Shu kunlarda yurtimiz bo`ylab Muhtaram Prezidentimizning 2019 yil 13 dekabrdagi "O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko`rish va o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida"gi Farmoyishlariga asosan “Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati!” shiori ostida turli ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar, uchrashuvlar bo`lib o`tmoqda.
Davlat bojxona qo`mitasida ham Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi bilan hamkorlikda “Vatanimga tayanchman” mavzusida vatanparvarlik soati o`tkazildi.
Davlat bojxona qo`mitasi Raisi M.Azimov dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, o`z oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iborat ekanligini ta`kidladi. Shuningdek, Vatanimizning iqtisodiy xavfsizligi yo`lida jon fido qilgan bojxonachilarni yodga oldi.
Vatanparvarlik soatida Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi rahbari, shoir Minxojidin Mirzo hamda O`zbekiston xalq artisti, Muqimiy nomidagi O`zbekiston davlat musiqali teatri direktori Mirza Azizov ishtirok etib, davlat bojxona xizmati organlarining mamlakatimizni, xususan uning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishdagi, iqtisodiy xavfsizligini ta`minlashdagi rolini hayotiy misollarda e`tirof qildi.
Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi tomonidan Bojxona qo`mitasi kutubxonasi uchun kitoblar jamlanmasi sovg`a qilindi.
Darhaqiqat, barcha sohalarda bo`lgani kabi, so`nggi yillarda davlat bojxona xizmati organlarida ham o`ziga xos tub burilish, yangilanishlar davri kechmoqda.
Jumladan, 2018 yil 18 oktyabrda O`zbekiston Respublikasining “Davlat bojxona xizmati to`g`risi”dagi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Qonunning 6-moddasida bojxona organlari huquqni muhofaza qiluvchi organ sifatida belgilab qo`yildi. Shunday ekan, bojxona xodimlarining harbiy kiyim-boshi ularga yuksak mas`uliyat va sharaf ham yuklaydi.
Bugun mamlakatimizda iqtisodiyotni, tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes muhitini yanada yaxshilash yo`lida shiddatli islohotlar amalga oshirilyapti.
Bu islohotlarda davlat bojxona xizmati organlarining ishtirokini jamoatchilik ko`rib, kuzatib turibdi. So`nggi yillarda sohada bir qator aniq amaliy ishlarga qo`l urildi-ki, tadbirkorlar ilgari buni tasavuvur ham qila olmas edi. Bojxonachilar bugun tadbirkorlarning hamkori, yordamchisi sifatida yangicha qiyofada, yangi imidjda namoyon bo`lmoqda.
Eng muhimi esa olib borilayotgan islohotlar samarasi o`laroq, bojxonada tadbirkorlarning ham vaqti, ham naqdi tejalishiga erishilmoqda. Masalan, tovarlarni eksport qilishda bojxona yuk deklarasiyalarini rasmiylashtirishga 2018 yilda o`rtacha 2 soat 49 daqiqa sarflangan bo`lsa, 2019 yilda bu ko`rsatkich 3 barobarga qisqarib, o`rtacha 50 daqiqani tashkil qildi.
Bugun O`zbekiston dunyoga yuz ochmoqda. Yaqin qo`shni va olis mamlakatlar bilan olib borilayotgan faol do`stona hamkorlik bojxona sohasida ham o`z ifodasini topmoqda. Ahamiyat bering, 2018 yilda chegara-bojxona postlari orqali 40 mln. 336 ming nafar yo`lovchilar harakatlangan bo`lsa, 2019 yilda bu ko`rsatkich 42 mln. 600 ming nafarga yaqinlashdi. Chegara bojxona postlari orqali 2018 yilda 1 mln. 745 mingta avtotransport vositalari harakatlangan bo`lsa, o`tgan yilda bu raqam 2.5 mlndan oshib ketdi.
Quvonarlisi shundaki, sohada erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolmasdan, aksincha yangi zamonaviy va innovasiion loyihalar ustida ishlar qizg`in davom ettirilmoqda.
2020 yilning 1 yanvaridan e`tiboran “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi muddatidan avval ishga tushirildi. Mazkur tizim ham tashqi iqtisodiy faoliyat, tovarlar eksporti va importi bilan shug`ullaayotgan tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik! Endi ular o`z idoralaridan chiqmasdan turib, internet orqali tegishli hujjatlar va sertifikatlarni olishlari mumkin. Eng muhimi bu tizim bojxona tartibotlarining shaffofligi va tezkorligini ta`minlashga xizmat qiladi.
Tabiiyki, erishilayotgan natijalar, hozirda amalga oshirilayotgan yangi-yangi loyihalarning zamirida bojxonachilarning nafaqat mashaqqatli mehnati, sharafli xizmati, balki Ona-Vatanga bo`lgan yuksak muhabbati mujassamdir.
Shu boisdan ham,tizimda xizmat olib borayotgan barcha bojxona xodimlarini haqiqiy Vatan himoyachilari sifatida e`tirof etishga haqlimiz.
Tadbirda ijodkor bojxona xodimlari Vatan haqida o`zlarining qalamiga mansub she`rlaridan o`qishdi.
Shuningdek, bojxona xodimlarining faoliyatini badiiy asarlarda aks ettirish, bugungi bojxonachi qahramonini kino va teatr sahnalarida gavdalantirish yuzasidan bildirilgan taklif va tashabbuslar qo`llab-quvvatlandi.
Davlat Bojxona qo`mitasi Axborot xizmati