Toshkent viloyati Qibray tumanida aholi iste`moli uchun yo`naltirilgan tabiiy gazdan tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan noqonuniy ravishda olinayotgan 20 ming kub gaz to`xtatilib, aholiga yo`naltirildi.
O`zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov rahbarlik qilayotgan ishchi guruh 5 dekabr kuni Qibray tumanida bo`lib, aholi va ijtimoiy soha ob`ektlarining gaz bilan ta`minlanganlik holati, gaz tizimiga noqonuniy ulanishlarni aniqlash hamda tarmoqdan uzish, mavsumiy iste`molchilar – g`isht zavodlari, issiqxonalar va boshqa ishlab chiqarish quvvatlarini muqobil isitish tizimiga o`tkazish bo`yicha o`rganish va targ`ibot tadbirlarini o`tkazdi.
O`rganish jarayonidan berilgan ma`lumotlarga ko`ra, Qibray tumanidagi tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan bir kunda noqonuniy 20 ming kub gaz sarflanmoqda. Bu miqdordagi gaz ayni sovuq kunlarda 2 ming aholi xonadoni ehtiyojini ta`minlashga etadi.
Ishchi guruh tomonidan tadbirkorlik sub`ektlariga gaz tarmog`iga belgilangan tartibda ulanish bo`yicha tegishli tavsiyalar berilib, ular tomonidan foydalanib kelinayotgan 20 ming kub tabiiy gaz aholi ehtiyoji uchun yo`naltirildi.
Shu kuni Qibray tumanida tashkil etilgan ishchi guruh shtabida 5 dekabr kuni olib borilgan o`rganishlar tahliliga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazildi.
Ishchi guruh a`zolari, soha mutaxassislari, tuman sektor rahbarlari ishtirokida bo`lib o`tgan yig`ilishda ishchi guruh tomonidan aniqlangan muammolarni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.