O`tgan 2014 yilda Qoraqalpog`istonda davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini ta`minlash natijasida 49 mingdan ziyod yangi ish o`rni yaratilib, aholi bandligi ta`minlandi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti xabar beradi.
Bu borada eng katta e`tibor ayollarni, ayniqsa, kasb-hunar kollejlarini bitirayotgan yoshlarni ish bilan ta`minlashga qaratilgan.
Qoraqalpog`iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2014-2016 yillarga mo`ljallangan dasturiga muvofiq 2014 yil sanoat yo`nalishida 186, qishloq xo`jaligida 338, xizmat ko`rsatish va servis sohasida 941 loyiha amalga oshirilib, 79,3 milliard so`mlik investisiya o`zlashtirildi. Natijada 4 mingdan ortiq yangi ish o`rni yaratildi.
Dastur ijrosi doirasida yuqori sifatli akkumulyator ishlab chiqaruvchi “Nurbek oq-oltin”, gaz va ko`mir bilan ishlovchi isitish uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Hurbibi”, ko`mirbriket mahsulotlarini tayyorlaydigan “Bahodir va K” mas`uliyati cheklangan jamiyatlari, sintetik kir yuvish vositalari ishlab chiqaruvchi “Mang`it grad media”, natriy sulfat ishlab chiqaradigan “Qo`ng`irot natriy sulfat” kabi yangi korxonalarning ishga tushirilishi tufayli yuzlab aholi ish bilan ta`minlandi.
Har biri 360 ming juft paypoq ishlab chiqarish quvvatiga ega bo`lgan Kegeyli tumanidagi “Avtoqayipmaychi”, Qanliko`l tumanidagi “Raya-Ziyoda”, Taxtako`pir tumanidagi “Tkachixa-Taxta”, Beruniy tumanidagi “Beruniy Gold Teks” mas`uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyatining yo`lga qo`yilgani ham aholini, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mutasaddilarning ta`kidlashicha, bu boradagi ishlar joriy 2015 yilda ham izchil davom ettirilib, respublika bo`yicha 49 ming 841 yangi ish o`rni yaratish rejalashtirilgan.





