AsosiyShou-biznes

Tohir Saidov: “shu yo`ldan keldim, shu yo`ldan ketaman”

Bu insoning nigohida o`t bor. U obrazga kirganda ko`zlari ham so`zlaydi. Buni «Majruh», «Chavandoz», «Sug`diyona», «Bir kelib keting qishlog`imizga» kabi filmlari orqali ham sezgandirsiz. Bugungi suhbatdoshimiz O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, O`zbekiston milliy akademik drama teatrining mahoratli aktyori Tohir SAIDOV. Keling, aktyorning san`at va hayot haqidagi fikrlariga birgalikda quloq tutamiz...

“KASB EMAS ODAMIYLIK MUHIM”

Nazarimda qaysidir kasb egasi bo`lish emas, balki haqiqiy inson bo`lish qiyinroq. Chunki chin insoniylikning talablari juda-juda bisyor. O`zidagi barcha ezgu fazilatlarni to`liq shakllantirib, uni jamiyat manfaati uchun yo`naltirish bu – har qanday insonning ham qo`lidan kelavermaydigan ish. Kasbga keladigan bo`lsak, odam qilgan ishni odam qiladi. Juda yuksak darajada bo`lmasa-da, oddiyroq tarzda  qila oladi. Lekin astoydil intilsa yuksak darjada ham uddalashi mumkin.

Odam bir kasbni mukammal egallab, shu orqali oila boqishi, o`z orzu-istaklarini amalga oshirishi, xalqqa, kelajak avlodga nimadir qoldirishi mumkin. Goh u, goh bu sohani boshini tutib, hammasini o`lda-jo`lda qilib, keyin «har sohada ijod qilmoqdaman» deb maqtanish oson, biroq baribir natija kutilgandek bo`lmaydi. Bu, albatta, mening shaxsiy fikrim.

“TEATR VA KINO EGIZAK”

Teatr va kino ikkalasi egizak san`at. Sahnada yaratgan hayotiy haqiqatingizni, albatta, kinokamera oldida ham xuddi shunday yarata olishingiz mumkin. Lekin birortasidan xayolan voz kechish fikri tug`ilsa,  ustoz Shukur Burxonovning «Shu yo`ldan keldim, shu yo`ldan ketaman», degan so`zlari xayolimga keladi. Va teatr bilan boshlagan ijodimni, aynan teatr bilan davom ettiraman va undan ajralmaslik harakatida bo`laman degan qarorga kelaman.

  Bir paytlar «Qiziqchi-91» ko`rik-tanlovida g`olib bo`lganimdan so`ng ko`plab davralarda, uchrashuvlarda shu qobiliyatimdan foydalanib tomoshabinlarning ko`nglini chog` qildim, biroq qiziqchilikni o`zimga kasb qilib, shu yo`lni tutib ketganim yo`q. Vaholanki, o`shanda institutni bitirib, Respublika satira teatriga ishga kirganman va bu teatrning faoliyati bevosita qiziqchilik bilan bog`liq bo`lganligi uchun shu tanlovda ishtirok etganman. Ammo baribir teatrga bo`lgan mehrim chuqurroq. Mening qalbimda, yuragimda shu teatrda dramatik, komedik va tragik rollarni ijro etish istagi ustun.

Aktyor tanlagan roli orqali tomoshabinga biror narsani etkazib bera olmasligini bildimi, demak, bunday roldan voz kechgani ma`qul. Ba`zilar rejissyor nimani bersa, o`shani o`ynab ketaveradi. Undaylarning o`z fikri, dunyoqarashi, o`zining aytmoqchi bo`lgan so`zi bo`lmaydi, menimcha. Shuning uchun aktyor, rejissyor va xonandalar o`z ishiga o`ta mas`uliyat bilan yondashgani ma`qul. Ana shunda so`nmas sifat hukmron bo`ladi.

“YoShLARNI TANQID QILAVERMANG!”

Bizning teatrimizda etti yoshdan etmish yoshgacha bo`lganlar uchun turli janrdagi spektakllar qo`yiladi. Menimcha, bularning birini boshqasidan ajratib, yaxshi-yomon, deb bo`lmaydi. Chunki buni tomoshabinning did nuqtai nazaridan qarab ko`ra olish mumkin. Misol uchun, menga komediyadan ko`ra ko`proq o`tkir dramatik va tragik spektakllarni ko`rish rohat bag`ishlaydi. Kimgadir komediya janrida ishlangan va yana kimgadir musiqiy spektakllar yoqadi. Shuning uchun ham har bir tomoshabinning xohishi va qiziqishiga mos bo`lgan barcha asarlar bizning teatrimiz repertuaridan joy olgan. Hozirda yoshlarimizning ijodidan norozi bo`lib matbuot, televidenie orqali ko`p gapirishadi, bu holat menga yoqmaydi. Endi unib-o`sib kelayotgan yoshlarning xatolarini oshkor etishdan ko`ra, bu borada ularga to`g`ri tushuncha berish, munosib tomonga yo`naltirish ko`proq samara beradi. Ularning ba`zi harakatlari bizga yoqmayaptimi, balki bu bizning qarib qolayotganimizdan darak berar...  Chunki hozirgi yoshlar kelajak sari sog`lom fikr bilan intilishyapti.

“San`atdagi o`rnimni tomoshabin belgilasin”

San`atda qay darajada o`ringa egaligimni o`zim aytishim noto`g`ri bo`ladi menimcha. Ya`ni, «mening kimligimni el bilsa bo`ldi»... Demoqchimanki, tomoshabin meni qaysi o`rinda ko`rsa, ana shu joy menga ma`qul. Ko`pchilik bugungi kun kinosini biroz oqsayotganini ta`kidlaydi. «Bugungi  kun kinosi» degan jumlaga men umuman qo`shilmayman. Negaki, turg`unlik yillarida ham «O`zbekfilm» kinostudiyasida ko`plab kartinalar suratga olingan. Lekin yillar suronidan omon o`tib, muxlislarini topgan filmlarimiz barmoq bilan sanarli. Qolganlari esa muxlislar qiziqishi va xohishiga to`g`ri kelmaganki, bizga meros bo`lib qolmagan. Shuning uchun bugungi kun filmlarining mavzularini ham qoralamayman.

 “MENDA HAM BOLA-ChAQA BOR...”

Ko`pgina mahoratli kino va teatr aktyorlarini sayoz filmlarda rol ijro etganlarini ko`rib, muxlislar norozi bo`lishadi. Albatta, ularning fikriga qarshi chiqmoqchi emasman. Lekin o`sha sayoz filmda suratga tushgan san`atkor bu haqida o`ylab ko`rmagan deb o`ylaysizmi? Albatta, o`ylagan va mulohaza qilgan. O`zimda ham shunday tushuncha bor: rolim menga yo obro` keltirsin, yoki daromad. Shunday ekan, tijorat filmlarida o`ynashga majburman, axir mening ham oilam, o`zimga yarasha ro`zg`or tashvishlarim bor... «Men unday filmda emas, bunday filmda rol ijro etishim kerak», deb, ikki-uch yilda bir keladigan asarni kutib o`tira olmayman-ku...

“Or qilgan rollarim”

Lekin odam yoshi katta bo`lib, farzandlari ulg`aygan sari ba`zi rollarni ijro etishni o`ziga ep ko`rmay qolar ekan. Masalan, hajviy ko`rsatuvlar ishlar edik. To`g`ri, unda hamma narsa hajviy bo`lgani bilan, ba`zi o`rinlari bachkanalikdan xoli bo`lmasdi. Shunda farzandlarim mana shu ijodimdan norozi bo`lib, qaysidir ma`noda or qilganlarini bilib, ana shu faoliyatimdan voz kechishga majbur bo`lganman.

Raqobat va xiyonat haqida

Aktyorlar o`rtasida ijobiy ma`nodagi raqobat kuchli, nimagaki bitta rolga ikki-uch kishi to`g`ri kelganida, ular o`rtasida ijodiy va ijobiy muloqotlar yuzaga keladiki, bu san`atimizning o`sishiga ko`maklashadi.

Kimdir dilingizni og`ritishi, sizga tuhmat qilishlari xullas, shu kabi voqealar bu hammaning hayotida, faoliyatida bo`ladi. Men esa bir aktyor, bir oilaning otasi, bir inson sifatida kimningdir menga qilgan xiyonati-yu aytgan gap-so`zlarini matbuotda oshkor qilishni o`zimga ep bilmayman.

Hidoyat SADRIDDINOV yozib oldi

    Boshqa yangiliklar