AsosiyJamiyat

Saylov natijalari: ayollarning jamiyatdagi o`rni va mavqei yanada oshib borayotganligini ko`rsatmoqda

'Saylov natijalari: ayollarning jamiyatdagi o`rni  va mavqei  yanada oshib borayotganligini ko`rsatmoqda'ning rasmi

Yaqinda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga saylovlar o`tkazildi. Mamlakatimiz kelajagi, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning sur`ati va davomiyligi, ichki va tashqi siyosat,  yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirish saylangan deputatlarning sa`yi-harakatlariga bog`liq.

Rasmiy ma`lumotga ko`ra, bo`lib o`tgan saylovlarda fuqarolar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatlari saylandi, ularning 48 nafari ayollardir.

Shuningdek, 831 nafar viloyat va Jo`qorg`i Kenges deputatlari hamda 5 ming 738 nafar shahar va tuman deputatlari fuqarolar tomonidan saylandilar. O`zbekiston bo`yicha jami 6 ming 719 nafar deputatlar o`z faoliyatini boshladi.Ularning ham ko`pchiligini ayollar tashkil etadi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar o`rtasida tenglikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, qator qonun hujjatlari qabul qilindi.

Xususan,Davlatimiz rahbarining tashabbusiga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yangi tuzilma – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo`yicha qo`mitaning tashkil etilganligi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to`g`risida”gi, shuningdek, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida”gi qonunlarning qabul qilinganligi ayollarning jamiyatdagi o`rni va nufuzini yanada oshirish, xotin-qizlar va erkaklar o`rtasida huquqiy tenglikni mustahkamlashning yuksak namunasidir.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini ta`minlash, salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri sifatida belgilanib, bu borada keng ko`lamli ishlar amalga oshirilayotganini barchamiz ko`rib turibmiz. Bugungi kunda barcha sohalarda ayollarimiz erkaklar bilan yonma-yon turib, mamlakatimizning ertangi kuni uchun xizmat qilmoqda. 

Ichki ishlar organlarida xotin-qizlar o`rtasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi ham takomillashib bormoqda. Jumladan, Davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan xotin-qizlar o`rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishini barvaqt oldini olish, jinoyat sodir etgan xotin-qizlarning muammolarini o`rganish va ularni bartaraf etishga ko`maklashish, ruhan qo`llab-quvvatlash maqsadida hududiy ichki ishlar organlarida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo`yicha inspektor lavozimi joriy etildi.

O`tgan 2019 yilda mazkur lavozimda faoliyat ko`rsatayotgan xodimalarga xizmat vazifalarining mazmun-mohiyati hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini tushuntirilib, ularning malakasini oshirish bo`yicha seminar-treninglar o`tkazildi. 

Darhaqiqat, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, qonuniy manfaatlarini ta`minlash, qobiliyat va salohiyatini ro`yobga chiqarish, oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilgan ko`plab chora-tadbirlarni amalga oshirishda o`zimizning hissamizni qo`shishimiz, eng avvalo har birimiz jarayonlarning kuzatuvchisi emas, balki faol va tashabbuskor ishtirokchisi bo`lmog`imiz lozim.

Ayniqsa, ayollarga yarashmaydigan salbiy illatlar, ya`ni, xotin-qizlar o`rtasida huquqbuzarliklar, jumladan, jinoyatchilik, odam savdosi, oilaviy ajrimlar, erta nikohlarning, o`z joniga qasd qilish holatlarining oldini olishimiz buning uchun xalqimiz orasiga kirib ular bilan samarali muloqot o`rnatishimiz, aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etish yo`llari izlamog`imiz darkor.

Xotin-qizlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olishimiz, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan birgalikda ularning maishiy va boshqa muammoli masalalarini hal etishga ko`maklashishimiz, xotin-qizlarning huquqbuzarlik jabrlanuvchisiga aylanishlariga yo`l qo`ymaslikka qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz lozim.

 Xulosa qilib aytganda, ayol har qanday e`zoz va ehtiromga munosib zot. Shu bois ayolni, onani e`zozlagan yurtning qudrati ortib boraveradi, kelajagi buyuk va nurafshon bo`ladi. 

Shahnoza Vahobova, podpolkovnik, O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti bo`lim boshlig`i. 

 

    Boshqa yangiliklar