Qoraqalpog`iston Davlat universitetini ta`mirlash ishlari davom etmoqda. Bu ishlarni amalga oshirish uchun O`zbekiston Moliya vazirligi huzuridagi Oliy ta`lim muassasalarini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish markazi mablag` ajratadi, deya xabar qilmoqda kun.uz nashri.
Hozirda universitetning bosh o`quv binosi, talabalar uylarini rekonstruksiya qilish, auditoriyalar, San`at saroyi va talabalar oshxonasini kapital ta`mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
“O`quv dargohida nafaqat kapital ta`mir o`tkazildi, balki auditoriyalarimiz texnikaning oxirgi so`zlariga binoan jihozlanmoqda. Fizika-matematika fakultetining xonalarida interaktiv doskalar o`rnatildi. Universitetning tabiatshunoslik va geografiya fakulteti o`quv laboratoriyalari zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi, endilikda bu fakultetda ta`lim oladigan talabalarimiz laboratoriya ishlarini zamonaviy o`lchash va tahlil qilish uskunalarida o`tkazishlari mumkin”, deydi universitet rektori Muratboy Jumanov.
O`tgan oyda universitet hududida ikki qavatli bino qurilishi bitkazilgan, bu erda Orolbo`yi biosalohiyatini o`rganish bo`yicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi joylashadi.
Universitetni rekonstruksiya qilish va ta`mirlash ishlari 2016 yilgacha o`z nihoyasiga etadi.
Ma`lumot uchun, Qoraqalpog`iston Davlat universiteti Markaziy Osiyoning eng yirik oliy ta`lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Ta`lim dargohida iqtisodiyotning qurilish, engil sanoat, transport kabi tez rivojlanayotgan sohalari uchun ilmiy-pedagogik mutaxassislar va muhandislar tayyorlanadi.





