1

Shavkat Mirziyoev Nagoya universitetiga tashrif buyurdi

Siyosat 18.12.2019, 11:26
Shavkat Mirziyoev Nagoya universitetiga tashrif buyurdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasidagi navbatdagi muhim manzil Nagoya universiteti bo`ldi. 

Nagoya universiteti dunyodagi eng nufuzli ilm-fan va ta`lim maskanlaridan, qit`adagi o`nta eng namunali oliy ta`lim dargohlaridan biridir. 

Mazkur universitetda dunyoga mashhur ko`plab olimlar ta`lim olgan va mehnat qilmoqda, bu erdan fizika va kimyo fanlari bo`yicha olti nafar Nobel mukofoti sovrindorlari etishib chiqqan. 

Bugungi kunda universitetda 16 mingdan ziyod talaba tahsil oladi. Shundan 2,6 ming nafari xorijiy mamlakatlar, 30 nafardan ortig`i O`zbekiston yoshlaridir. Hozirga qadar mazkur universitetda 400 dan ortiq o`zbekistonlik talaba va tadqiqotchi ta`lim olgan.

2010 yilda Toshkentda Nagoya universitetining vakolatxonasi ochilgan edi. Bugungi kunda mazkur vakolatxona mamlakatlarimiz oliy o`quv yurtlari uchun ta`lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida ko`prik vazifasini o`tamoqda. Bevosita universitet ishtirokida ikki mamlakatda muntazam o`tkazilayotgan O`zbekiston – Yaponiya talabalar akademik forumi va oliy o`quv yurtlari rektorlarining an`anaviy konferensiyalari ilmiy hayotimizda katta rol o`ynamoqda. 

Davlatimiz rahbari unifersitet faoliyati bilan tanishdi, uning prezidenti Seyichi Masuo bilan uchrashdi. Uchrashuvda qator Nobel mukofoti sovrindorlari va boshqa olimlar ishtirok etdi.

 – Sizning yurtimizga ilmiy hamkorligimizni rivojlantirish borasida qilayotgan katta xizmatlaringizni alohida qadrlaymiz. Ayniqsa, o`tgan yili Nobel mukofoti sovrindori, professor Ryoji Noyori janoblari bilan birgalikda O`zbekistonga tashrifingiz mamlakatimiz ilmiy hayotida muhim voqea bo`ldi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Seyichi Masuoning O`zbekiston ilm-fani rivojiga munosib hissa qo`shib kelayotganini e`tiborga olib, yaqinda Toshkent davlat texnika universiteti ilmiy kengashi uni universitetning faxriy rektori etib sayladi. Shuningdek, O`zbekiston Fanlar akademiyasi professor Noyoriga faxriy akademik unvoni berildi.

Uchrashuvda Prezidentimiz Seyichi Masuo va Ryoji Noyorini ushbu unvonlar bilan tabrikladi.

Uchrashuvda akademik almashinuvlarni faollashtirish hamda hamkorlikning ustuvor yo`nalishlarida qo`shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishga kelishib olindi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1