Agar avtomobilingizda yosh bolalarni olib yurishningizga to`g`ri kelsa, unda bu maqola aynan siz uchun. Ushbu sahifamizda maxsus avtoo`rindiqlar va ularni tanlash va o`rnatish qoidalari bilan tanishamiz.
- 12 yoshgacha bo`lgan bolalarni mashinada olib yurganda bolalarni xavf-xatardan himoya qiluvchi moslamalardan foydalanish kerak. Avtoo`rindiqlar ana shunday moslamalar sirasiga kiradi. Avtoo`rindiqlar bola yoshi va tana vazniga nisbatan quyidagicha turlarga bo`linadi:
- Tana vazni 13 kilogrammdan oshmagan bolalar uchun. (1 yoshgacha bo`lgan bolalar)
- Tana vazni 9-18 kg. bo`lgan bolalar uchun ( 1 yoshdan 4 yoshgacha bo`lgan bolalar)
- Tana vazni 9-36 kg. bo`lgan bolalar uchun. (3 yoshdan 12 yoshgacha bo`lgan bolalar.
- Tana vazni 22-36 kg. bo`lgan bolalar uchun. (6 yoshdan 12 yoshgacha bo`lgan bolalar)
Avtoo`rindiq tanlayotganda uning xalqaro standartlarga mos kelishini tekshiring. Mahsulot sifatini kafolatlovchi sertifikatni ko`zdan kechirish ham foydadan xoli emas.
Ikkinchidan avtoo`rindiq tanlashda farzandingizni ham o`zingiz bilan birga olib borganingiz ma`qul. O`rindiq bola uchun har tomonlama qulay bo`lishi kerak. Ayrimlar bolaning o`sishini inobatga olgan holda kattaroq buyum sotib olishga odatlanishgan. Bu odatni avtoo`rindiq sotib olayotganda qo`llamaganingiz ma`qul. Moslama bola tana vazni va yoshiga ayni mos tushishi shart.
Avtoo`rindiqni mashinaning qaeriga o`rnatgan ma`qul?
Bolalar o`rindig`ini mashinaning orqa o`rindig`ining o`rta qismiga o`rnatgan ma`qul. Chunki bu joy bolalar uchun eng xavfsiz joy hisoblanadi. Yosh bolani zinhor haydovchining yoniga o`tqazish mumkin emas. Bu o`ta xatarli.
Yodingizda bo`lsin!
- Bolaga har doim xavfsizlik kamari taqilgan bo`lishi kerak. Hatto tirbandlikda harakatlanayotgan bo`lsangiz ham, yaqin joyga otlangan bo`lsangiz ham.
- Mashina ichida bolani qo`lingizda ko`tarib o`tirish farzandingiz va o`zingizning xavfsizligingizga raxna soladi. Chunki keskin tormoz bosilganda yoki avtomobil boshqa mashinalar bilan to`qnashib ketganda, qo`lingizdagi bola holatini nazorat qila olmay qolishingiz mumkin. Bunday vaziyatlarda bola tana vazni 30 kilogrammgacha og`irlashib ketgandek tuyulishi amalda isbotlangan.
Haydovchilarga muhim eslatmalar!
Avtoulovingizda harakatlanishni boshlashdan avval albatta yo`lda bolalar o`ynamayotgani yoki kesib o`tmayotganiga ishonch hosil qiling. Bunda faqatgina yon oynalarga tayanmasdan, e`tibor bilan yo`lning bolalardan xoli ekanligini tekshirish maqsadga muvofiq.
Yosh bolalar istalgan payti qarshingizdan chiqib qolishi mumkinligi hamisha yodingizda bo`lsin. Ayniqsa ko`p qavatli uylar oldida harakatni boshlayotganda, qayrilayotganda va to`xtashda o`ta hushyor bo`ling! Bolalar bog`chalari, maktablar va maydonchalar oldidan o`tayotganda hushyorligingiz ikki karra oshsin. Chunki, yo`lni bolalar kesib o`tishi mumkin.
Diqqat!
Aholi yashaydigan joylarda, ko`p qavatli binolar oldidagi yo`llarda piyodalar erkin harakatlanishlari belgilangan.
Avtomashinangizni orqaga harakatlantirayotganingizda yon-atrofingizdagilar yordamidan foydalaning.
Jarima to`laysiz, agar...
Yo`l harakati qoidalariga ko`ra haydovchi o`z yonida 13 yoshga to`lmagan bolani olib yurishi ta`qiqlanadi. O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksining 128-1 moddasiga asosan avtotransport vositalarida bolalarni olib yurish qoidalari buzilganida eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solinishiga sabab bo`ladi. Agar xuddi shunday qoidabuzarlik ma`muriy chora qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, eng kam ish haqining bir baravari miqdorida, ikkinchi marta ma`muriy chora qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo`ladi.
Motosikl va velosipeddagi bolalar uchun xavfsizlik qoidalari
Amaldagi “Yo`l harakati qoidalari”ning 27-bandining 27.1 bandiga asosan yo`lda velosiped, aravani boshqarish, hayvonlarni haydab o`tish 14 yoshga to`lgan bolalarga, mopedni boshqarish esa 16 yoshga to`lgan shaxslarga ruxsat etiladi. O`zbekiston Respublikasining “Yo`l harakati qoidalari to`g`risida”gi Qonunning 27-moddasida “motosikllar, motorollerlarni va boshqa mototransport vositalarini boshqarish huquqi o`n olti yoshga to`lgan shaxslarga beriladi” deb belgilab qo`yilgan.
Sevara Nishonova tayyorladi
Maqola O`zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.