1

Prezident Islom Karimovning O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi nutqi

Jamiyat 23.01.2015, 09:17
Prezident Islom Karimovning O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi nutqi

Assalomu alaykum, qadrli do`stlar!
Hurmatli Senat a`zolari!
Avvalambor, bugun siz, azizlar bilan uchrashib turganimdan va shu fursatdan foydalanib, barchangizga o`zimning chuqur hurmatimni bildirish, sihat-salomatlik, bardamlik, tinchlik-omonlik tilashdan baxtiyorman.

Sizlarni saylovchilarimiz, xalqimizning yuksak ishonchini qozonib, senator degan sharafli nomga sazovor bo`lganingiz bilan samimiy tabriklab, faoliyatingizda yangi omadlar tilayman.
Hammamizga ma`lum: roppa-rosa o`n yil oldin parlamentimizni – bir palatali Oliy Majlisimizni ikki palatali parlamentga o`zgartirgan edik. Ya`ni, quyi palata – professional asosda doimiy faoliyat ko`rsatadigan Qonunchilik palatasi va yuqori palata – vakillik asosida ish olib boradigan Senatning viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatlari hisobidan, O`zbekistonimizning har qaysi 14 ta sub`ekti – Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan saylanishi belgilab qo`yildi.
Bunday o`zgarish va islohotlarni amalga oshirishda chuqur ma`no-mazmun borligidan barchangiz albatta xabardorsiz.
Bu haqda gapirganda, quyidagi masalaga e`tiboringizni jalb etmoqchiman.
Avvalo, O`zbekistonimizning uzoq va boy o`tmishini, uning o`ziga xos, o`ziga mos tomonlarini va jo`g`rofiy xususiyatlarini hisobga oladigan bo`lsak, mamlakatimiz tarkibiga kiradigan 14 ta sub`ekt – Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining har biri o`z tarixi, kerak bo`lsa, boshqalardan farq qiladigan iqtisodiy-ijtimoiy belgi va alomatlari, betakror madaniyati, an`analari bilan ajralib turishi hech kimga sir emas. Va bu haqiqatni hech qachon yodimizdan, xayolimizdan chiqarmaslikni hayotning o`zi talab qiladi.
Iqtisodiyotimiz qonuniyatlari shuni taqozo etadiki, agar har qaysi hudud – bu viloyat, tuman yoki shahar bo`ladimi – ularning talab va ehtiyojlarini ta`minlash bo`yicha rejalarimizni tuzish va tasdiqlash paytida avvalambor ayni shu jihatlarni inobatga olmasak, bunday siyosat hech kimni qoniqtirmaydi va ertaga turli muammolarga duchor bo`lishimiz turgan gap.
Ikkinchidan, parlamentimiz o`z vakolatlarini samarali amalga oshirishi, har tomonlama asosli va puxta qarorlar qabul qilishi uchun zarur bo`lgan, zamonaviy parlamentarizm faoliyatining asosiy maqsadini tashkil etadigan muvozanat va tiyib turish tizimini yaratishni biz o`z oldimizga vazifa qilib qo`ygan edik.
Uchinchidan, Qonunchilik palatasi o`z faoliyatini doimiy professional tarzda olib borishini e`tiborga olgan holda, parlamentning qonun ijodkorligi borasidagi ishining sifatini keskin oshirish nazarda tutilgan edi.
To`rtinchidan, Senat asosan mahalliy kengashlar, hududlarning vakillaridan iborat bo`lishini hamda vakillik vazifasini bajarishini inobatga olib, umumdavlat va hududiy manfaatlarning mutanosibligiga erishish ko`zda tutilgan edi.
Beshinchidan, aholining mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotidagi ishtiroki ko`lamini yanada kengaytirishni maqsad qilib, shu borada yuqori palata – Senatning viloyat, tuman va shahar vakillik organlari deputatlaridan saylanishi belgilab qo`yilgan edi.
Ana shu maqsadlardan kelib chiqib fikr yuritadigan bo`lsak, barchamizga ayonki, Senat a`zolari avvalo joylardagi mahalliy kengashlarning deputatlari – vakillari sifatida faoliyat ko`rsatadi. Ya`ni, siz, hurmatli senatorlar, shuni yaxshi tushunib olishingiz kerakki, birinchi navbatda sizlarga ishonch bildirib, deputat etib saylagan o`z saylovchilaringiz oldida mas`ul va javobgarsiz.
Nega deganda, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy kengashlarining har biri 6 nafar deputatni Senatga vakil qilib yuborgan ekan, ularning hisobotini eshitish va faoliyati haqida xulosa chiqarishga albatta haqlidir.
Shu ma`noda, qabul qilinayotgan qonunlarning sifati va ta`sirchanligini oshirishda Senatning o`rni va ahamiyati, shu bilan birga, mas`uliyati nechog`liq katta ekanini doimo yodda saqlashingiz lozim. Chunki biz qaerda, qaysi lavozimda ishlamaylik, qaysi siyosiy partiyaga a`zo bo`lmaylik, umumdavlat manfaati, O`zbekiston kelajagi barchamizni birlashtiradi.
Siz, hurmatli Senat a`zolari, bu muhim masalaning mohiyatini to`g`ri tushunib, o`z faoliyatingizni aynan shu asosda tashkil etasiz, deb ishonaman.
Qadrli do`stlar!
Ma`lumki, mamlakatimizda ikki palatali parlament ish boshlashi bilan Prezidentning ba`zi vakolatlari Senatga o`tkazildi. Senat O`zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga asosan amnistiya e`lon qilish, O`zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash va lavozimidan ozod etish masalalarini hal qilish vakolatiga ega bo`ldi.
Bundan tashqari, Senat ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirmoqda. U har yili davlat byudjeti loyihalarini ko`rib chiqadi, uning bajarilishini nazorat qiladi, davlat idoralari rahbarlarining hisobotlarini tinglaydi.
Bugungi kunda Senat tomonidan xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyatining samarasini oshirish va ularga uslubiy yordam ko`rsatish, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlariga saylovlarni yuksak demokratik saviyada o`tkazish borasida katta ish olib borilmoqda.
Shu bilan birga, hayotning shiddat bilan o`zgarib borayotgani, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida biz amalga oshirayotgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish vazifasi Senat faoliyatini yanada takomillashtirishni talab qilmoqda.
Ayni shu masalalar bo`yicha Oliy Majlis palatalarining ertaga bo`ladigan qo`shma yig`ilishida atroflicha gaplashib olamiz.
Endi kun tartibiga kiritilgan tashkiliy masalaga o`tadigan bo`lsak, avvalo, Senat raisi va uning o`rinbosarlarini saylash to`g`risidagi masalani ko`rib chiqishimiz zarur.
Ma`lumki, Konstitusiyamizning 93-moddasiga muvofiq, Senat raisligiga nomzod O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan takdim etilishi belgilangan. Ana shu normaga binoan, ko`pgina maslahatlarga asoslanib, men Oliy Majlis Senati raisi lavozimiga senator Nig`matilla To`lqinovich Yo`ldoshev nomzodini taqdim etmoqchiman.
Nig`matilla Yo`ldoshev 1962 yilda, Toshkent shahrida tug`ilgan, huquqshunos.
2011 yildan buyon O`zbekiston Respublikasi adliya vaziri lavozimida ishlab kelmoqda.
N.Yo`ldoshev mehnat faoliyatini Olmaliq shahar prokuraturasining ish o`rganuvchisi lavozimidan boshlab, prokuratura idoralarida katta tergovchi, boshqarma prokurori, bo`lim boshlig`i, Bosh prokuratura huzuridagi departament boshlig`i, Bosh prokuror o`rinbosari lavozimlarida xizmat qilgan.
Mehnat faoliyati davomida orttirgan katta amaliy va hayotiy tajribasi, bilimi, kasbiy mahorati hamda tashkilotchilik va talabchanlik qobiliyatini e`tiborga olgan holda, Nig`matilla To`lqinovich Yo`ldoshev Oliy Majlis Senati raisi lavozimiga har tomonlama munosib nomzod, deb hisoblayman.
Endi Senat raisining o`rinbosarlari lavozimiga nomzodlar haqida gapiradigan bo`lsak, men bu vazifalarga quyidagi nomzodlarni tavsiya etmoqchiman.
Senat raisi o`rinbosari lavozimiga senator Svetlana Boymirzaevna Ortiqovaning nomzodini tavsiya etaman.
Svetlana Ortiqova 1962 yili Namangan viloyati Uchqo`rg`on tumanida tug`ilgan. 1987 yili hozirgi Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi bo`yicha huquqshunos, ko`p yillar O`zbekiston Respublikasi Prokuraturasi idoralarida xizmat qilgan, 2010-2014 yillari Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo`mitasi raisi vazifasida faoliyat ko`rsatgan.
2014 yildan buyon Markaziy saylov komissiyasi raisining o`rinbosari vazifasida ishlab kelmoqda.
O`ylaymanki, bu kishini ham ko`pchilik, shu zalda o`tirganlarning barchasi yaxshi biladi. Avvalo, uning etarli bilim va tajribasini, malaka va mahoratini, obro`-e`tiborini yuksak baholaydi, desam, xato bo`lmaydi.
Ma`lumki, Konstitusiyamizning 86-moddasiga asosan Senat raisi o`rinbosarlaridan biri Qoraqalpog`iston Respublikasining vakili bo`lishi belgilab qo`yilgan. Men bu lavozimga hozirgi vaqtda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi raisi vazifasida ishlab kelayotgan senator Musa Tadjetdinovich Erniyazov nomzodini tavsiya etaman. O`ylaymanki, bu nomzodni ham barchangiz yaxshi taniysiz, uning mehnat va ijtimoiy faoliyati haqida atroflicha ma`lumotga egasiz.
Musa Erniyazov 1947 yilda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Kegeyli tumanida tug`ilgan, muhandis-elektrik. Mehnat faoliyati davomida turli mas`uliyatli lavozimlarda faoliyat yuritgan hamda katta amaliy tajriba to`plagan. Jumladan, qurilish trestida muhandis, uchastka boshlig`i, Qoraqalpog`iston Respublikasi uy-joy kommunal xo`jaligi vaziri, Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash davlat qo`mitasining raisi, Chimboy tumani hokimi, Vazirlar Kengashi raisining o`rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Musa Erniyazov Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi raisi, Oliy Majlis Senati raisining o`rinbosari lavozimida ishlagan davrida o`zining tashkilotchilik va talabchanlik xususiyatlarini ko`rsatgan.
Hurmatli Senat a`zolari!
Senat raisi va uning o`rinbosarlari lavozimiga ko`rsatilgan nomzodlarni qo`llab-quvvatlaysizlar, deb ishonch bildirishga ruxsat bergaysiz. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1