AsosiyDunyo

Banklar tarixidagi eng yirik o`g`riliklar

Bundan roppa-rosa 79 yil muqaddam, 1934 yil 22 iyulda «Qo`lga tushmas shovvoz» nomini olgan Jon Dillinjer AQSh mahfiy xizmat xodimlari tomonidan otib o`ldiriladi. Ko`p yil maxsus tayyorlangan josuslar kuzatuvida bo`lgan Jon amerikaliklar orasida banklarni o`marish bo`yicha ustasi farang hisoblanardi. Uni hatto «bank o`g`rilarining otasi» ham deyishgan. Buni qarangki, Jonning o`limidan so`ng uning «kasbi»ni davom ettirgan  hamda uslubiga yangiliklar kiritganlar ko`plab topildi.

1945 YIL, GERMANIYa....

 Germaniyaning Reyxsbank banki azaldan oltin quymalariga boy sanalgan. Bank seyflarida saqlanayotgan bir necha tonnali oltinlar, albatta, sarguzasht ishqibozlarini befarq qoldirmasdi. Ba`zi ma`lumotlarga ko`ra, mazkur bankda Germaniyaning katta xazinasi qo`riqlangan.  

1945 yil urush yakuni munosabati bilan mag`lub davlatning moliyaviy holati o`rganiladi. Ana shunda o`sha mashhur  Reyxsbankning sirli seyflari ham ko`zdan kechiriladi. Tekshiruvchilar binoning barcha katta-kichik tuynuklaridan to mahfiy xonalarigacha tintishgan bo`lsada, tog`-tog` hazinani topa olishmaydi. Hisob-kitob ishlari esa jamg`armadan 3,34 milliard AQSh dollari o`g`irlanganini ko`rsatardi. Bu ish birvarakayiga qilinmagan. Chunki o`sha paytlarda hamma yoqda to`s-to`palon, vayronagarchilik bo`lgan. O`g`irlashni reja qilganlar bir necha marta aytilgan mablag`ni olib ketishgan. Germaniya tarixida mazkur jinoyat xanuz echimi topilgan jumboqlardan biri hisoblanadi. Keyinchalik o`tkazilgan tergov ishlari ham hech qanday natija bermagan.

1976 YIL, FRANSIYa ...

«Dabdabali o`g`rilik» nomi bilan tarixga kirgan hodisa huddi Gollivud filmlaridan olingandek. 1976 yil 16 iyul. O`sha kuni jinoyat olamining nomdor rahnamolaridan biri  Albert Spadjiari hamtovoqlari bilan birga Nissadagi Sosete Jeneral bankini o`marishadi.  Qo`lga kiritilgan o`lja unchalik katta emas, 9,8 millionni tashkil etgan. Bayram kunini mo`ljallangan o`g`rilar er ostidan qazilgan  yo`l yordamida binoga kirishadi. Rejalarini amalga oshirgach esa toliqishganidanmi yoki ko`ngilxushlik qilishga boshqa joy topilmaganmi, xullas bankda qolib tong ottirishadi. Seyflardan topilgan suratlar to`plamini tomosha qilib, mayxo`rlik qilishadi. Ketish oldidan esa devorda yozuv qoldirishni ham unutishmaydi: «G`arazlik, zo`ravonlik  va qurolli tajavuzlarsiz»

1987 YIL, BUYuK BRITANIYa....

Gohida o`n-o`n besh kishi eplashi mumkin bo`lgan ishlarni bor yo`g`i ikkita odam bajargani hayratga soladi. Ayniqsa bu katta hajmdagi o`g`rilik bo`lsa...

1987 yilning 12 iyuli. Odatdagidek Knightsbridge banki mijozlar bilan gavjum. Kelib-ketayotganlar shu qadar ko`pki darvoza oldida turgan soqchilar qurollangan ikkita kishining ichkariga kirganini payqamay qolishadi. Xuddi, to`pponcha o`qtaldi, o`mardi, ketdi, deyilganidek o`g`rilar mijozlarga po`pisa qilib, bank xodimlarini garovga olishadi. «Vaqtincha ishlamayapti» tamg`asini eshikka osib, rejaga ko`ra 174 million AQSh dollarini cho`ntakka urishadi. Qizig`i, o`g`rilar qay tariqa osonlik bilan kirishgan bo`lsa, huddi shunday chiqib ketishadi.

2005 YIL, BRAZILIYa ...

Iyul tonglarining birida Fortaleza shahrida joylashgan bankning «po`lat sandiq» lari bo`m-bo`sh holda topiladi. Voqea joyidan polisiya xizmatiga xabar qilgan ishchilar o`g`rilik qanday sodir etilganini bilishmasdi. Tergov jarayonida esa hammasi fosh bo`ldi. O`g`rilar uzoqda emas, shundoqqina bank binosiga yaqin dala-hovlini ijaraga olishgan ekan. Bir necha kun davomida erostidan yo`l qazishgan bo`lib, uzun yo`lakka elektr yoritgichlar hamda havo purkagichlarini ham o`rnatishibdi. Qulay qazilgan, yorug` va salqin erosti yo`lakchasidan o`g`rilar osonlikcha 76 million 800 ming AQSh dollarini olib chiqishgan.

2006 YIL, ANGLIYa...

Hamma narsaning hisobini olgan jinoyatchilar o`g`rilikni odatdagidek amalga oshirishni istashmaydi. Polisiya xizmatchisi libosini kiyib olgan firibgarlar guruhidan biri uyi tomon oshiqayotgan Kent banki menejerining mashinasini to`xtatadi. «Xotining va o`g`ling gavroda. Ular uchun katta tovon to`laysan» deya qurollangan kishi u bilan birga bankka qaytadi. Aytilgan gapga chippa-chin ishongan bank xodimi ham ular aytgan summani seyflardan chiqarib beradi. 92,5 million AQSh dollarini o`margan jinoyatchilar ko`zdan g`oyib bo`lgach, haqiqiy polisiya xizmatchilari etib kelishadi. Ammo kech bo`lgandi. Jinoyatchilar qo`lga olinmaydi.

2009 YIL, ShVESIYa...

Bu o`g`rilik butun Shvesiyani oyoqqa turg`azgandi. 20 daqiqa ichida sodir bo`lgan voqeaga ishonishni ham ishonmaslikni ham bilmaysan...Biroq million kron o`marilgani ayni haqiqat.

Operasiya tonggi 05:19 da boshlanadi. Bank binosi tomiga oq rangi vertalyot qo`nadi. Undan to`rt nafar qurollangan kishi tushib, to`g`ri qimmatbaho qog`ozlar saqlanadigan xonaga yo`l oladi. Bino qo`riqlash tizimi ishga tushganiga qaramay o`g`rilar shu qadar tez harakatlanishadiki, 20 daqiqa ichida «operasiya» tamomlanib, yana vertalyotda g`oyib bo`lishadi. Polisiyachilar barcha kuchlarni qidiruv ishlariga jalb qilishgan bo`lsa-da, bir necha soatdan so`ng Shvesiya shimolida jinoyatchilar yashiringan vertalyotni topishadi, xolos.  O`g`rilarning o`zi esa sirligicha qoladi.

 

    Boshqa yangiliklar