AsosiyMadaniyat

Surxondaryodagi to`rtta qishloqqa "turizm qishlog`i" maqomi beriladi

'Surxondaryodagi to`rtta qishloqqa "turizm qishlog`i" maqomi beriladi'ning rasmi

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Omonxona, Sherobod tumanidagi Tuz kon, Sariosiyo tumanidagi Sangardak va Oltinsoy tumanidagi Xo`jaipok qishloqlariga "Turizm qishlog`i" maqomini berish tavsiya etildi.

Prezidentimizning 2019 yil 13 avgustdagi "O`zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi farmoniga muvofiq "Turizm qishlog`i" maqomiga ega bo`lgan hududlar birinchi navbatda "Obod qishloq" dasturiga kiritilib, zamonaviy infratuzilma rivojlantiriladi.

Sangardak sharsharasi, Omonxona va Xo`jaipokdagi shifobaxsh suvlari, Tuz kon qishlog`idagi noyob tuz g`orining dunyoga dong`i ketgani ham bu hududlarning turizm salohiyatidan unumli foydalanishda muhim o`rin tutadi. Bundan tashqari ushbu qishloqlarda o`zbek xalqining qadimiy milliy an`analari, o`ziga xos liboslari va amaliy san`at, folklor namunalari saqlanib qolgan. Bular xorijdan kelgan sayyohlarda katta qiziqish uyg`otmoqda.

"Turizm qishlog`i" maqomiga ega bo`lgan hududlarda "Obod qishloq" dasturi doirasida keng, ravon yo`llar barpo etilib, obodonlashtiriladi. Elektr energiyasi, gaz, suv ta`minoti, kanalizasiya tizimi tubdan yaxshilanib, barqaror ishlashi ta`minlanadi. Mobil aloqa va internet tarmog`i sifatini oshirish uchun bazaviy stansiyalar o`rnatiladi. Biroq bunday maqomga ega bo`lish uchun hududda mehmonxona va ovqatlanish xizmatidan tashqari yana beshta xizmat ko`rsatish turlari rivojlangan bo`lishi lozim. Kamida 20 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etilgan bo`lishi kerak. 

Ma`lumot uchun: joriy yilning o`tgan davrida Surxondaryo vohasiga 100 mingdan ziyod xorijlik sayyoh tashrif buyurgan.

Boshqa yangiliklar