1

Surxondaryoda asalarichilik sub`ektlari soni 6 yil ichida 536 taga etdi

Jamiyat 22.01.2015, 09:47
Surxondaryoda asalarichilik sub`ektlari soni 6 yil ichida 536 taga etdi

Surxondaryo viloyatida asalarichilikni rivojlantirish, har tomonlama qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilmoqda, deb xabar berdi O`zA.

2008 yili viloyatda 60 asalarichilik sub`ekti faoliyat ko`rsatgan bo`lsa, 2014 yilda ularning soni 536 taga etgani ham fikrimiz tasdig`idir. Sog`lom bola yilida viloyat asalarichilari tomonidan 500 tonnadan ortiq tabiiy, shifobaxsh va arzon asal mahsuloti etishtirildi.

Viloyat markaziy o`rmon xo`jaligidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, tarmoqni qo`llab-quvvatlash, ichki bozorni arzon, sifatli mahsulot bilan ta`minlashga qaratilayotgan alohida e`tibor shifobaxsh, to`yimli tabiiy ne`mat ishlab chiqarish ko`lamini kengaytirishda yutuqlar omili bo`lmoqda. O`tgan yili sohani moliyaviy qo`llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan 268 million so`m imtiyozli kredit evaziga 4 ming 638 yangi asalari oilasi tashkil etildi. Barcha toifadagi asalarichilik xo`jaliklarida asalarilar soni 32 ming oilaga etdi.

Ayni paytda asalarichilik xo`jaliklariga xizmat ko`rsatish tarmoqlarini rivojlantirish ham doimiy e`tibor markazida bo`lib kelmoqda. Boysun tumanida asalarichilar uchun ish qurollari va boshqa jihozlar ishlab chiqarish o`zlashtirilayotir. Arilarni qish mavsumidan betalafot olib chiqish, imtiyozli narxlarda ari ozuqasi – shakar etkazib berish masalalari o`z vaqtida hal etilmoqda. Bozorlarda asalarichilarning savdo qilishi uchun etarli sharoit yaratilmoqda. Boysun, Sherobod va boshqa tumanlarda asal bilan savdo qiladigan zamonaviy do`konlar bunyod etildi. Tajribali mutaxassislardan iborat guruh a`zolari asalarichilik sub`ektlari faoliyatini o`rganib, amaliy yordam ko`rsatayotir. Ular yangi qo`llanmalar bilan ta`minlanib, seminar mashg`ulotlari o`tkazilmoqda.

– Asalarichilikning o`ziga xos gashti bor, – deydi Uzun tumanidagi «Sof osiyo asali» xususiy korxonasi rahbari Oybek Sulaymonov. – 160 oila asalarini parvarishlamoqdamiz. O`tgan yili uch tonnaga yaqin tabiiy asal etishtirib, arzon narxlarda iste`molchilarga etkazib berdik. Hozir arilarni qish mavsumidan betalafot olib chiqish harakatidamiz. Shu yildan ishlab chiqariladigan mahsulotimizning bir qismini xorijga eksport qilishni mo`ljallamoqdamiz. Tog` va tog`oldi hududlarida quyosh nuriga to`yingan turli gullardan olingan asalning shifobaxshligi va quvvati yuqoriligi mahsulotimiz xaridorgirligini ta`minlayotir.

Shifokorlarning fikricha, asal inson uchun nafaqat tabiiy to`yimli ozuqa, balki ko`plab kasalliklarni davolashda qo`llaniladigan g`oyat shifobaxsh ne`matdir. Asalni me`yorida iste`mol qilib yurish oshqozon-ichak kasalliklarining oldini oladi, immunitetni oshiradi. Biologik faol moddalarga juda boy bu mahsulot insonning qon bosimini me`yorlashtirish xususiyatiga ham ega. Asalari mumi, elimi (propolis) va suti ham shifobaxsh mahsulot sifatida zamonaviy tibbiyotda keng qo`llanilayotir. Farmasevtikada dori-darmon sifatida ishlab chiqarilayotgan ona ari sutida to`rt turdagi V, E vitamini, aminokislotalar mavjud.

Surxon vohasi ari boqish, ko`paytirish va mahsulot etishtirish uchun juda qulay hudud. Ayniqsa, g`o`za, yantoq kabi o`simlik gullari tabiiy glyukozaga boyligi bilan ajralib turadi. Shu bois bunday gullardan olingan asal ko`pchilikka ma`qul kelmoqda.

– Qish – asalarichilar uchun g`oyat mas`uliyatli mavsum, – deydi viloyat asalarichilar uyushmasi raisi Xolida Esonova. – Arilarning sovuq kunlarni xotirjam o`tkazishida kuzda varroatoz kanasiga qarshi kurashish va etarli miqdorda ozuqa bazasini yaratish muhim ahamiyatga ega. Buni yaxshi bilgan asalarichilarimiz mumkataklarda qishga etarli asal qoldirishni an`anaga aylantirgan. Arining qishda qanday oziqlanishi mavsumning iliq yoki sovuq kelishi bilan bevosita bog`liq. Shu bois arilarning qo`shimcha ozuqa bazasi yaratilayotgani tarmoqni yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida sohani rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e`tibor aholini arzon va shifobaxsh mahsulot bilan ta`minlashga xizmat qilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1