AsosiyJamiyat

O`zbekistonda giyohvandlikka qarshi kurash oyligi boshlandi

O`zbekistonda 1 fevraldan 1 martgacha giyohvandlikka qarshi kurash oyligi o`tkazilmoqda, deb xabar beradi Uzreport axborot agentligi.

Oylik davomida butun respublika bo`yicha giyohvandlik moddalarini iste`mol qilish bilan bog`liq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan keng targ`ibot-tashviqot ishlari olib boriladi. O`tkazilayotgan oylikka bag`ishlangan tadbirlardan biri Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida bo`lib o`tdi. Bu tadbirda ta`lim muassasasi talabalariga giyohvandlikning zarari va u olib keluvchi ayanchli oqibatlar haqida film namoyish etildi.

Tadbirda giyohvandlik bu dunyo miqyosidagi jiddiy muammo ekani, ushbu illatga qarshi qat`iy kurash olib borilishi kerakligi va ayni ishda juda katta javobgarlik nafaqat huquqni muhofaza qilish muassasalari xodimlari, balki ota-onalar, o`qituvchilar hamda keng jamoatchilik zimmasiga ham yuklatilishi ta`kidlandi.

“Tadbirni o`tkazishdan asosiy maqsad, yoshlarimizni giyohvand va turli psixotrop moddalar iste`mol qilish qanday xavflarga olib kelishidan xabardor etish hisoblanadi”, deydi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi etakchi mutaxassisi Saodat Jumanova.

Tadbir davomida namoyish qilingan “Adashganlar qismati” hujjatli filmi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu filmning qahramonlari – narkotrafik tarmog`iga jalb qilingan oddiy yosh yigit va qizlar misolida talabalar giyohvandlikning ayanchli oqibatlari haqida ma`lumotlarga ega bo`ldilar.

Tadbir ishtirokchilariga zamonaviy jamiyatning terrorchilik, odam savdosi, giyohvandlik kabi global muammolariga bag`ishlangan qator nutqlar o`qib eshittirildi.

Ma`lumot uchun, bu oylik davomida giyohvand moddalarni tarqatuvchi va bu qabih ishlarga yoshlarni jalb qilayotgan kimsalarni aniqlash bo`yicha maxsus tadbirlar o`tkaziladi. O`tgan yili o`tkazilgan oylikda giyohvandlik bilan bog`liq bo`lgan 385 jinoyat fosh etilgan, 53 kg giyohvand moddalar musodara qilingan.

    Boshqa yangiliklar