1

Tanzila Narbaeva: Yoshlarni ekstremistik g`oyalar ta`siri bilan bog`liq jinoyatlardan himoya qilishda birgalikda ishlashimiz zarur

Siyosat 28.11.2019, 20:25
Tanzila Narbaeva: Yoshlarni ekstremistik g`oyalar ta`siri bilan bog`liq jinoyatlardan himoya qilishda birgalikda ishlashimiz zarur

2020 yilda O`zbekistonda yoshlar parlamenti tuzilishi mumkin. Yoshlar parlamenti a`zolari yoshlarga daxldor qonunlar tayyorlanishi, takomillashtirilishida senatorlar bilan birga ishtirok etadi. Ushbu jarayonda ularning fikrlari inobatga olinadi.

Bu haqda bugun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi  Tanzila Narbaeva “O`zbekiston” anjumanlar saroyida bo`lib o`tgan “XXI asrda gender va yoshlar masalalarida sheriklikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forumda ma`lum qildi.

Shu bilan birga, Senat Raisi mamlakatimizda yoshlar bandligini ta`minlash, ularning ta`lim-tarbiyasi uchun qo`shimcha sharoitlar yaratish, iqtidorlarini ro`yobga chiqarish maqsadida beshta muhim tashabbus ilgari surilgani va uning doirasida maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani borasida so`z yuritdi.

– Bugungi kunda respublikamizda aholining 60 foizini tashkil etadigan yoshlar manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, ularning salohiyati va iqtidorini ro`yobga chiqarish borasida ham muhim islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbaeva. – Prezidentimiz tomonidan 2016 yil sentyabr oyida birinchi bo`lib “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi Qonunning imzolanganligi, 40 ga yaqin me`yoriy-huquqiy hujjatlarning qabul qilinganligi yurtimizda yoshlar masalasi muhim ahamiyat berilayotganini yaqqol ko`rsatadi. 2017 yilda Prezidentimizning tashabbuslari bilan Yoshlar ittifoqi tashkil etildi, bu esa butun O`zbekiston yoshlarini bir g`oya atrofida birlashtirish uchun qo`yilgan muhim qadam bo`ldi.

Bugungi globallashuv davrida yoshlar va xotin-qizlarni ekstremistik g`oyalar ta`siridan, zo`ravonlik qurboni va odam savdosi bilan bog`liq jinoyatlardan himoya qilish – har bir davlat oldida turgan dolzarb vazifa hisoblanadi. Bu kabi salbiy holatlarning kelib chiqishiga mehnat migrasiyasi masalasi asosiy omillardan biri bo`lmoqda. 

Mazkur muammolarni hal etishda hech qaysi davlat yakka holda samarali natijalarga erisha olmaydi. Shu bois ularga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishimiz va birgalikda ishlashimiz zarur. O`zbekistonda gender tenglikni ta`minlash, oilalar va xotin-qizlar bilan ishlash, yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, migrasiya masalalarini tartibga solish borasida xalqaro standartlarga mos ravishda me`yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va to`liq huquqiy asoslar yaratildi.

Navbatdagi vazifa – mazkur yo`nalishlardagi xalqaro va xorijiy tajribalarni o`rgangan holda ushbu huquqiy hujjatlarni amaliyotga tatbiq etishdan iborat.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1