbiy xizmatni yakunlaganimdan so`ng oliy harbiy ta`lim muassasasiga hujjat topshirmoqchiman.
Test sinovlari mamlakatimizning boshqa hududlarida ham davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar