AsosiySiyosat

Bugungi senator kabinetda o`tirib ishlashi kerak emas — Narbaeva

'Bugungi senator kabinetda o`tirib ishlashi kerak emas — Narbaeva'ning rasmi

Bugun davom etayotgan Oliy Majlis Senatining vakolati muddatidagi so`nggi — 25-yalpi majlisida Senatning 5 yillik faoliyati sarhisob qilindi. 

Senat Raisi Tanzila Narbaeva o`z nutqida xalq bilan muloqot yo`nalishida amalga oshirilgan ishlar bilan birga, muammoli masalalarga ham to`xtalib o`tdi.

Jumladan, qayd etilishicha, o`tgan vaqt mobaynida Senatning virtual qabulxonasi tashkil etildi. Senatorlar tomonidan joylarda sayyor qabullar tashkil etish yo`lga qo`yildi. Mahaliy Kengashlarda yuzlab muhokamalar tashkil etildi. Hokimlar, sektor rahbarlari va boshqa turli darajadagi mutasaddilarning hisobotlari eshitildi. Ko`plab qarorlar, chora-tadbirlar, “Yo`l xaritalari” qabul qilindi. Ularning ijrosi qat`iy nazoratga olindi va ular bajarilmoqda.

Biroq Senat Raisi bu yo`nalishda muammolar ham yo`q emasligini ta`kidlab, quyidagi savollarni o`rtaga tashladi: 

-       O`tgan davrda xalq bilan muloqot qilish, odamlarning og`irini engil qilish borasida ko`zlagan marralarimizga etdik, deya olamizmi?

-       Oddiy odamlar ushbu jarayonlardan xabardormi? 

-       Fuqarolar parlament a`zolari hududga kelib ularni qiynayotgan masalalarda o`rganishlar va tahlillar o`tkazayotganini biladimi, bilgan taqdirda ham ular bilan yuzma-yuz ko`rishib, o`z muammolarini ro`y-rost ayta olyaptimi? 

-       Umuman, xalqimiz o`zi saylagan deputat yoki senatorlarni taniydimi?

“Afsuski, bunday savollarga to`liq ijobiy javob berish qiyin. Men bu bilan hurmatli senatorlarimizning xalq bilan muloqotdagi faolligi va jonkuyarligini shubha ostiga olmoqchi emasman. 

Bugungi senator kabinetda o`tirib ishlashi kerak emas. U o`ziga yuklatilgan mas`uliyatni to`la anglagan holda tegishli hudud aholisi turmushi bilan bevosita tanishishi, odamlarning dardu tashvishlarini tinglashi, ularga muammolarni hal etishda yaqindan yordam berishi kerak”, dedi Tanzila Narbaeva.

Boshqa yangiliklar