AsosiyDunyo

General Sulaymoniyning dafn marosimi vaqtida 35 kishi halok bo`ldi

'General Sulaymoniyning dafn marosimi vaqtida 35 kishi halok bo`ldi'ning rasmi

Eronda general Qosim Sulaymoniyni dafn etish marosimi vaqtida yuzaga kelgan tiqilinchlar oqibatida 35 ga yaqin odam halok bo`ldi va 48 kishi jarohatlandi. Bu haqda Eron davlat televideniesiga asoslanib Associated Press xabar berdi.

Marhum generalning ona shahri Kirmondagi dafn marosimiga millionlab kishilar tashrif buyurgan.

«Afsuski, Kirmondagi dafn marosimi ishtirokchilari orasida tiqilinch hosil bo`lishi oqibatida halok bo`lganlar, jabrlanganlar borligi ma`lum bo`ldi. Ularni tibbiy markazlarga olib borishdi», - deydi shahar tez tibbiy yordam xizmati rahbari.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ning «Al-Quds» maxsus bo`linmasi qo`mondoni bo`lgan general Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Iroqning Bag`dod shahrida amerikalik harbiylar bergan aviazarba natijasida halok bo`lgandi. O`tgan kunlar mobaynida uning jasadi Ahvaz, Qum va Tehron shaharlari bo`ylab aylantirildi va bugun Eron janubi-sharqida joylashgan Kirmon shahriga keltirildi.

Ayni paytda Eronning ko`plab shaharlarida marhum generalni xotirlash marosimlari o`tkazilmoqda, shu bilan bir vaqtda AQShga qarshi namoyishlar bo`lib o`tmoqda. Sulaymoniyning portretlarini ko`tarib ko`chaga chiqqan namoyishchilar «Amerikaga o`lim» va «Isroilga o`lim» shiorlarini hayqirishmoqda.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo`mondoni general-mayor Husayn Salomiy Kirmondagi dafn marosimi chog`ida Sulaymoniyning o`limiga javob sifatida «Qo`shma shtatlarni sevgan barchaga o`t qo`yish» bilan tahdid qildi.

Seshanba kuni Eron parlamenti bir ovozdan Amerika armiyasi va Pentagonni terrorchi tashkilotlarga tenglashtiruvchi qonun loyihasini qabul qildi.

Eron oliy milliy xavfsizlik kengashi Qosim Sulaymoniyning o`ldirilishi uchun AQShdan qasos olishning 13 xil variantini tayyorlamoqda.

AQSh hukumati Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarifga viza berishdan bosh tortdi. Vazir BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan 9 yanvar kuni Nyu-Yorkda o`tkaziladigan yig`ilishda ishtirok etmoqchi edi. 

Sulaymoniyning qizi esa AQSh va Isroil uchun «qora kunlar» kelganini ma`lum qilmoqda..

Boshqa yangiliklar