1

SSV: Donor qarindoshlar ro`yxati kengaytirildi, transplantasiya qiladigan tibbiyot muassasalari ko`paydi

Jamiyat 27.12.2019, 11:21
SSV: Donor qarindoshlar ro`yxati kengaytirildi, transplantasiya qiladigan tibbiyot muassasalari ko`paydi

Avval transplantasiya yordamiga muhtoj bemorlar ro`yxati kengayib borayotgani, bundan tashqari, so`nggi ikki yil davomidagi amaliyot shuni ko`rsatdiki, donor sifatida belgilangan yaqin qarindoshlarning cheklangan doirasi ham amaldagi qonunchilikka o`zgartirish va qo`shimchalar kiritishni taqozo qilayotgani haqida xabar bergan edik.

Joriy yil 25 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholi salomatligini muhofaza qilish yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish, shuningdek, ba`zilarini o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblash to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko`ra, surunkali buyrak va jigar kasalliklarining terminal bosqichlarida bo`lgan holatlarda qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo`lagini transplantasiya qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, yuqori texnologiyali ixtisoslashgan tibbiy yordam ko`rsatish tizimini yanada takomillashtirish va aholi salomatligini muhofaza qilishni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 oktyabrdagi “Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo`lagini transplantasiya qilish tartibi to`g`risidagi Vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga qator o`zgartishlar kiritildi.

Endilikda, tirik qarindosh donorlar- qonunchilik asosida o`zaro birinchi, ikkinchi, uchinchi va to`rtinchi darajada qarindosh bo`lgan shaxslar o`rtasida bo`lishi mumkin. Bunda bolalar ota-onasiga nisbatan birinchi;

Nevara bobosi va buvisiga nisbatan, shuningdek, aka-uka va opa-singillar – ikkinchi;

Evara katta bobosi va katta buvisiga nisbatan, shuningdek, tog`a va amaki, ammo va xola o`z jiyanlari bilan uchinchi;

Tog`avachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar esa to`rtinchi darajadagi qarindosh hisoblanadi. Shunga ko`ra, yuqoridagi hujjatda “Yaqin qarindoshlar” so`zlari “qarindoshlar” so`zlari bilan almashtirildi.

Shuningdek, Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuzilgan nikoh asosida kamida uch yil birgalikda yashagan er-xotinlar va ularning yuqorida ko`rsatib o`tilgan barcha qarindoshlari, shuningdek, o`gay aka-uka va opa-singillar hamda uch yil muddat oldin qonunchilikda belgilangan tartib asosida farzandlikka olingan bolalar (farzandlikka oluvchi ota-onalari bilan o`zaro) tirik qarindosh donorlar bo`lishi mumkin.

Shu bilan birga endilikda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantasiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan qatorda, U.Xolmuratov nomidagi respublika ko`p tarmoqli tibbiyot markazi (Qoraqalpog`iston Respublikasi), Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand hamda Xorazm ko`p tarmoqli tibbiyot markazlari ham transplantasiya amaliyotlarini bajarish vakolatiga ega bo`ldi.

Bundan tashqari, Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlarida buyrak va (yoki) jigar bo`lagi transplantasiyasi amaliyotini o`tkazish uchun resipient (donor bilan) shifoxonaga yotqizish va tibbiy yordamni tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlarida O`zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag`lari hisobiga tibbiy yordam ko`rsatish tartibi to`g`risidagi nizom”ga muvofiq amalga oshirilishi belgilab qo`yildi.

Eslatib o`tamiz, so`nggi ikki yil davomida Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazida 230 dan ortiq buyrak, 6 ta jigar, Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazida esa 68 ta buyrak transplantasiyasi operasiyalari o`tkazilib, jami 300 nafardan ziyod fuqarolarimizning yuqori texnologik operasiyalar uchun xorij davlatlariga borishining oldi olindi, deya xabar beradi Sog`liqni saqlash vazirligiJamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1