1

Korrupsionerning “shukronalik” to`yi (feleton)

Mutolaa 05.01.2020, 16:24
Teglar: feleton, korrupsiya
Korrupsionerning “shukronalik” to`yi (feleton)

Kimning to`yi qandoq bo`lishini “Taklifnoma”sidan bilsa bo`ladi. Ishxonamga tashlab ketilgan bir “Taklifnoma”ni san`at asari degim keldi. G`oyat yaltiroq qog`ozdan nur taralib turganga o`xshaydi. Demak, to`yi shunga yarasha bo`ladi! 

To`y sohibi Boyto`ra Boyboboev (ism-familiyasini o`zgartirib yozmasak bo`lmadi, ertaga ko`z-ko`zga tushishi bor...) “Shukronalik to`yi”ga taklif etibdi. Manziliga qaradim, shahrimizdagi eng hashamatli to`yxonada bo`lar ekan! 

Katta amaldor va qo`sha-qo`sha restorani, benzin shaxobchalari bo`lgan bu boyvachcha o`tgan yili korrupsiyada ayblanib, uzoq muddatga qamalib ketgani, noqonuniy restoran-u benzin shaxobchalari musodara qilingani haqida vahimali gaplar eshitgandik. Uning nuroniy ota-onasi, bola-chaqalariga achingandim. Bugun “Taklifnoma”sini ko`rib hayron bo`ldim. Bir yilda “qutulib” kelibdimi yo oila a`zolari biror to`yiga uning nomidan taklif qilishdimi?

Savolimga dabdabali to`yga borganda javob topdim. 

To`yxona ostonasida bizga yaxshi tanish Boyto`ra Boyboboev turnaqator bo`lib kirishayotgan aksariyat mehmonlar qo`lidan zarbof to`nlar, naqshinkor gilamlar-u qimmatbaho sovg`alarni ehtirom ila qabul qilib olardi. Har bir mehmon sovg`asini, kimlardir dasta-dasta “to`yona”sini topshirar ekan, “Muborak bo`lsin!”, “Xizmatlar yaxshi bo`ldimi?” deya olqishlar, to`y sohibi viqor bilan “Qulluq, qulluq” deb qo`yardi... 

Sersovg`a, serto`yona mehmonlar orasida kamina g`aribgina ekanligimdan xijolat tortdim. Boyto`ra bilan qandoq so`rashishga ham kalovlanib turgan edim, o`zi menga ko`zi tushishi hamono quchog`ini katta ochgancha o`sha eski “ashula”sini boshlab yuborsa, deng. “E-ha, muxbir – toshotar og`aynimizga salomlar!” 

Qiziq, u qamoqdan kelgan odamga aslo o`xshamas, go`yo fazogirlar qatori o`zga sayyorani kashf etib osmondan tushgandek baxtiyor edi! To`yga tashrif buyurganlarning kayfiyati ham shunga monanddek... 

Yaqin orada bunaqa dabdabali to`yni ko`rmagan edim. O`rtakashdan totib tabrik uchun so`z olganlar uni shu qadar ko`klarga ko`tarib maqtar, olqishlar ediki, naq zamonamiz qahramoniga chiqarib qo`yishardi. 

Ana sizga “zamona zayli”... 

Biz qishloqda boshqacha tarbiya olib ulg`ayganmiz. Hammaning ko`zi ko`ziga tushib yashaydigan qishloqda o`g`ri yoki poraxo`r deya nomi chiqqanlar yashay olmaydi. Yomonotliq, yuziqaro bo`ldimi, yaxshisi, boshqa yoqqa ko`chib ketadi. Chunki, uni ko`rganlar unga nafrat bilan qaraydi, odam soniga qo`shmay qo`yadi. Bolalar esa, qishloqni boshiga ko`tarib “qamoqdan chiqqan bandit!” deb jar solishadi. Hatto, turmush o`rtog`iga “poraxo`rning xotini”, farzandlariga “o`g`rining bolasi” deb ta`na qiladiganlar kam bo`lmaydi... 

Uning uzoqlarga ko`chib ketishdan o`zga chorasi qolmaydi. Tavbasiga tayangan banda bu noma`qulchilikni boshqa qilmaydigan bo`ladi. Qo`nim topgan joyida ham yuzi qora bo`lishini, oilasiga, bola-chaqasiga isnod keltirishni istamaydi.

Qishloqliklarning o`g`ri, poraxo`rlarga nisbatan bunaqa munosabatlari kimlargadir erish tuyular, ularni madaniyatsizlikda ayblashar, biroq, e`tibor bilan qarasangiz – asl jamoatchilik nazorati shu emasmi! Qarang, qandoq samarali nazorat! O`g`rini – o`g`ri, poraxo`rni – poraxo`r bo`lganiga pushaymon qildiradi! Shu tariqa hamma haryoqdan tarbiyalaydi!

Demak, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishda beg`ubor qishloqliklarning ana shu “tajriba”sidan andoza olish maqsadga muvofiq, deb o`ylayman. Har kuni, har qadamda korrupsionerlarni ko`z ochirmasak, biz ham bu borada g`olib qishloqliklarga tenglasharmidik!..

Qaniydi ularning suratlarini kulgili karikaturalar qilib, mahalla-ko`ylariga, ishxonalariga ilib qo`ya olsak! Toki, qishloqda o`g`ri, poraxo`rlar bosh ko`tara olmagani kabi bu korrupsiya botqog`iga botganlar ham bez bo`lib yura olmasa…

Badabang to`yda bir holda o`tirar ekanman, “muxbir – toshotarligim” tutib ketardi. Qaniydi, to`yning o`rtasida peshonasiga tosh ota olsam, ya`ni, mikrafonni shartta qo`limga olsam-u... u yog`ini aytishga tilim, yozishga qo`lim bormaydi... 

Bu ketishda unaqalar qilmishiga pushmon qiladimi? Bil`aks, o`zini qahramondek his etib, battar bo`ladi-ku... Bir kun yana imkon tug`ilgani hamono hech narsa ko`rmagandek xarom-xarish ishlarini davom ettiraveradi.

Demak, bunga o`zimiz aybdor. Poraxo`r maqtanib qilayotgan “Shukronalik to`yi”ga borish – jinoyatiga sherik bo`lish bilan barobar-ku. 

Bu fikrlarimizni o`qiganlar, “xato qilgan bo`lsa, jazosini oldi, shu etadi”, deb xomtama bo`lishadi. Xo`sh, jazosini olganiga yarasha tavba-tazarru qildimi? Boshqa shunday jinoyatga qo`l urmasligiga ishonasizmi?

Korrupsiyaga qarshi kurashishda oqko`ngil va dono xalqimiz g`oyat samarali kurash usulini yaratib qo`ygan. Ya`ni, yuqorida qayd etganimdek, qishloq ahlining “o`g`ri, poraxo`r!” deb turishi, ulardan yuz o`girishi – eng samarali kurash usulidir. Undan andoza olib korrupsiya botqog`iga botgan poraxo`rlar haqida biz ham teleko`rsatuvlarimiz, radioeshittirishlarimiz, gazetalarimiz orqali muttasil bong urib turishimiz maqsadga muvofiqdir.

Soddadil qishloqliklar “ana, o`g`ri, poraxo`r!” deganlariga o`xshatib biz ham shunaqalarni ko`rganda “korrupsioner!” deya izza qilsak, balki ko`zi ochilar. Toki, bunday manfur kimsalar mahallalarimizda bosh ko`tarib yura olmasa, oilasi oldida ham yuzi shuvit bo`lib, qaddi bukilsa, to`g`ri yo`lga kirarmikin?..

Xo`sh, Siz bunga nima deysiz?

To`lqin EShBEK

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1