1

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muzokaralari kengaytirilgan tarkibda davom etdi

Siyosat 29.11.2019, 15:52
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muzokaralari kengaytirilgan tarkibda davom etdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev majlis ishtirokchilarini qutlar ekan, ikkinchi Maslahat uchrashuvining o`tkazilishi manfaatlarning o`zaro mushtarakligi,  mamlakatlarimiz mintaqaviy taraqqiyotning eng dolzarb masalalari bo`yicha ochiq muloqot va birgalikda qarorlar qabul qilishga tayyor ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqlashini ta`kidladi.

Markaziy Osiyo doimo o`zining boy madaniy-tarixiy merosi bilan Evropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bog`laydigan noyob ko`prik bo`lib xizmat qilib kelgani qayd etildi. Bugungi kunda mintaqada ulkan tabiiy zaxiralar, katta insoniy salohiyat mavjud, dunyoning o`zaro raqobatga kirishayotgan qudratli davlatlari manfaatlari kesishgan. 

Shu va boshqa omillar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka ta`sir etadigan yirik beqarorlik o`choqlari bevosita yaqin hududlarda joylashgani mintaqa mamlakatlari oldiga barqarorlik, yangi xavf-xatar va tahdidlar vujudga kelishi, bunday sharoitda mintaqaviy hamkorlik qanday olib borish kerakligi xususida murakkab masalalarni qo`ymoqda.

– Siyosiy iroda va amaliy qadamlarimiz tufayli biz hamkorlikning yanada yuqori bosqichiga ko`tarilmoqdamiz, – dedi davlatimiz rahbari. – Bizning hamjihatligimiz va faol sa`y-harakatlarimiz ko`pqirrali mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi. Biz qisqa muddatda birgalikda, amalda oldinga siljishga erishdik.

Xususan, O`zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi so`nggi yillarda 2 barobarga, qo`shma korxonalar soni 4 barobarga o`sdi. Birgalikdagi sa`y-harakatlar bilan chegaralarning huquqiy rasmiylashtirish ishlari yakunlanish arafasida, oltmishga yaqin o`tish punktlarining to`laqonli faoliyati ta`minlandi, vizalar bekor qilindi. Ishbilarmonlik va hududlararo aloqalar, transport qatnovlari, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.

O`tgan yili O`zbekistonda birinchi Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi hamda mamlakatlarimizning bosh vazirlari o`rinbosarlari darajasida Ishchi guruhning dastlabki uchrashuvi bo`lib o`tdi. 

Bularning barchasida barqaror bir tendensiya – davlatlarimizning mustaqil roli va umumiy kelajak uchun mas`uliyati kuchayib borayotgani namoyon bo`lmoqda, deb ta`kidladi Prezident Shavkat Mirziyoev. Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy va global masalalar bo`yicha tobora ko`proq umumiy pozisiyadan turib fikr bildirayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

– Bizning mintaqadagi o`zaro yaqinlashuvimiz va hamkorlikni kengaytirishimiz – bu zamon talab qilayotgan va orqaga qaytmaydigan jarayon ekanini ta`kidlamoqchiman. U qat`iy siyosiy qarorga asoslangan bo`lib, chuqur tarixiy omillarga ega va kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilgan emas, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilarini savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikasiya va energetika sohalaridagi vazifalarni amalga oshirish uchun butun kuch va imkoniyatlarni safarbar etishga chaqirdi. 

Shu munosabat bilan, Markaziy Osiyo investisiya forumi va mamlakatlarimiz savdo-sanoat palatalarining ilk yig`ilishini o`tkazish, shuningdek, Transport kommunikasiyalari bo`yicha mintaqaviy kengash tuzishni tezlashtirish, “Bir sayohat bilan butun mintaqa bo`ylab” tamoyili asosida qo`shma dasturlarni ilgari surish uchun Xalqaro turizm konferensiyasini tashkil etish taklif etildi. 

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari Parlamentlararo do`stlik guruhini ta`sis etish hamda “Markaziy Osiyo – yagona o`tmish, umumiy kelajak” shiori ostida madaniy-gumanitar almashuv platformasining yaratilishi bizning barcha xalqlarimiz manfaatlariga javob berishi ta`kidlandi.  

Prezidentimiz ilm-fan, madaniyat va san`at sohalarida erishilgan salmoqli yutuqlar uchun Markaziy Osiyo mukofotini ta`sis etish, shuningdek, universitetlar forumlari va mintaqaviy sport o`yinlarini tashkil etish taklifini ilgari surdi.

– Har yili Navro`z bayrami arafasida navbati bilan har bir mamlakatda Markaziy Osiyo madaniyat kunlarini o`tkazishni muhim deb hisoblaymiz. Bularning barchasi qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Suvdan birgalikda foydalanishning dolzarb masalalarini,  mintaqaning murakkab suv va ekologik muammolarini hal qilishning barcha uchun maqbul echimini izlash o`zaro kelishilgan yondashuvlarni talab etadi. Innovasion texnologiyalarni jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini tatbiq etish, cho`llashishni bartaraf qilish va boshqa kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida O`zbekiston Prezidenti BMT shafeligidagi Orolbo`yi mintaqasi uchun Trast fondi imkoniyatlarini samarali ishga solishni taklif etdi.

Eng muhim ustuvor vazifa – mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta`minlashdan iborat ekanini hisobga olib, davlatimiz rahbari O`zbekiston zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga keng miqyosda qarshi turish uchun mamlakatlarimizning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari va maxsus xizmatlarining operativ hamkorlik qilishi bo`yicha ishchi mexanizmlarni yaratish tarafdori ekanini ta`kidladi.

– Afg`oniston mintaqamizning uzviy bir qismidir. Ushbu diyorga tinchlik va taraqqiyot yo`liga qat`iy qadam qo`yishi uchun yordam berish – barchamizning umumiy manfaatlarimizga to`liq mos keladi. Muammoni siyosiy yo`l bilan hal qilish borasidagi asosiy tamoyillarga amal qilish zarur deb hisoblaymiz. Avvalambor, bu – zo`ravonlikdan voz kechish, o`t ochishni to`xtatish, muloqot va murosaga tayyorlikni namoyon etishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, Afg`onistonda muhim infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga faol jalb etishga qaratilgan kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish o`ta muhimdir.

Prezidentimiz bu ustuvor vazifalar Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha Yagona qarash hujjatida o`z aksini topishiga ishonch bildirdi. 

Shavkat Mirziyoev uchrashuv ishtirokchilarini o`zaro hamkorlikning asosiy maqsad va tamoyillarini kelishib olishga, inson, kapital, tovar va xizmatlarning harakati, shuningdek, keng madaniy-gumanitar almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratib berish, Markaziy Osiyoda do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va sheriklikni mustahkamlashning amaliy mexanizmlarini shakllantirish va yo`lga qo`yishga chaqirdi.

Turkmaniston Prezidentining taklifiga binoan davlat rahbarlari Qozog`istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboevni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvining Faxriy raisi etib bir ovozdan sayladilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1