AsosiyJamiyat

SSV bolaga yordam bermoqchi bo`lgan hamshiraning kaltaklangani yuzasidan izoh berdi

'SSV bolaga yordam bermoqchi bo`lgan hamshiraning kaltaklangani yuzasidan izoh berdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayol kishining hamshirani do`pposlagani aks etgan videoxabar Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan atroflicha o`rganilib, qo`yidagilarni ma`lum qiladi.

2020 yil 5 yanvar soat 19.00 atrofida Surxondaryo viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazining qabul bo`limiga 2017 yil tug`ilgan bemor F.M.ning tana harorati yuqori ekanidan shikoyat qilib, amakisi hamda buvisi tomonidan murojaat qilinadi.

Qabul bo`limi hamshirasi S.B. birinchi yordam ko`rsatish maqsadida bemorning tana haroratini o`lchaydi. Tana harorati yuqori ekanini aniqlagan hamshira haroratni tushirish maqsadida parasetamol shamchasini qo`yish uchun bemorni muolaja xonasiga olib kirishni ko`rsatadi. Shunda to`satdan bemorning buvisi sababsiz hamshiraning shaxsiyatiga tegadigan haqorat so`zlar bilan baqirib, uni kaltaklaydi.

Shunga qaramay, qabul bo`limida navbatchi shifokor A.N. tomonidan bemor F.M.ga birinchi yordam ko`rsatilgan va “O`tkir respirator kasalligi” tashxisi bilan stasionar davolanishga yotqizilgan.

Bolaning amakisi, buvisi va qarindoshlari tomonidan kaltaklagan hamshira S.B. “Bosh miya chayqalishi, chap chakka sohasi yumshoq to`qimalarining ezilishi” tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali travmatologiya bo`limiga yotqizilgan. Bemorning ahvoli tajribali shifokorlar tomonidan nazoratga olingan bo`lib, malakali tibbiy yordam ko`rsatilmoqda.

Ushbu holat yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi va viloyat prokuraturasiga murojaat qilingan. Mazkur vaziyat Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.

Shu o`rinda ta`kidlash joizki, so`nggi paytlarda bemorlarning qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holatlari ko`p kuzatilayotgani, ayniqsa, bu holatga xotin-qizlarimizning ham aralashayotgani achinarli holdir.

– Biz bu kasbni kaltaklanish, xo`rlanish uchun tanlamaganmiz, – deydi kaltaklangan hamshiraning turmush o`rtog`i, tibbiyot xodimi Xolmo`min Eshdavlatov. – Bu voqea oilamizga, to`rt nafar farzandimizning ruhiyatiga qattiq ta`sir qildi. Shifokorlarga nisbatan qilinayotgan tajovuzlar qachongacha davom etishi mumkin? O`z xizmat vazifasini tun-u kun bajarayotgan tibbiyot xodimining xavfsizligi qachon ta`minlanadi? Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan turmush o`rtog`imga qo`l ko`targanlarga nisbatan keskin jazo choralarini ko`rishlarini talab qilaman.

Darhaqiqat, tibbiyot xodimlarini himoyalash borasida qonunchilikni kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini kengaytirish, aholida tibbiy xizmatdan foydalanish va shifokorlarga nisbatan muomala madaniyatini oshirishga jiddiy e`tibor qaratishni davrning o`zi talab qilmoqda.

    Boshqa yangiliklar