1

Markaziy Osiyoda yagona bo`lgan Yaponiya tadqiqotlar tahliliy markazi ochildi

Siyosat 13.12.2019, 17:21
Markaziy Osiyoda yagona bo`lgan Yaponiya tadqiqotlar tahliliy markazi ochildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Markaziy Osiyo mintaqasida yagona bo`lgan Yaponiya tadqiqotlar tahliliy markazi ochildi. Bu haqda O`zA xabar qildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Innovasion rivojlanish vazirliklari, O`zbekiston Fanlar akademiyasi, Yoshlar ittifoqi, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi mutasaddilari, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakolatxonasi, “O`zbekiston – Yaponiya” do`stlik jamiyati vakillari, professor-o`qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

13.jpg

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta`lim, sog`liqni saqlash va sport masalalari bo`yicha maslahatchisi, mazkur universitet rektori Abdujabbor Abduvohidov, Yaponiyaning O`zbekistondagi elchisi o`rinbosarining maslahatchisi Suda Asushi ushbu markaz O`zbekiston – Yaponiya aloqalarini barcha sohalarda chuqur tahlil qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini qayd etdi. Ikki davlat o`rtasida o`rnatilgan strategik sheriklik munosabatlari siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar, innovasiya va sayyohlik yo`nalishlari qatori fan va ta`limda ham jadal rivojlanib borayotgani ta`kidlandi.

Prezidentimizning joriy yil 8 oktyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi farmoni bu kabi ishlarni tizimlashtirishda dasturilamal bo`layotir.

Ayni paytda Toshkent davlat yuridik universitetida Nagoya universiteti hamkorligida ochilgan Yapon huquqini tadqiq etish markazi, Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi O`zbekiston – Yaponiya yoshlari innovasion markazi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Yaponiya ko`magida tashkil etilgan O`quv media-markazi faoliyat ko`rsatmoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik institutida yaponshunoslik fakulteti ish boshlagani kabi amaliy ishlar kelgusidagi hamkorlikni ham yanada mustahkamlaydi.

6-faqat saytga.jpg

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so`ng besh mingdan ziyod o`zbekistonlik yosh Yaponiyaning turli universitetlarida tahsil olib, o`z bilimlarini mustahkamlagan.

Bu jarayonlarda faol ishtirok etib kelayotgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Yaponiyaning nufuzli oliy ta`lim muassasalari bilan talabalar almashuvi dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, Yaponiyadan kelgan taniqli mutaxassislar talabalarga yapon tilidan saboqlar bermoqda.

Ushbu ijobiy ishlarning mantiqiy davomi sifatida universitet qoshida Yaponiya tadqiqotlari tahliliy markazi faoliyat boshladi. Bu erda yuqori malakali mutaxassislar, ilmiy xodimlar, ekspertlar guruhi Yaponiya davlati va jamiyatini keng qamrovli, kompleks tarzda o`rganadi. Shuningdek, ushbu mamlakatda ro`y berayotgan muhim siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlar bo`yicha fundamental ilmiy izlanishlar olib borish, Yaponiyaning xalqaro maydondagi tashabbuslari, davlatlararo munosabatlari, tashqi siyosat konsepsiyalari, amaliy sa`y-harakatlari, muammo va echimlari tadqiq etiladi.

Markazda kunchiqar yurtning boy tarixi, qadimiy an`analari, yapon xalqining ko`p asrlardan buyon bezavol saqlanib kelayotgan madaniy-ma`naviy merosi, milliy qadriyatlari, urf-odatlari chuqur o`rganilib, mamlakatni modernizasiya qilishning o`ziga xos tajribasi puxta o`zlashtiriladi. Bu erda taqdir taqozosi bilan urushdan keyingi yillarda yurtimizga kelib qolgan 25 mingga yaqin yapon bilan bog`liq qiziqarli ma`lumotlar, mustaqillikdan keyin olib borilayotgan ikki tomonlama munosabatlar tarixi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi ko`p tomonlama aloqalarni o`rganishga oid ma`lumotlar bazasi jamlangan.

Zamonaviy tahlil markazining ochilishi universitetning ilmiy salohiyati va imkoniyatlari, yoshlarga dars berish sifatini har tomonlama yuksaltirishga ko`maklashadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1