“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining poytaxtimizdagi tibbiy-ijtimoiy markazida Ewha universiteti (Koreya Respublikasi) gospitalining malakali shifokorlari aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazmoqda, deya xabar beradi uz24.uz nashri.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur xayriya tadbiri doirasida pediatr, oftalmolog, gematolog, kardiolog, terapevt, stomatolog, farmasevt kabi mutaxassislardan iborat Koreya Respublikasi delegasiyasi a`zolari mamlakatimiz shifokorlari bilan hamkorlikda aholiga tibbiy xizmat ko`rsatishni rejalashtirgan.
Haftalik doirasida Ewha universiteti gospitali malakali mutaxassislari va yurtimiz shifokorlari Toshkent viloyati O`rta Chirchiq tumanidagi bolalar shifoxonasi va Yuqori Chirchiq tumanidagi «Ariran» keksalar uyida imkoniyati cheklangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari va ayollarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazadi.





