AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyoning yagona turizm brendi joriy etilishini taklif qildi

'Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyoning yagona turizm brendi joriy etilishini taklif qildi'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, bugun Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi bo`lib o`tmoqda.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda ko`p tomonlama hamkorlik bo`yicha yagona nuqtai nazarni kelishish zarurligini ta`kidlab, uning asosiy yo`nalishlari haqida o`z fikrlarini bildirdi, qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Bu, avvalo, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy aloqalarni rivojlantirishdir. Katta bozorga ega, tabiiy xomashyo va inson resurslari salmoqli bo`lgan mintaqamizning raqobatdosh ustunliklarini imkon qadar to`liq ishga solish muhim. Qo`shilgan qiymat zanjirini shakllantirish, mintaqa ichidagi savdoni kengaytirish, ish o`rinlarini yaratish maqsadida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yangi imkoniyatlarni aniqlash va kooperasiya loyihalarini amalga oshirish lozim.

O`zbekiston qishloq xo`jaligi mashinasozligi, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to`qimachilik sanoati, agrar tarmoqda faol hamkorlik qilishga tayyor ekani bildirildi.

Prezidentimiz shu maqsadda Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari investisiyaviy forumini tashkil etish, savdo-sanoat palatalari rahbarlari uchrashuvlarini har yili o`tkazishni taklif qildi.

Ikkinchi muhim yo`nalish – mintaqaning transport jihatidan o`zaro bog`liqligini mustahkamlash va tranzit salohiyatini ro`yobga chiqarish.

Markaziy Osiyoning transport tizimi yaratilayotgan zamonaviy logistika infratuzilmasidan foydalangan holda mintaqa ichida uzluksiz kommunikasiyani ta`minlashi, shuningdek, tobora ortib borayotgan tranzit oqimlariga samarali xizmat qilishi lozimligi ta`kidlandi. 

Transport kommunikasiyalari bo`yicha mintaqaviy kengash tuzilishini, Markaziy Osiyo transport tizimini birgalikda rivojlantirish bo`yicha dastur va bitimning kelishilishini tezlashtirish muhimligi qayd etildi. 

Uchinchidan, mintaqamizning uzoq muddatli manfaatlarini hisobga olgan holda energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligi, O`zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish, zamonaviy energetika infratuzilmasini yaratish borasidagi qo`shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekani ta`kidlandi.

Mamlakatlarimizning ulkan turizm salohiyatini amalga oshirish yana bir istiqbolli yo`nalishdir. Davlatimiz rahbari buning uchun Markaziy Osiyoning yagona, ko`pchilik taniydigan turizm brendi, mintaqa uchun umumiy bo`lgan jozibador turizm mahsulotlarini shakllantirish lozimligiga e`tibor qaratdi. 

Shu maqsadda Prezidentimiz “Markaziy Osiyo bo`ylab sayohat” xalqaro turizm konferensiyasini o`tkazish taklifini bildirdi. 

Shavkat Mirziyoev suvdan foydalanish borasidagi muammolarni hal etishga doir o`zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishni taklif etdi, Afg`onistonda tinchlik, milliy murosa va iqtisodiy tiklanishga erishishga ko`maklashish yo`lida mintaqa mamlakatlarining sa`y-harakatlarini muvofiqlashtirish muhim ekanini ta`kidladi.

    Boshqa yangiliklar