Yaponiyaning Osaka shahrida dzyudo bo`yicha “Katta dubulg`a” turniri o`z yakuniga etdi. Bugun bo`lib o`tgan og`ir vaznli polvonlar bahsida 2 nafar vakilimiz 1 tadan kumush va bronza medallariga sazovor bo`lishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati ma`lum qildi.
-90 kg vazn toifasida kumush medalni qo`lga kiritgan Davlat Bobonov Olimpiada reytingi uchun 700 reyting ochkosiga ham ega bo`ldi. Bobonov final yo`lida 2015 yilgi jahon chempioni janubiy koreyalik Dongxan Gvak va amaldagi chempion gollandiyalik Noel Vent End kabi dzyudochilarni mag`lub etishning uddasidan chiqdi. Afsuski, vakilimiz oltin medal uchun kechgan kurashda gruziyalik Beka Gviniashviliga imkoniyatni boy berib qo`ydi.
+100 kilogramm vazn toifasida Alisher Yusupov shohsupaning uchinchi pog`onasiga ko`tarildi. Yusupov bronza medali uchun kurashda musobaqa mezbonlaridan biri Daigo Kagavadan ustun keldi. Ta`kidlash joiz, bu Bobonov va Yusupov uchun faoliyatida “Katta dubulg`a” turkumiga kiruvchi musobaqalardagi dastlabki medal bo`ldi.
Afsuski, yana bir vakilimiz Muhammadkarim Xurramov (-100 kg) bronza medali uchun kurashish bosqichida yaponiyalik Kentaro Iidaga mag`lub bo`ldi. Shu tariqa O`zbekiston terma jamoasi mazkur musobaqada 1 ta kumush va 1 ta bronza medallarini jamg`arib, umumjamoa hisobida 5-o`rinni qo`lga kiritdi.
10 ta oltin, 8 ta kumush va 15 ta bronza medallarini jamg`argan Yaponiya terma jamoasi esa bu borada barcha ishtirokchilarni katta farq bilan ortda qoldirishga muvaffaq bo`ldi.






