AsosiySiyosat

"Fuqarolar uchun Davlat byudjeti — 2020"da nimalar aks etdi va u qanchalik nazoratda?

'"Fuqarolar uchun Davlat byudjeti — 2020"da  nimalar aks etdi va u qanchalik nazoratda?'ning rasmi

 

So`nggi kunlarning muhim ikki yangiligi Prezident Shavkat Mirziyoev 31 oktyabr kuni makroiqtisodiy ko`rsatkichlar, soliq-byudjet siyosati, davlat byudjetining joriy yilda kutilayotgan ijrosi va 2020 yilga mo`ljallangan parametrlar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. 1 noyabr  kuni Moliya vazirligi “Fuqarolar uchun Davlat byudjeti — 2020“ degan hujjatni xalq hukmiga havola etdi.

Shu o`rinda aytib o`tishimiz kerakki, 2018 yilning 22 avgust kuni Shavkat Mirziyoev­ "Byudjet ma`lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarorga imzo chekkan edi. Mazkur qarorga muvofiq, byudjet ma`lumotlarining ochiqligini yanada oshirish maqsadida byudjet mablag`larining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o`rnatishning yangi tartibi belgilangan. Unga ko`ra, 2020 yildan boshlab davlat byudjeti qonun shaklida qabul qilinadi va xalq vakillari tomonidan nazoratga olinadi. Parlamentga taqdim etiladigan Byudjet to`g`risidagi qonun loyihasida va Byudjetnomada aholi va tashqi hamkorlarimizga mamlakat byudjetining holati ochiq-oydin, xalqaro standartlarga muvofiq tarzda ko`rsatilishi kerak.

 

DARVOQE...

Sir emas, odamlar orasida “Byudjetning pullari qayoqqa ketyapti?” — degan nadomatlar yuradi. Idoralarga bu savol berilsa, ular: “Moliya vazirligidan pul olish qiyin”ligini ro`kach qilishardi. Mazkur tartib o`rnatiladigan bo`lsa, endi qaysi sohaga qancha mablag` ajratilgani, sohagagina emas, qaysi idoraga qancha berilishi va nimaga sarflanishi oshkor qilinmoqda va jamoat nazorati o`rnatishga da`vat qilinmoqda.

Joriy etilayotgan yangi tizimning yana bir o`ziga xos jihati — markazlashgan byudjet siyosatidan bosqichma-bosqich voz kechishdir. Masalan, mahalliy byudjetlar daromadini mustahkamlash maqsadida avtomototransport vositalarini ro`yxatdan o`tkazish yig`imlari mahalliy byudjetga o`tkazilmoqda. Alkogol mahsulotlari va mobil aloqa xizmatini ko`rsatish uchun aksiz solig`i tushumlari aholi sonidan kelib chiqib hududlar o`rtasida qayta taqsimlanadi. Qo`shilgan qiymat solig`i va yuridik shaxs­lardan olinadigan foyda solig`i bo`yicha prognozdan orttirib bajarilgan qismi to`liq hududlarda qoldiriladi. 2020 yildan boshlab mahalliy byudjetlarning qo`shimcha daromadlari hokimlar tomonidan emas, mahalliy kengashlar tomonidan ma`qullangan yo`nalishlarga ajratiladi. Faqat kechiktirib bo`lmaydigan xarajatlargina hokimliklar tomonidan tasdiqlanishi va keyinchalik ularning to`g`ri sarflangani haqida kengashlar oldida hisobot berilishi lozim.

“Iqtisodiyot tarmoqlarini "oyoqqa turg`azish", raqobatbardosh qilish uchun keyingi ikki yilda ularga barcha imkoniyatlar berildi. Biroq bu imkoniyatlardan foydalanib, qaysi tarmoq mehnat unumdorligini oshirdi, mahsulotlar raqobatbardosh bo`lishi va eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi ko`payishini ta`minlay oldi? Afsuski, birorta tarmoqni bugungi kunda "zo`r ishladi yoki yuqori natija berdi", deb ayta olmaymiz”. 

Shavkat Mirziyoev

ALAL-OQIBAT...

Iqtisodiyot tarmoqlaridagi tizimli muammolar, inflyasiya darajasining 16 foizdan pasaymagani aholi to`lov qobiliyatiga salbiy ta`sir etmoqda. Vaqt-vaqti bilan oshayotgan maoshlarni pulning qadrsizlanishi ortig`i bilan yutib yubormoqda. 

Eslaymiz — Angliyada konchilar olti yil tinimsiz namoyish qilganiga qaramasdan “temir xonim” — Bosh vazir Margaret Tetcher maoshni 5 funtga ham oshirishga rozi bo`lmagandi. Uning fik­richa, oshirilgan maosh xarajatlari yana mahsulotga yuklanadi va kechagi pulga bugun kechagicha narsa sotib olib bo`lmay qoladi... Iqtisodiyot hali ham o`sha azaliy qoidalarga ko`ra rivojlanadi. Maosh oshirishdan ko`ra, mahsulotlar tannarxini tushirish kerak va korrupsiyani yo`qotish lozim.

O`zbekiston eksportining 60 foizidan yuqorisini hanuzgacha gaz, oltin, kumush, mis, rux, polietilen, kalava ip kabi xom­ashyolar tashkil etayotgani achinarlidir. O`z gazimizni qimmat narxda “Lukoyl”dan qayta sotib olayotganimiz ayanchlidir. 

Shavkat Mirziyoev majlisda mamlakatda charm-poyabzal eksporti bo`yicha kamida 1,5 milliard dollarlik eksport salohiyati borligini ta`kidladi, lekin hozirda bu boradagi ko`rsatkich 200 million dollarga ham etmaydi. "O`zcharmsanoat" uyushmasiga terini chuqur qayta ishlab, ayollar poyabzallari va sumkalari, sport anjomlari va boshqa tayyor charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish orqali eksport hajmini 2 barobar oshirish vazifasi qo`yildi. Lekin yodimizda bu uyushma chetdan kiradigan poyabzalga davlat bojini oshirish taklifi bilan chiqdi, demak, uning mahsulotlari xorijniki bilan raqobat qila olmaydi va u mahsulotlarini chetga emas, oshiqcha narxda xalqimizga sotmoqchi.

To`qimachilik sanoati mahsulotlari ikki barobarga oshgani aytildi, ammo 1 milliard 600 million dollarlik eksportning yarmini ip-kalava eksporti tashkil etmoqda.

Yana bir tahlil: dunyoda meva-sabzavot mahsulotlarining tashqi bozori 205 milliard dollarni tashkil etadi. O`zbekistonning bu bozordagi ulushi esa bir foizga ham etmaydi.

 

"FUQAROLAR UChUN 
BYuDJET — 2020"

E`lon qilingan hujjat har yilgiday bir byudjetdir. Kelgusi yili ijtimoiy sohalar uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablag`lar hajmi ortishi ko`zda tutilgan. Masalan, sog`liqni saqlash tizimiga yo`naltiriladigan xarajatlar joriy yildagiga nisbatan 18 foizga, ta`lim sohasiga — 10 foiz­ga va ilm-fan rivojiga — 47 foizga ko`payadi... 

Statistikaning sir-sinoatlarini oddiy fuqaro bilishi mushkul. Pulga chaqilgan ko`rsatkichlar aniq tasavvur bermaydi. Deylik, million tonna go`sht ishlab chiqsak va o`tgan yil 40 ming so`mdan 40 milliard so`m bo`lsa, bu yil ham shuncha ishlab chiqarsak va bu bugungi narxlarda 60 ming so`mdan 60 milliard so`m bo`lsa, go`sht sanoati ishlab chiqarish hajmi 50% oshdi, desak bo`ladimi?! Bir kiloga ham oshmagan-ku! Qolaversa, har yili aholi soni 300-400 ming kishiga ko`payishi hisobiga kishi boshiga yanada kamaygan bo`lib chiqadi. 

Inflyasiyaning yillik o`sishi 16 foiz­ga oshgani aytilganiga tayansak, ta`lim sohasiga ajratilgan xarajatning 2020 yilda 10 foizga oshganligi aslida xarid quvvatining oshmaganligini, 6 foizga kamayganligini bildiradi. 

BUGUNGI HOLATIMIZNING HAQIQATI

Ayonki, aholi soni oshadi, narx oshadi, maosh oshadi, inflyasiya oshadi, aholi jon boshiga to`g`ri keladigan yalpi mahsulot oshishga ulgurmaydi, maosh narxning ortidan ulgurmaydi — bu bugungi holatimizning haqiqatidir. Shuning uchun Shavkat Mirziyoev inflyasiyani bugungi 16 foizdan yaqin uch yil ichida 9,5 foizga tushirish vazifasini qo`ydi. Moliya vaziri o`rinbosari T.Ishmetov inflyasiyaning yuqoriligi umuman islohotlarning kelajagini xavf ostiga qo`yishini aytanida haqdir.

Kelgusi yil uchun byudjetda inflyasiyaning 12,5-13% atrofida bo`lishi rejalashtirilmoqda. Rejalarga iqtisodiy vaziyat qanday javob qilishi aniq emas. Masalan, yodimizda, 2018 yilda O`zbekiston iqtisodi 5,2% o`sgani holda, inflyasiya — 17,5% oshgan edi.

Xarajatlar qancha?

“Fuqarolar uchun byudjet — 2020”ni ko`rib chiqarkanmiz, umuman olganda, el qatori yaxshi byudjetday ko`rinadi. 

2020 yilda Davlat byudjeti xarajatlari 131 trln. 104,5mlrd. so`m miqdorida bo`lishi prognoz qilinmoqda, bu esa 2019 yilda tasdiqlangan parametrlardan 22,4 foizga ko`pdir.

Shundan 66 trln. 018, 1 mlrd. so`m ijtimoiy xarajatlarga yo`naltiriladi. Davlat byudjeti xarajatlarning qariyb yarmi ijtimoiy sohaga yoki umumiy xarajatlarning 22,9 foizi ta`lim sohasiga yo`naltirilishi kutilmoqda.

Sog`liqni saqlash sohasiga esa 14 trln. 842,6 mlrd. so`m ko`zda tutilgan.

Aholiga nafaqalar, moddiy yor­dam va kompensasiya to`lovlariga 6 trln. 573,7 mlrd. so`m miqdorida mablag` ajratiladi, bu esa 2019 yilda tasdiqlangan parametrlardan 23 foizga ko`pdir.

2020 yilda arzon uy-joylar qurish ishlari davom ettiriladi. Davlat byudjetidan 1 trln. 905,0 mlrd. so`m yo`naltirish rejalashtirilgan.

Gap uning halol ijrosida. Har bir kunimiz taskinbaxsh bo`lmagan, qo`rqinchli xabarlarni olib kelmoqda. Biz davlat va jamiyat tizimida monopolizm, poraxo`rlik, korrupsiya, tanish-bilishchilik, nepotizm, ko`zbo`yamachilik va so`zbo`yamachilik avjiga chiqqan muhitda yashayapmiz. Shu byudjet shu muhitda jamlanadi va shu muhitda sarflanadi-da.

VA NIHOYaT...

Kecha va bugungi ayrim xabarlardan birgina shingil: Samarqand viloyat hokimiyati bir qarori bilan 2018 yilda xaritada umuman bo`lmagan uyni buzishga kompensasiya tariqasida 836 million so`mni Davlat byudjetidan ajratib olgan. Ya`ni uylari buzilgan insonlar tovon puli ololmay ovora bo`lgan, davlatimizdan nolib turgan, davlat boshqa jabhalardan tejab ajratgan pul o`zlashtirib yuborilgan. 

Yana bir xabar: “Jamoat ishlari jamg`armasi tizimida noqonuniy xarajatlar aniqlandi... Moliya vazirligi monitoringi vaqtincha ishsiz aholini jamoat ishlariga jalb qilish bilan shug`ullanuvchi Jamoat ishlari jamg`armasi tizimida 4,7 mlrd. so`mlik noqonuniy sarf-xarajatlarni aniqladi”. Gap nimada? Ishsiz, mardikorchilik qilib yurganlarga ko`cha supurtirish, obodonlashtirish singari ishlarni taklif etib, ularga maosh berish uchun jamg`arma tuzildi, byudjetdan — ya`ni xalqning pulidan ko`p milliardlar ajratildi. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida jamoat ishlariga 284 ming nafar fuqaro jalb etilgan, deb hujjatlashtirilgan va ularga jamg`arma hisobidan 189,4 mlrd. so`m ish haqi to`lab berilgan, deb bilinadi. Tanlab tekshirilganda ham o`nlab suiiste`molliklar aniqlandi. 

Misol uchun, Andijon shahar Aholi bandlikka ko`maklashish markazi bosh hisobchisi "Elga xizmat ko`makdosh" MChJ rahbari bilan kelishgan holda jamoat ishlarini bajarganlik to`g`risida hech qanday hujjatlarsiz 362,8 mln. so`m mablag`ni MChJ hisob raqamiga o`tkazib bergan. Baliqchi tumani Aholi bandlikka ko`maklashish markazi bosh inspektori tumandagi 8 ta mahalla fuqarolar yig`inlari xodimlari bilan kelishgan holda 44 nafar fuqaro bilan tuzilgan soxta mehnat shartnomalari va jamoat ishlarini bajarilganligi to`g`risida hisobot ma`lumotlari asosida 52,4 mln. so`m o`zlashtirilgan, ya`ni o`sha fuqarolar ish bajarmagan ham va bu pullarni ko`rmagan ham. Bulung`ur tumanidagi "Agro farovon zamin" agrofirmasi rahbari agrofirmada ishlab kelayotgan 36 nafar xodimni (xodimlarning bexabarligida) 22 may­da ishdan bo`shatib, 3 oy muddatga haq to`lanadigan jamoat ishlariga soxta buyurtmani tuman Aholi bandlikka ko`maklashish markaziga taqdim etib, 27,4 mln. so`m jamg`armadan asossiz olganligi aniqlandi. Odamlar o`zi bexabar ishdan bo`shagan, ishsiz sifatida jamg`armadan maosh olgan, deb rasmiylashtirilgan va yana joyi­ga tik­langan. Hech bir ish qilinmay, byudjet puli o`zlashtirilgan. Bunday misollarni yana ko`plab keltirish mumkin.

Ko`rib turibmizki, davlat va jamoat nazoratisiz “ayrim” mansabdorlar Davlat byudjetini talosh qilib eb yuboradi.

Xulosa o`rnida:

Ko`p trillionlardan iborat ana shu byudjetning sarflanishi ustidan davlat nazorati bilan birga jamoat nazoratini o`rnatish mexanizmi taklif qilinmoqda va uni amalga oshirish kerak.

Shavkat Mirziyoev byudjet mablag`larini sarflash ustidan qat`iy moliyaviy-byudjet intizomini o`rnatish lozimligini ta`kidladi.

Shu bilan birga, asosiy mezon shunday bo`lishi kerak: iqtisodga yo`naltirilgan byudjetning har so`mi foyda keltirishi kerak, ijtimoiy sohaga yo`naltirilgan mablag` maktablarga, bemorlarga va muhtojlargacha etib borishi kerak. Ishonamizki, agar davlat byujetining xarajat qismi yozilgani kabi halol sarflansa, o`g`irlanmasa, yurtda farovonlik uch-to`rt barobar yuksalgan bo`lardi.

Davlat byudjeti loyihasining ostiga bir muxlis shunday sharh ­qol­di­ribdi: “Davlat byudjetining ellik foizi korrupsionerlarning cho`ntagidadir”. Aytish mumkinki, real jamoatchilik nazorati o`rnatilganidan so`nggina bu da`voga qo`shilish yoki uni rad etish mumkin bo`ladi.

Karim Baxriev, jurnalist

"Darakchi" gazetasidan olindi

    Boshqa yangiliklar