O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 noyabr kuni Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov boshchiligidagi Rossiya delegasiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda Rossiya Federasiyasi sub`ektlari orasida mamlakatimiz hududlari uchun etakchi hamkorlardan biri bo`lgan Tatariston bilan aloqalarning bugungi bosqichidagi dolzarb masalalar va amaliy sheriklikni rivojlantirish istiqbollari ko`rib chiqildi.
O`zaro ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yilda Tatariston poytaxti Qozon shahrida O`zbekistonning bosh konsulligi ochildi.
Rossiyaning ushbu hududi bilan o`zaro savdo hajmi ortmoqda. Mashinasozlik, neft-gaz, kimyo va boshqa tarmoqlarda qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
O`zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, tovar ayirboshlashni ko`paytirish, kooperasiyani kuchaytirish hamda qishloq xo`jaligi, elektrotexnika va farmasevtika tarmoqlari, axborot texnologiyalari, uy-joy kommunal xo`jalik, sog`liqni saqlash va ta`lim sohalarida amaliy loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv so`ngida 2020 yilga mo`ljallangan "yo`l xaritasi"ni qabul qilish va sheriklikni kengaytirish bo`yicha ikki tomonlama ishchi guruhining muntazam uchrashuvlarini o`tkazishga kelishib olindi.